O'zsanoatqurilishbankda faxriylar hamisha ardoqda
20.01.2020 18:11
Qariyb 100 yillik tarixga ega O‘zsanoatqurilishbank tizimida uzoq yillar mehnat qilib, bank taraqqiyotiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan jonkuyar xodimlar oz emas. Kuni kecha Bank Bosh ofisida ana shunday faxriylardan biri - Abdulla Abdubekovning 60 yoshlik yubileyi munosabati bilan qadrlash va e’zozlash tadbiri tashkil etildi.
To‘rtta tilda erkin so‘zlasha oladigan Abdulla Abdubekov 1984-yilda Toshkent davlat universiteti, 1998-yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan. 1993-yilning iyun oyida O‘zsanoatqurilishbank tarjimalar bo‘limida faoliyatini boshlab, 27 yil davomida bankning turli bo‘linmalarida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi. So‘nggi yillarda bankning xavfsizlik va axborotlarni muhofaza qilish departamentida mehnatni muhofaza qilish va bank xavfsizligi bo‘limi bosh mutaxassisi sifatida mehnat qilib kelmoqda.
Ish va o‘qishdan tashqari Abdulla Abdubekov rafiqasi Lola Abdubekova bilan birgalikda to‘rt nafar farzandni kamolga yetkazdi.
Tadbirda O‘zsanoatqurilishbank rahbariyati, tegishli tarkibiy bo‘linmalar rahbar va xodimlari, yoshlar ishtirok etib, bankda faxriylar hamisha e’zozda ekani ta’kidlandi. Abdulla Abdubekovning bankdagi qariyb 30 yillik faoliyati haqida so‘z yuritilib, sermahsul va sermazmun hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashildi.
Tadbir so‘ngida Bank rahbariyati tomonidan Abdulla Abdubekovga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bank Axborot xizmati
497
Другие новости