Все Кредиты
Joriy yilning 12 iyul kuni poytaxtimizdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida mamlakatimizda qurilish materiallarini ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan biznes-forum boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Oʻzsanoatqurilishbank hamda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda shu yil 9-iyunda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi muhokama etildi. Soʻnggi yillarda yurtimizda hududlarni kompleks rivojlantirish, shahar va tumanlarda yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, shu jumladan, qurilish materiallari ishlab chiqarishni ragʻbatlantirish hisobiga aholi bandligi hamda mahalliy mahsulotlar turi va hajmini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada, soʻnggi toʻrt yil ichida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 23 foizga, shu jumladan, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sanoatning hududlarda jadal rivojlanayotgan tarmoqlari 1,3 barobardan koʻproq oʻsdi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining yuqoridagi farmonida qayd etilganidek, tarmoqda islohotlar kutilgan samarani bermayapti, ayniqsa, qurilish industriyasini rivojlantirishda hududlarning sanoat salohiyatidan toʻliq foydalanilmayapti. Biznes-forum ishida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Aziz Voitov farmonga koʻra, mahalliy sanoat tarmoqlarini va qurilish materiallari ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishga koʻmaklashishga qaratilgan yangi yaxlit tizim joriy etilayotgani, buning uchun «Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi huzurida Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengash tashkil qilingani hamda mazkur tarmoqda loyihalarni amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlariga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan qator imziyozlar berilayotganini taʼkidladi. Farmonga binoan “Oʻzsanoatqurilishbank”ATB Boshqaruv raisi S.Annaklichev bir paytning oʻzida Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengash raisi vazifasini ham bajarishi belgilandi. Shu bois Bank rahbariyati tomonidan sohadagi islohotlarni jadallashtirishga koʻmaklashish maqsadida yanada faol ishlar olib borilmoqda. Bank Bosh ofisida maxsus departament, mintaqaviy filiallarda konsalting markazlari tashkil qilinib, ularga malakali menejerlar jalb qilindi. Hozirda ushbu menejerlar qurilish materiallari sohasida ish boshlamoqchi boʻlgan kichik va oʻrta biznes subyektlariga standart loyihalar, biznes rejalar va loyihalarning texnik-iqtisodiy ahamiyatini ishlab chiqishda, shuningdek kredit olishda bevosita koʻmaklashmoqda. Endilikda markazlarda axborotlashtirilgan bazalar tashkil qilinadi. Ularda hududlardagi foydali qazilma konlari, mahsulotlarning bozorlardagi tannarxlari, zarur texnologik uskunalar hamda tashkil etiladigan oʻquv kurslari boʻyicha maʼlumotlar berib borilishi koʻzda tutildi. Tadbirda “Oʻzsanoatqurilishbank”ATB Boshqaruv raisi – Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengash raisi Saxi Annaklichev soʻz olib, bugungi kunda BCG kompaniyasi ekspertlari bilan sohani xorijiy tajribalar asosida rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish ustida ish olib borilayotganini maʼlum qildi. Bunda klaster tizimini amaldagi developer kompaniyalari orqali tashkil qilish moʻljallangani taʼkidlandi.
– 5 mlrd. dollarlik loyihalar portfeli boʻyicha maʼlumotlar korxonalar va tumanbay shakllantirilgan holda yagona bazaviy platformaga kiritiladi, – deydi “Oʻzsanoatqurilishbank”ATB Boshqaruv raisi – Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengash raisi S.Annaklichev. – Mazkur tizim tegishli vazirlik va idoralarga belgilangan chora-tadbirlar ijrosini onlayn rejimda kuzatib borish imkonini beradi. Bu borada umumiy monitoring bankning konsalting kompaniyasi hamda bank filiallarida tashkil etilgan konsalting markazlari tomonidan yuritiladi. Biznes-forumda farmon asosida Oʻzsanoatqurilishbankka Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan 200 mln. AQSH dollari miqdorida mablagʻ ajratish boʻyicha kelishuvlar amalga oshirilayotgani, Bank tomonidan 300 mln. dollarlik yevroobligatsiyalarni muomalaga chiqarish ishlari olib borilayotgani aytib oʻtildi. Bundan tashqari, Bank tomonidan “Oʻzstandart” agentligi bilan qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tumanlarda zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, korxonalarning rahbar va xodimlarini xalqaro sifat talablari hamda standartlariga oʻrgatish tizimini yaratish boʻyicha hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. “OʻzqurilishmaterialLITI” MCHJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi bilan birgalikda yetakchi xorijiy oliygohlarini jalb qilgan holda, qurilish materiallari sohasi uchun malakali va zarur koʻnikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash yoʻlga qoʻyilmoqda. Xususan, Toshkent kimyo texnologiya institutida Germaniya va Rossiyaning nufuzli universitetlari bilan birga 5 ta yangi yoʻnalishda oʻqishni tashkil etish hamda Toshkent arxitektura va qurilish instituti bilan birgalikda Turkiyaning ixtisoslashgan oliygohlarini jalb etgan holda muhandis va texnologlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tegishli vazirliklar bilan ishlar amalga oshirilmoqda. Biznes-forumda, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan tumanlarda loyihalarni oʻrganish boʻyicha jalb qilingan ishchi guruhning sohani rivojlantirishdagi mavjud muammolar boʻyicha bergan xulosalari muhokama qilindi. Tizimli va idoralararo kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq vazfalalar belgilab olindi. Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar, muhandis-quruvchilar hamda developerlar ishtirok etdi. Ular oʻrtasida tarmoqlar va hududlarning sanoat salohiyatini oshirish maqsadida tartibga solish muhiti va standartlarni takomillashtirish, zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda mahalliy sanoat korxonalari uchun professional kadrlar tayyorlash, bunda trening dasturlaridan keng foydalanish kabi masalalar boʻyicha fikr almashildi.
Bank Axborot xizmati
...
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida 100 gektarlik yirik uzum plantatsiyasi barp ...
Joriy yilning 2-dekabr kuni Pensilvaniya shtati (AQSH)da ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zb ...