Oʻzsanoatqurilishbank tizimida “Kaizen teams” loyihasi ish boshladi
11.05.2021 15:16
Joriy yilning 10-11-may kunlari Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan yosh xodimlar uchun tashkil etilgan “Kaizen teams” loyihasining ochilish marosimi hamda loyihaning ilk treninglari boʻlib oʻtdi.
Mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Prezidentimiz rahnamoligida barcha jabhalarda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish hamda alohida iqtidor egalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida chuqur islohotlar olib borilmoqda.
Yoshlar ulushi salmoqli oʻrin egallagan Oʻzsanoatqurilishbank tizimida ham ushbu yoʻnalishda keng koʻlamli saʼy-harakatlar amalga oshirilmoqda. Jamoa yoshlari orasidan yuqori salohiyatli xodimlarni tanlab olib, tizimda rahbar kadrlar zaxirasini yaratish hamda ularni doimiy ravishda rivojlantirib borish maqsadida ishlab chiqilgan “Kaizen teams” loyihasi ana shunday ishlarning amaliy ifodasidir.
– Loyiha ham nazariy, ham koʻngilochar, ham vatanparvarlik ruhidagi turli dasturlarni oʻz ichiga olgan, – deydi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning Xodimlarni boshqarish departamenti direktori Azizxon Nodirov. – Badiiy va biznesga oid kitoblar boʻyicha bellashuvlar tashkil etiladi, mahalliy va xorijiy top-menejerlar bilan turli uchrashuvlar oʻtkaziladi. Asosiysi, ishtirokchilarga Bank nufuzini yanada oshirishga qaratilgan vazifalar topshirilib, tizimda amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayoniga oʻz hissalarini qoʻshish imkoniyati beriladi.
Shuningdek, topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarib, treninglarda faol qatnashgan hamda xorijiy tillarni yaxshi oʻzlashtirgan yosh xodimlar chet davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi, rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi.
“Kaizen teams” loyihasining ochilish marosimi doirasida Bank Boshqaruv raisi Saxi Annaklichev bilan norasmiy uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda Bank rahbari loyiha ishtirokchilarini dastlabki yutuqlari bilan tabrikladi va muloqot qildi.
Ilk treninglar Bankdagi transformatsiya jarayonlariga bagʻishlandi. Bankning 2021-yilga moʻljallagan biznes rejasi, chakana xizmatlar, kichik va oʻrta biznes hamda korporativ biznes yoʻnalishlari, shuningdek qarzdorlar bilan ishlash texnologiyasi va psixologiyasi, tizimda liderlik, muvaffaqiyatli rahbarning oltin qoidalari kabi mavzularda Boshqaruv aʼzolari hamda tegishli tarkibiy boʻlinma rahbarlari tomonidan taqdimotli chiqishlar namoyish etildi.
Xususan, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali Buyuk Britaniyadagi London Brunel universitetida MBA yoʻnalishida tahsil olib qaytgan, Bank rahbar xodimlaridan biri – Shohpur Gultoʻrayev tomonidan “SQB mini MBA” yoʻnalishida trening oʻtkazilib, oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.
Maʼlumot uchun. “Kaizen” (yaponcha “yaxshilash”, “takomillashtirish” degan maʼnoni bildiradi) – bu hayotimizning barcha jabhalari, jumladan, biznes va boshqaruv tizimidagi barcha jarayonlarni doimiy ravishda takomillashtirishga qaratilgan yapon falsafasidir. Dastlab Ikkinchi jahon urushidan keyingi tiklanish davrida qator yapon kompaniyalarida qoʻllanilgan “Kaizen” tamoyillari keyinchalik butun dunyo boʻylab keng tarqalgan.
Bank Axborot xizmati
965
Другие новости