Все Кредиты
“The Investor” xalqaro nashrida bankni transformatsiya qilish jarayonida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda muassasani xususiylashtirishga tayyorlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida tahliliy maqola chop etildi.
Maʼlumki, 2018-yilda boshlangan Oʻzsanoatqurilishbank tizimidagi transformatsiya jarayonlariga Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) ekspertlari jalb qilingan.
Bugungi kunda transformatsiya ishlarining uchinchi bosqichi oʻz yakuniga yetkazildi. Birinchi bosqichda bank faoliyati diagnostikadan oʻtkazilib, transformatsiya dasturi ishlab chiqilgan boʻlsa, keyingi bosqichlarda tizimning 16 ta yoʻnalishi boʻyicha ishlar tashkil qilindi. Shundan korporativ boshqaruv, risk menejmenti, gʻaznachilik, HR sohasi, kredit jarayonlari, tarmoqlar bilan ishlash, operatsion blok, loyiha boshqaruvi, korporativ strategiya, kredit qarzdorliklari bilan ishlash kabi yoʻnalishlarni jahon moliya bozoriga integratsiya qilish ishlari yakunlandi.
Bankni xususiylashtirish borasida XMK va YETTBdan tashqari Osiyo taraqqiyot banki ham ishtirokchi strategik investorlar sifatida belgilangan.
“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv raisi muallifligida chop etilgan maqolada, shuningdek, bankning istiqboldagi rejalari haqida ham soʻz borgan.
Maʼlumot uchun. “The Investor” jurnali 50ga yaqin mamlakatda investorlar uchun jahon iqtisodiy hamjamiyatida rivojlanayotgan subyektlar, tarmoqlar va tendensiyalar haqida soʻnggi maʼlumotlarni taqdim etuvchi “Beyond investments group” kompaniyasi nashri hisoblanadi.
Nashr oʻquvchilarining 76 foizi yirik ishbilarmonlar va ziyolilardir.