AKT taraqqiyoti O‘zsanoatqurilishbank raqobatdoshligini oshirishda muhim vosita
30.04.2021 10:08
Joriy yilning 29 aprel' kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida O‘zsanoatqurilishbankda biznes jarayonlarga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy qilish istiqbollariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv raisi Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Behzod Bozorov ushbu yo‘nalishida o‘tgan bir yilda amalga oshirilgan ishlar, joriy yilga mo‘ljallangan rejalar xususida axborot berdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda moliyaviy sektorni izchil isloh qilishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, ilg‘or bank biznesini yo‘lga qo‘yish hamda ushbu sektorda raqobat muhitini kuchaytirishga qaratilgan zarur huquqiy shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 12 maydagi “2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ana shunday muhim hujjatlardan biridir. Farmon asosida ishlab chiqilgan strategiya va “Yo‘l xaritasi” banklar uchun muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Farmonda, xususan, bank tizimiga zamonaviy servis yechimlari asosida axborot va moliyaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda inson omili ta'sirini kamaytirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar ko‘rish alohida qayd etilgan.
O‘zsanoatqurilishbank tizimida farmonda ko‘rsatilganidek, yangi “raqamli banking” tamoyillari asosida biznes-model joriy qilinib, unga ko‘ra bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirilmoqda.
Brifingda o‘tgan bir yilda Bank tizimida biznes jarayonlarga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy qilish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, joriy yilga mo‘ljallangan rejalar xususida axborot berildi.
– Barchangizga ma'lumki, koronavirus pandemiyasi sharoitida onlayn xizmatlarga bo‘lgan talab oshib ketdi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv raisi Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Behzod Bozorov. – Ana shunday sharoitda Bankimiz tomonidan 2020 yilning may oyida JOYDA mobil ilovasining ishga tushirilgani xalqimizning ham vaqtini, ham mablag‘ini tejash barobarida, sog‘lig‘ini asrashda ham muhim omil bo‘ldi. O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib onlayn kredit xizmatlar va marketpleysni o‘z ichiga olgan ushbu mobil ilova mijozlarga masofadan turib ham bank xizmatlari, ham mahsulotlarni muddatli to‘lov asosida xarid qilish imkoniyatini taqdim etdi. Bu esa mobil ilovaning qisqa fursatda aholi o‘rtasida ommalashuvini ta'minladi.
JOYDA mobil ilovasining ishlay boshlaganiga ko‘p o‘tmagan bo‘lsa-da, bugungi kunga kelib platformadan foydalanuvchilar soni 340 ming kishiga yetdi. Plastik kartaga o‘tkazmalar 540 mlrd. so‘mni tashkil etdi, 650 mlrd. so‘mlik onlayn kreditlar rasmiylashtirildi, qariyb 95 mlrd. so‘mlik 1 500 dan ortiq omonat hisobvarag‘i ochildi, 5 600 ta karta muomalaga chiqarilib, egalariga yetkazib berildi. Platforma tadbirkorlarimiz uchun ham qulay savdo maydonchasiga aylandi. Jumladan, hozirgi paytda 100 dan ortiq savdo-servis korxonasi va ishlab chiqaruvchilar onlayn savdoga jalb qilingan. Ular tomonidan 15 mingta mahsulot joylashtirilib, umumiy qiymati 21,3 mlrd. so‘mga teng qariyb 5 mingta tovar sotildi.
Platforma, shuningdek, yetkazib berish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan tadbirkorlar va sug‘urta kompaniyalariga ham xizmat ko‘rsatish ko‘lamini oshirishlariga qo‘shimcha imkoniyatlar bermoqda.
Bugungi kunda Bank mijozlar xohish-istagidan kelib chiqib, mazkur mobil ilovaning veb talqinini ishga tushirish arafasida turibdi. Bank, aholi va tadbirkorlik sub'ektlarini bir joyda birlashtirgan JOYDA ilovasidan tez orada komp'yuter qurilmalari orqali ham foydalanish mumkin bo‘ladi.
Shu kunlarga rejalashtirilgan yangiliklardan yana biri – masofadan turgan holda, JOYDA ilovasi orqali bank xizmatlariga navbatga turish xizmatini joriy qilishdan iborat. Bu yechim ham bugungi shiddatli zamonda mijozlarga vaqtdan yutish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.
Bundan tashqari, Bank tomonidan axborot tizimidagi mavjud prosessing dasturiy ta'minoti (PDT) o‘rniga Open Way PDTni ishga tushirish ustida ish olib borilmoqda.
Ushbu loyiha doirasida Visa, Mastercard, UnionPay kabi xalqaro plastik kartalarni emissiya qilish, ularga xizmat ko‘rsatish, shu bilan birga JCB kartalariga ekvayring xizmatini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur xalqaro kartalar asosida mijozlar o‘tkazmalarni bajarishi, karta aylanmasini onlayn kuzatib borishi, limitlar hamda cheklovlar o‘rnatishi va boshqarishi, kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirishi, pin kodni almashtirishi, E-PIN-mijoz tizimi tomonidan mustaqil ravishda pin kodni shakllantirishi, internet to‘lovlarini bajarishi, savdo tashkilotlariga elektron tijorat faoliyatini amalga oshirish singari xizmatlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Shu bilan birga, mazkur tizimni takomillashtirish natijasida virtual kredit kartalar, mul'tivalyutali kartalarni muomalaga chiqarish ham ko‘zda tutilgan.
Brifingda joriy yilda Bank tomonidan CRM tizimi hamda kredit konveyeri joriy qilinishi aytib o‘tildi.
PEGA SYSTEMS platformasida amalga oshiriladigan ushbu tizim mijozlarni jalb qilish va ular bilan munosabatlarni boshqarish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishda qo‘l keladi. CRM tizimini joriy qilishda mijozlar tasniflanadi. Salohiyatli mijozlar bazasi yaratiladi. Har bir mijoz haqida ma'lumotlar bazasi shakllantiriladi. Xodimlarning ishi optimallashtirilib, nazoratga olinadi. Vazifalar amalga oshirish vaqtlarini inobatga olgan holda rejalashtiriladi. Bunda vaqtni belgilash statik yoki ma'lum bir hodisaga nisbatan belgilanadi. Muntazam takrorlanadigan jarayonlarni avtomatlashtirish orqali vaqtni tejashga va xodimlar mehnati samaradorligini oshirishga erishiladi. Ichki va tashqi ma'lumotlardan unumli foydalanish natijasida barcha mahsulotlarni sotish uchun yagona oyna, call-center, customer view 360 (mijozlarning to‘liq ma'lumotini ko‘ra olish), mijozlar bilan munosabatlar, segmentasiya, hujjatlarni saqlash uchun alohida baza yaratiladi.
Kredit konveyeri xizmatining joriy qilinishi bilan kredit mahsulotlarini sotish jarayonining samaradorligi oshiriladi. Mijozning kreditga layoqatliligini avtomat hisoblovchi skoring va reyting tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Kredit arizasini ko‘rib chiqishning har bir bosqichi davomiyligini kuzatish, jarayonning barcha ishtirokchilari uchun KPI belgilash va kuzatish, umuman, kredit mahsulotini sotishni boshqarish hamda jarayonning maksimal shaffofligi ta'minlanadi.
Qayd etilishicha, ayni paytda Bank tizimida barqaror daromad manbalarini aniqlash, moliyaviy nazoratni kuchaytirish maqsadida “Byudjetlashtirish” dasturiy majmuasini joriy etish ishlari ham olib borilmoqda. Germaniyaning SAP dasturi asosida amalga oshirilayotgan 15 bosqichli ushbu loyihaning shu kunga qadar 9 ta bosqichidagi ishlar muvaffaqiyatli yakunlandi. Loyihani joriy etish Bank moliyaviy strategiyasini rivojlantirish va resurs bazasini mustahkamlash bilan bir qatorda mijozlarga qulaylik yaratishda ham ko‘p imkoniyatlar beradi. Xususan, bank mahsulotlari va xizmatlarining haqiqiy qiymatini aniqlash, mijozga yo‘naltirilgan shaffof bank mahsulotlari yaratilishini qo‘llab-quvvatlash, bank mahsulotlari tannarxini pasaytirish hamda kam rentabelli bank mahsulotlarini aniqlash va ularni rivojlantirish yo‘nalishlarini belgilashning optimal yo‘li yuzaga keladi.
– Umuman, 2021 yilgi ustuvor vazifalarimiz ko‘lami keng, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv raisi Axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Behzod Bozorov. – Joriy yilda operasion yo‘qotishlar va kredit tavakkalchiliklarini pasaytirish imkonini beruvchi skoring modeli rivojlantiriladi, elektron savdo maydonchasi kengaytiriladi (2021 yilda yangi 500 ta, 2022 yilda – 1000 ta savdo-servis korxonalar va ishlab chiqaruvchilarni jalb qilish, mahsulotlar turini 1 mln.gacha yetkazish ko‘zda tutilgan), WAY4 karta prosessingi bilan integratsiyalashuv loyihasi joriy etiladi, elektron savdo maydonchasi orqali ipoteka kreditlarini ajratish yo‘lga qo‘yilib, mijozlarga bank ofislariga bormasdan 20 yil muddatga bank kreditini rasmiylashtirish va qurilish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga o‘z xaridorlari uchun tayyor yechimlar taklif etish imkoniyati beriladi.
Shuningdek, savdo-servis korxonalari va ishlab chiqaruvchilar hududida “Smart ofis”lar tashkil etiladi. Bu yerda tach-skrin ekranlar va kartomatlar yordamida bank mahsulotlari va xizmatlaridan foydalanish mumkin bo‘ladi. Masalan, mijoz yangi bank kartasini “Smart ofis” hududida 10 daqiqada olish imkoniga ega bo‘ladi.
“090 kartasi” loyihasi amalga oshiriladi. Iste'molchiga kreditlarni 90 kunga “nol'” foizlarda olish imkoniyati yaratiladi. Bu esa iste'molchilar talabini ortishining hisobiga savdo-servis korxonalari va ishlab chiqaruvchilar savdosini 20 foizgacha oshiradi.
Bank tomonidan o‘zini-o‘zi indentifikasiyalash tizimini rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Ma'lum qilinishicha, masofaviy identifikasiyalash mexanizmining amaliyotga tatbiq etilishi natijasida bankda masofadan ko‘rsatiladigan xizmatlar sonini oshirish imkoniyati yanada kengayadi. Identifikasiyalashni biometriya asosida rivojlantirish yo‘nalishida esa FaceID va FingerID yordamida aniqlashni yo‘lga qo‘yish operasion tavakkalchiliklarni pasaytirish imkonini beradi.
Muxtasar aytganda, O‘zsanoatqurilishbankda biznes jarayonlarga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini tatbiq etish ko‘lami nihoyatda keng bo‘lib, mazkur chora-tadbirlar Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda olib borilayotgan Bankni transformasiya qilish dasturining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.
Transformasiya jarayonlaridan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri esa, Bank tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning mijozga yo‘naltirilganini ta'minlash hamda aholi va tadbirkorlik sub'ektlari uchun eng qulay bank xizmatlari ko‘rsatilishiga erishishdan iboratdir.
Bank Axborot xizmati
1049
Другие новости