Все Кредиты
Joriy yilning 29-30-oktyabr kunlari O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Zarmed” tibbiyot klasterining Buxoro va Samarqand shaharlaridagi sho‘ba korxonalariga press-tur uyushtirildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari ko‘p tarmoqli klinikalar hamda tibbiy ta’lim muassasalari faoliyati bilan tanishtirildi.
Imkoniyatlar mahsuli
Sog‘liqni saqlash sohasini xususiylashtirish davlat, xalq va tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Hududlarda aholiga yuqori texnologiyali sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish kengaymoqda, xorijdan investitsiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etilmoqda, tibbiy turizm va xizmatlar eksporti, tibbiy ta’lim va tajriba almashuv rivojlanmoqda.
“Zarmed pratiksha hospital group” qo‘shma korxonasi Samarqand shahrida O‘zbekiston va Hindiston hamkorligida tashkil etilgan. Keyinchalik ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining Buxoro, Qarshi va Shahrisabz shaharlarida ham filiallari ishga tushirildi.
Bugungi kunda ushbu hududlarda “Zarmed” klinikalari aholi ishonchini qozonib, brend darajasiga ko‘tarilgan. Ularda ilg‘or tibbiy texnologiyalarga asoslangan ambulator va statsionar sharoitda intervension kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, endoskopik jarrohlik, ortopediya va travmatologiya, urologiya va ginekologiya, otolaringologiya kabi 15 dan ziyod yo‘nalishlarda xizmat ko‘rsatilmoqda.
Tibbiy markazlarda bir vaqtning o‘zida ming kishiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. 200 dan ortiq malakali shifokor va hamshiralar ishga jalb qilingan. Shuningdek, AQSH, Hindiston, Turkiya, Rossiya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlarning malakali mutaxassislari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Prezidentimizning 2021-yil aprel oyida “Zarmed pratiksha hospital group” klinikasiga tashrifi davomida bergan topshiriqlariga binoan 2022-yilda Buxoro shahrida ilk xususiy nodavlat ta’lim muassasalari – “Zarmed” universiteti ishga tushirilib, “Zarmed” tibbiyot klasteriga asos solindi.
Inson qadri uchun
– Yigirma yil avval viloyatlarimizda ayrim murakkab turdagi jarrohlik amaliyotlari bo‘yicha kadrlar yetishmovchiligi mavjud edi, – deydi “Zarmed” tibbiyot klasteri ta’sischisi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Dilshod Shukrullayev. – Klinikamiz ochilganida aholiga xalqaro standartlarda xizmat ko‘rsatish uchun ortopediya va travmatologiya, yurak va miya qon-tomir kasalliklari bo‘yicha jarrohlarni chet eldan jalb qilganmiz. Keyinchalik mahalliy shifokor va hamshiralarning ham xorijda tajriba oshirishini ta’minladik. Bugun esa zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni o‘zimizda tayyorlash imkoniga egamiz.
Press-turda jurnalistlar “Zarmed” universitetida talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Xususan, zamonaviy o‘quv va laboratoriya xonalarida bo‘lib, talabalar o‘tayotgan o‘quv-tajriba mashg‘ulotlarini kuzatishdi.
Ta’kidlash joiz, 2024-2025-o‘quv yilida “Zarmed” universitetining Samarqand shahridagi kampusi ham ishga tushirildi. Ushbu ikki hududdagi oliygohlarda bakalavr, magistratura hamda klinik ordinatura bosqichlarida jami 9500 dan ziyod talabalarga 5 ta yo‘nalish hamda qariyb 30 ta mutaxassislik bo‘yicha kunduzgi va sirtqi shakllarda ta’lim berib kelinmoqda.
– Mazkur loyihalarni tadbiq etishda O‘zsanoatqurilishbank moliyaviy madad bo‘ldi, – deydi “Zarmed” universiteti bosh direktorining moliya, marketing va matbuot xizmati masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Amirxon Dalerov. – Xususan, bank tomonidan Buxoro shahridagi universitet faoliyatini kengaytirish hamda Samarqand kampusini barpo etishga 500 ming AQSH dollari miqdoridagi kredit ajratildi. Natijada, 485 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
Xalqqa naf keltirishda hikmat ko‘p
– Tibbiy xizmatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri xalq xizmatiga qaratilgan, agar ish sidqidildan yuqori sifatda yo‘lga qo‘yilsa, ko‘pning duosiga sazovor qiladi, – deydi “Zarmed” tibbiyot klasteri ta’sischisi Dilshod Shukrullayev. – Shuning uchun biz bu ishga hech bir ikkilanishlarsiz qo‘l urdik. Tibbiyot sohasida katta qadamlar tashladik. Chetdan ilg‘or texnologiyalar keltirib, yuqori darajada katta jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirishni yo‘lga qo‘ydik. Bularning bari aynan xususiy sektorda tibbiyot sohasidagi muhim qadamlardir.
Tadbirkor tibbiyot vakili bo‘lmasada yaxshi jamoa shakllantirdi. Shifokor bobosi, ota-onasiga izdosh bo‘lsin deb farzandlarini ham shu kasbga qiziqtirdi.
Yaqin istiqboldagi rejamiz “Zarmed” texnikumini ishga tushirish, “Zarmed pratiksha hospital group” klinikasi hamda “Zarmed” universitetlari geografiyasini yanada kengaytirib, klaster faoliyatini rivojlantirish, shuningdek, ehtiyojmand aholi qatlami uchun o‘tkazayotgan xayriya tadbirlarimiz ko‘lamini oshirish, deydi qahramonimiz.
Press-tur davomida OAV vakillari ““Zarmed pratiksha hospital group” klinikasi hamda “Zarmed” universitetining Samarqand shahridagi kampusiga ham tashrif buyurib, sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, shifokorlar, bemorlar hamda talaba-yoshlar bilan yaqin suhbatda bo‘ldi.
Bank Axborot xizmati
...
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida 100 gektarlik yirik uzum plantatsiyasi barp ...
Joriy yilning 2-dekabr kuni Pensilvaniya shtati (AQSH)da ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zb ...