Все Кредиты
Oʻzsanoatqurilishbank, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va hududiy boshqaruv organlari vakillari, Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha Kengash aʼzolari hamda salohiyatli tadbirkorlardan iborat delegatsiya Ispaniya Qirolligida boʻldi. Tashrif doirasida qator kelishuvlarga erishildi.
Prezidentimiz rahbarligida oʻtgan yil 7-noyabrda mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Oʻzbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi bilan birgalikda keramika plitalar, sanitar-texnik buyumlar hamda chinni idishlar ishlab chiqarishda dunyoda yetakchi Ispaniya bilan hamkorlik oʻrnatib, Angrenda yirik klaster barpo etish vazifasi topshirilgan edi.
Shu maqsadda Ispaniyada boʻlgan delegatsiya aʼzolari mazkur sohaga aloqador 20ga yaqin tashkilot, uyushma, taʼlim muassasalari hamda yirik ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar oʻtkazdi.
“SECV” (Sociedad Espanola De Ceramica Y Vidrio) keramika va shisha mahsulotlari jamiyati, “ICV” keramika va shisha instituti, “ASCER” kafel va keramik pol ishlab chiqaruvchilar uyushmasi, “GEDEPSA S.A.” promouterlik va konsalting kompaniyasi, “ANFFECC” keramika fritlari, sirlari va boʻyoqlari ishlab chiqaruvchilar milliy uyushmasi, shuningdek, “IPIAC-NERY” qurilish materiallari sanoati uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi, “IBERO-CLAYS” keramika sohasida ishlatiladigan xom ashyo materiallarini yetkazib beruvchi hamda “MACER” keramik plitalari tarmogʻi uchun press formalar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlar natijasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum va kelishuvlar imzolandi.
Tashrif “Tadbirkorlar maktabi” oʻquv markazi faoliyatiga oid xalqaro hamkorlikni kengaytirishga ham katta xizmat qildi. Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha Kengash aʼzolarining ICV keramika va shisha instituti, “ESCAL” alkora keramika oliy maktabi, “ISEACV” Valensiya hamjamiyatining Sanʼat taʼlimi oliy instituti, “Universitat Jaume I” oliy taʼlim universiteti hamda uning qoshidagi Keramika texnologiyasi instituti rahbarlari bilan uchrashuvlari kadrlar tayyorlashda amaliy va texnik koʻmak koʻrsatishga doir manfaatli kelishuvlar bilan yakunlandi.
Mazkur hamkorlik qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasiga taʼlim yoʻnalishida ispaniyalik mutaxassislarni jalb qilish, stajirovka, trening va onlayn seminarlar tashkil etish, keramika sanoatida texnologik taraqqiyotni rivojlantirish, Ispaniyaning keramika sanoati tajribasini mamlakatimizda tadbiq etish orqali shu turdagi mahsulotlar sifatini oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga talab etiladigan uskunalarni yetkazib berish va Qirollik jamiyatiga aʼzo boʻlish orqali qurilish materiallari ishlab chiqarish borasida qator imkoniyatlar yaratish koʻzda tutilgan.
Maʼlumot uchun. “ICV” – keramika va shisha instituti Ispaniya davlat ilmiy tadqiqot oliy kengashiga tegishli 130 ta markazdan biridir. Institutda ishlab chiqilgan ilmiy-tadqiqot loyihalari Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi.
“ISEACV” Valensiya hamjamiyatining Sanʼat taʼlimi oliy instituti keramika sohasida mavjud boʻlgan eng soʻnggi texnologiyalar bilan jihozlangan. Asosiy vazifasi keramika sohasida ilmiy-texnik va badiiy yondashuv asosida ijodkorlik, izlanish va innovatsiyalarga yoʻnaltirilgan milliy va xalqaro darajada yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.
13 mingdan ortiq talabaga ega “Universitat Jaume I” oliy taʼlim universiteti 2022-yilda Shanxay reytingiga koʻra, dunyoning eng yaxshi oliygohlaridan biri sifatida qayd etilib, dunyoning 200 ta yirik universiteti guruhiga kiritilgan.
Bank Axborot xizmati
...
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida 100 gektarlik yirik uzum plantatsiyasi barp ...
Joriy yilning 2-dekabr kuni Pensilvaniya shtati (AQSH)da ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zb ...