Все Кредиты
Mamlakatimizda bank biznesini rivojlantirish va mijozlarga qulayliklar yaratish boʻyicha faol islohotlar olib borilmoqda. Bu borada Prezidentimiz parlamentga yoʻllagan Murojaatnomasida alohida toʻxtalib, 2020-yildan boshlab har bir bankda keng koʻlamli transformatsiya dasturi amalga oshirilishini qatʼiy taʼkidlab oʻtdi.
Aytish joizki, Oʻzsanoatqurilishbank tizimida transformatsiya jarayonlari bundan ikki yil avval Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi asosida boshlanib, bugungi kunda uning dastlabki natijalari boʻy ham koʻrsatib turibdi.
Tizimni yangilash odimlari
2017-yil soʻngida Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan tizimni ilgʻor tajriba va xalqaro standartlar asosida faoliyat yurituvchi barqaror hamda raqobatbardosh moliya tashkilotiga aylantirish boʻyicha yangi biznes model ishlab chiqildi. Uni toʻlaqonli hayotga tatbiq etish maqsadida Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) bilan yaqin hamkorlikda Bankni transformatsiya qilish dasturi yaratildi.
Bugungi kunga qadar mazkur yirik loyiha asosida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Bank savdo belgisining mavqeini oshirish maqsadida rebrending oʻtkazilib, yangi logotip qabul qilindi.
Tadbirkorlar va investorlarni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida Investitsion faoliyatni muvofiqlashtirish va loyihalarni boshqarish markazi tashkil etildi.
Toshkent shahridagi Inha universiteti va “SAP” kompaniyasi bilan hamkorlikda zamonaviy hamda yangi bank xizmatlari va dasturiy taʼminotlarini ishlab chiqish va joriy etish maqsadida “Moliyaviy texnologiyalar markazi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Oliy taʼlim muassasalarining yosh, tashabbuskor va zamonaviy fikrlaydigan bitiruvchilarini ishga jalb qilish maqsadida “Internship” dasturi ishlab chiqildi. Hozirda bu yoʻnalishda xalqaro HR standartlari va KPI tizimi ham joriy etilmoqda.
Mijozlarga tezkor xizmat koʻrsatish maqsadida Bank tomonidan “Call-markaz" ishga tushirildi. Respublika banklari orasida birinchilardan boʻlib, yuridik shaxslar uchun 24/7 shaklida onlayn toʻlovlar tizimi joriy etildi. Mijozlarga yuqori darajada xizmat koʻrsatish maqsadida “Premium Banking” ofisi takil etildi.
Bank tomonidan yangi investorlarni jalb qilish, kapitalni oshirib, mavjud investorlarning qiziqishini yanada orttirish maqsadida “Investorlar kuni”ni anʼanaviy tarzda oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
Nafaqat Oʻzsanoatqurilishbank, balki mamlakatimiz hayotida tarixiy voqeaga aylangan yevroobligatsiyalar emissiyasi esa transformatsiya jarayonlaridagi eng yirik loyiha deb qayd etildi. Bank Oʻzbekiston tarixida birinchi boʻlib London fond birjasida 300 mln. AQSH dollari miqdorida korporativ yevroobligatsiyalarini joylashtirdi. Hozirgi kunda Bankning muomalaga chiqarilgan yevroobligatsiyalari boshqa banklar va yirik korxonalar uchun benchmark vazifasini oʻtamoqda.
Bundan tashqari, Bank tomonidan respublikamiz oliy oʻquv yurtlari, xorijiy davlatlar oliy taʼlim muassasalarining Oʻzbekistondagi filiallari hamda chel eldagi taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oʻzbekistonlik fuqarolar uchun SQB stipendiyasi taʼsis etildi.
Mamlakatimizda birinchilardan boʻlib yashil iqtisodiyotni moliyalashtirishni ragʻbatlantirish maqsadida “Green Bankning” maxsus tarkibiy tuzilmasi tashkil qilindi.
Kreditlash uchun talab qilinadigan hujjatlar soni yirik korxonalar uchun 35 tadan 8 taga, tadbirkorlar uchun 35 tadan 3 taga, jismoniy shaxslar uchun 5 tadan 1 taga kamaytirildi.
Kredit hujjatlarini koʻrib chiqish muddatlari ham yirik korxonalar uchun 30 kundan 10 kunga, tadbirkorlar uchun 10 kundan 3 kunga, jismoniy shaxslar uchun 3 kundan 1 kunga qisqartirildi.
Transformatsiyaning bank biznesiga taʼsiri
Aytish lozimki, Bank tomonidan mijozlarga maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, bunda jahon moliya bozoriga integratsiyalashish maqsadida olib borilayotgan saʼy-harakatlar, shubhasiz, uning manfaatlariga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Soʻnggi 2 yilda bankni transformatsiya qilish jarayonida muassasaning asosiy moliyaviy koʻrsatkichlari bir necha baravarga oʻsdi.
Xususan, Bank jami aktivlari 2019-yil davomida 2018-yilga nisbatan 4,4 trln. soʻmga (14,4% ga) ortib, 34,9 trln. soʻmni tashkil qildi. Mazkur davr mobaynida aktivlar rentabelligi 0,9% dan 2,2%gacha koʻtarildi. Bank tomonidan 2018-yilda 236,9 mlrd. soʻm daromad olingan boʻlsa, 2019-yil oxiriga kelib 704,5 mlrd soʻm yoki qariyib 3 barobar koʻp daromad olishga erishildi.
Bank daromadliligi oshishiga operatsion samaradorlikni taʼminlash orqali erishildi. Jumladan, 2019-yil oxiriga kelib Bank operatsion xarajatlari samaradorligi koʻrsatkichini (CIR) 2018-yildagi 46,5% dan 28,7% gacha kamaytirishga erishildi.
Bank tomonidan mijozlarga ajratilgan kreditlarni samarali boshqarish natijasida aktivlar boʻyicha sof foizli marja darajasi 2019-yil yakuniga kelib 2018-yilga nisbatan 2,7% dan 3,7% gacha oʻsishiga erishildi.
Bank jami kapitali 2018-yil 1-yanvar holatiga koʻra, 2,2 trln. soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2020 yil boshiga kelib 6,2 trln. soʻmga yetkazildi (2,8 martaga oʻsish).
Bank kapitali daromadliligi (ROE) 2017-yilda 5,4% ni, 2018-yilda 9,3% ni va 2019-yil yakuniga kelib 15,5% ni tashkil etdi. Natijada bank kapitali yetarliligi koʻrsatkichi 2018-yil yakunidagi 13,5% dan 2019-yil yakuniga kelib 23,0% gacha koʻtarildi.
Bank aktivlari hajmi 2019-yil yakuniga kelib, 34,9 trln. soʻmni tashkil etgan holda respublika moliya bozorida 3-oʻrindan 2-oʻringa koʻtarildi. Shuningdek, mazkur davr mobaynida bank oʻz kapitali hajmi boʻyicha ham 3-oʻrindan 2-oʻringa koʻtarildi.
Bank tomonidan jalb qilingan jami depozitlar miqdori 2019-yilda 2017-yilga nisbatan keskin oshdi. Yaʼni, 2017-yilda 3,3 trln. soʻmni tashkil qilgan depozitlar 2019-yil yakuniga kelib 9,0 trln. soʻmga yetdi.
Bank 2017-yil davomida 85,7 mlrd. soʻm sof foyda koʻrgan holda bank tizimida 7-oʻrinni egallagan boʻlsa, 2019-yil yakuniga koʻra, 2017-yilga nisbatan 8,2 barobarga ortiq yoki 704,5 mlrd. soʻm sof foyda olishga erishdi va banklar orasida 2-oʻrinni egalladi.
Bugungi eʼtirof – ertangi marralarga kuch
Bank faoliyati qisqa fursatda ham mahalliy, ham xalqaro miqyosdagi qator baholovchi tashkilotlar eʼtiboriga tushdi.
2019-yilda dunyoning nufuzli reyting kompaniyalari – “Standard & Poors” va “Fitch Ratings” tomonidan Oʻzsanoatqurilishbankning xalqaro kredit reytingi “B+”dan “BB-”gacha koʻtarilib, istiqboli “Barqaror” deya qayd etildi.
“Refinitiv” kompaniyasi tomonidan Oʻzbekiston banklari orasida “Forex” bozorida eng faol bank deb tan olinib, unga “Oʻzbekistonda 20 yillik ishonchli hamkor” sovrini taqdim etildi.
Xususiy sektorni rivojlantirish boʻyicha Islom korporatsiyasi hamda Osiyo taraqqiyot banki ham “Oʻzbekistondagi eng yaxshi hamkor bank” deya ishonch bildirdi.
Shuningdek, Oʻzsanoatqurilishbank faoliyati ISO 9001:2015 sifat menejmenti tizimi audit tekshiruvidan muvaffaqiyatli oʻtgan boʻlib, xalqaro standartlar boʻyicha muvofiqlik sertifikatiga egadir.
Bundan tashqari, Bank faoliyati “Ahbor-Reyting” milliy reyting agentligi tomonidan ham muntazam kuzatib boriladi. 2019-yilda Bankning yuqori zamonaviy xizmat koʻrsatish darajasi agentlikning qA1 reytingini olishga omil boʻldi. Eʼtiborli jihati shundaki, oʻrganish jarayonlari ochiq va shaffof kechdi. Bunda agentlik tahlilchilari asosan filiallardagi mijozlar tomonidan toʻldirilgan soʻrovnomalar natijalariga tayanib xulosa qilgan. Soʻrovnomalarda xodimlarning tashqi koʻrinishi, orastaligi, ularning tashrif buyuruvchilar bilan muomala va muloqot madaniyati, mijozlar masalalarini hal etishga yordam berish istagi va shayligi taʼkidlangan. Bank binolarining joʻgʻrofik joylashuvi hamda bank ofislarida xodimlar va mijozlar uchun qulay sharoitlar yaratilganligi ham alohida tilga olingan.
Maʼlumki, soʻnggi yillarda Oʻzsanoatqurilishbank moliyaviy resurs bazasini oʻz mablagʻlaridan tashqari xorijiy kredit liniyalar hisobiga shakllantirishni faol olib bormoqda. Bugun Bankning tashqi iqtisodiy faoliyati dunyoning toʻrt qitʼasidagi 17 ta moliyaviy institutni hamda iqtisodiy jihatdan eng taraqqiy topgan 22 mamlakatning eksport-kredit agentliklarini qamrab oladi. Bu holat mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiyalashga munosib hissa qoʻshish bilan bir qatorda Bankning investitsion faoliyatini ragʻbatlantirishga xizmat qilmoqda.
Chunonchi, Oʻzbekiston banklari assotsiatsiya va “Ahbor-Reyting” milliy reyting agentligi tomonidan tijorat banklarining 2019-yildagi investitsion faollik darajasi oʻrganilganda Oʻzsanoatqurilishbankning ushbu yoʻnalishdagi faoliyati reyting roʻyxatining birinchi pogʻonasini egallagani fikrimizga dalil boʻla oladi.
Muxtasar qilib aytganda, Oʻzsanoatqurilishbankda transformatsiya jarayonlari mana shunday tusda shiddatli kechmoqda. Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) bilan yaqin hamkorlikda ishlab chiqilgan Bankni transformatsiya qilish boʻyicha yangi biznes modelga asosan Bankni strategik rivojlantirish dasturi, Mijozlarga xizmat koʻrsatish standartlari yaratildi, Bank infratuzilmalari va IT texnologiyalari modernizatsiya qilindi, Bank korporativ maslahatchisi, “Korporativ boshqaruv xizmati” faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Risk menejmenti va korporativ boshqaruv tizimi xalqaro standartlarga muvofiqlashtirildi. PR va HR tizimlari yangi yoʻnalishda ish boshladi. Mijozlarga xizmat koʻrsatish zamonaviy standartlarda yoʻlga qoʻyildi, yangi bank mahsulotlari va dasturlari joriy etilib, masofadan koʻrsatiladigan innovatsion xizmatlar doirasi kengaytirildi, mahsulotlar sotuvi boʻyicha yangi tizim yaratildi, operatsion samaradorlik oshirildi.
Eng muhimi, bugungi kunda ulkan maqsadlarga yuz tutgan ushbu saʼy-harakatlar yoʻl-yoʻlakay yangi gʻoyalar bilan boyitilib, izchil va faol davom ettirilmoqda.
Bank Axborot xizmati
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga xorijiy maslahatchi sifatida Germaniyaning Drezden texnika universi ...
9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Ochiq e ...
...