“O‘zsanoatqurilishbank” va Xitoy Sanoat-tijorat banki o‘rtasida Eksklyuziv bitim imzolandi
05.11.2018 15:31
“Tashkent City” biznes-markazida “O‘zsanoatqurilishbank” bosh ofisini barpo etish bo‘yicha Xitoy Sanoat-tijorat banki bilan Eksklyuziv bitim imzolandi.
Ushbu kelishuvga Xitoy Sanoat-tijorat banki Global moliyalashtirish departamenti bosh direktori o‘rinbosari Chjao Futszyun xonim boshchiligidagi delegatsiya a’zolari hamda “O‘zsanoatqurilishbank” rahbariyati o‘rtasidagi uchrashuvda erishildi.
Tadbirda tomonlar o‘rtasida “Tashkent siti” biznes-markazida “O‘zsanoatqurilishbank” bosh ofisini barpo etish bo‘yicha jalb qilinayotgan kredit shartlari muhokama etilib, uning yakunida mazkur ob'yekt qurilishi yuzasidan mandatni taqdim etishga doir Eksklyuziv bitim imzolandi.
Shuningdek, uchrashuv doirasida O‘zbekiston korxonalari ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga qaratilgan investitsion loyihalarni amalga oshirish borasida ham hamkorlik masalalari muhokama etildi. Bu borada yuqori sifatli rulonli metalloprokatni ishlab chiqarish, “Quvasoytsement” AJ ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va “Yaypantsement” MChJ sement zavodini qurish bo‘yicha loyihalar taklif etildi.
Xitoylik hamkorlar ushbu loyihalar bo‘yicha zarur hujjatlar hamda uskunalarni yetkazib beruvchilar haqida to‘liq ma’lumotlar bilan tanishgach, kredit mablag‘larini ajratish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyor ekanligini bildirdi.
Ma’lumot.
Xitoy Sanoat-tijorat banki (Industrial and Commercial Bank of China) Xitoydagi eng yirik tijorat moliya muassasasi sanalib (1984 yilda tashkil etilgan, 2005 yilda - mas’uliyati cheklangan aktsiyadorlik kompaniyaga aylantirilgan), olti yildan buyon ketma-ket Forbes tomonidan e’lon qilinadigan “Global 2000” - eng yirik ommaviy kompaniyalar reytingida yuqori pog‘onani egallab kelmoqda.
Bugungi kunda bank daromadi 165,3 mlrd. AQSh dollari (18-o‘rin)ni, sof foydasi 43,7 mlrd. dollar (3-o‘rin)ni, aktivlari 4210,9 mlrd. dollar (1-o‘rin)ni va kapitallashuvi 311 mlrd. dollar (14-o‘rin)ni tashkil etadi.
602
Другие новости