Yangiliklar

O‘zsanoatqurilishbankning mamlakat ekologik barqarorligini ta’minlashdagi tashabbuslari


07.07.2024 09:12

O‘zsanoatqurilishbankning mamlakat ekologik barqarorligini ta’minlashdagi tashabbuslari

Joriy yilning 9-iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zsanoatqurilishbank tizimida “yashil” iqtisodiyotga o‘tish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda bank rahbariyati hamda Davlat ekologik ekspertizasi markazi mutaxassislari mamlakatimizda ekologik barqarorlik va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash, bu borada bank tashabbuslari xususida ma’lumot berdi.

Olimlar ta’kidlaganidek, insoniyat tabiat qonunlari asosida yashashi va rivojlanishi lozim, aks holda u insonni jazolaydi. Ammo, so‘nggi global o‘zgarishlar davrida suv havzalarining qurishi, o‘rmon xo‘jaliklarining qisqarishi, chiqindilarning ortishi kabi ekologik inqirozlar tobora ko‘paymoqda. Shu bois yashil tiklanish va taraqqiyot dunyo hamjamiyati uchun muhim hayotiy zaruratga aylandi.


photo_2024-07-09_15-35-21.jpg


Davlatimiz rahbari boshchiligida ishlab chiqilgan 2019-2030-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasida tabiiy resurslarni asrab-avvaylash, iqtisodiyot tarmoqlarida tejamkor vositalar va muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kuchaytirish, umuman, sanoatlashtirishni yo‘qotishlarsiz amalga oshirishga qaratilgan qator vazifalar belgilangan.

Matbuot anjumanida O‘zsanoatqurilishbankning “Green banking” faoliyatida ushbu strategiyada ko‘zda tutilgan muhim yo‘nalishlar qamrab olingani ta’kidlandi.

Xususan, Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda “Ekologik va ijtimoiy xavflarni boshqarish tizimini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqilgan. “Yashil bozor” tadqiq qilingan. Korporativ va chakana, kichik va o‘rta biznes toifasidagi mijozlar uchun “yashil” kreditlar joriy etilgan.

Yashil loyihalarni baholash samaradorligini oshirish maqsadida xalqaro miqyosdagi Moliyaviy institutlar uchun iqlim o‘zgarishini baholash (Climate Assessment for Financial Institutions – CAFI) platformasiga ulangan.

Xalqaro standartlar doirasida ESG va barqaror rivojlanish hamda energiya siyosati ishlab chiqilib, global ekologik va ijtimoiy dasturlarni yanada faol qo‘llab-quvvatlashga kirishilgan.

– ESG tamoyillari va energiya siyosati asosida ish yuritish bankning mijozlar va hamkorlar bilan “yashil” iqtisodiyot mezonlari asosida hamkorlik qilishini nazarda tutadi, mamlakatimizga istiqbolli investorlarni jalb qilishda muhim rol o‘ynaydi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv raisi o‘rinbosari Farrux Abdurahmonov. – Mazkur hujjatlarga ko‘ra, ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi umumjahon miqyosda kuzatilayotgan global muammolar yechimi o‘rganiladi. Bu bankning iqlim o‘zgarishi darajasini pasaytirish borasidagi sa’y-harakatlari natijadorligini oshirishga, katta miqdorda mablag‘ va resurslarni tejashga xizmat qiladi.


photo_2024-07-09_15-35-15.jpg

Joriy yilning o‘tgan davrida muassasa tomonidan 410dan ziyod “yashil” loyihalar moliyalashtirildi. Natijada qariyb 800 ming MVt elektr energiyasi, 38 ming metr kub suv, 107 ming metr kub tabiiy gazni tejashga hamda atrof-muhitga chiqayotgan issiqxona gazlarini 320 ming tonnaga qisqartirishga erishildi. 6 800ga yaqin ish o‘rni yaratildi.

Tadbirda bankning ijtimoiy-ekologik dasturlardagi ishtiroki xususida ham so‘z yuritildi.

– Ekotizimni saqlash va mustahkamlashda har bir shaxs daxldorlik his-tuyg‘ulari bilan yashashi, hissa qo‘shishi hayot-mamot masalasidir, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning “Green banking” departamenti direktori Bobur Sultonmurodov. – Bankimiz jamoasi Prezidentimiz tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan “Yashil makon”, “Dolzarb 40 kunlik” hamda “Avtomobilsiz kun” singari ko‘plab jamoat loyihalarida faol qatnashib kelmoqda. Xususan, “Yashil makon” loyihasi doirasida joriy yil bahor mavsumida jami 90 ming tup, kuzgi ko‘chat ekish tadbirida 76 ming tup manzarali va mevali daraxt hamda buta ko‘chatlari ekildi. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi tog‘ va tog‘ oldi hududdagi 11 gektar yer maydoniga 5,5 ming tup bodom ko‘chati, poytaxtimizdagi “Barhayot” mahallasida esa, 200 tup mevali daraxt ekib, “Yashil bog‘” yaratdi. “Zomin” qo‘riqxonasi hududini ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlarida ishtirok etdi.

E’tiborlisi, bank tomonidan ko‘chat ekish ishlarining bajarilishida iqlim sharoitga mos, suvsizlik va qurg‘oqchilikka chidamli ko‘chatlar turlarini tanlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash uchun alohida mutaxassislar jalb qilinib, yashil maydonlarga tomchilatib sug‘orishning ilg‘or texnologiyalari o‘rnatilmoqda.

Darhaqiqat, “yashil” bank tamoyillari muassasaning ishlab chiqarish faoliyatida ham keng qo‘llanilmoqda. Bank energiya siyosatida uning barcha bino va inshootlarini loyihalash, rekonstruksiya qilish, qurish va jihozlashda sertifikatlangan energiya tejovchi texnologiya va uskunalardan foydalanish tartibga solingan.

– Bugungi kunda bank bosh ofisi hamda hududiy tarmoqlari binolariga umumiy quvvati 1480 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan, – deydi Bobur Sultonmurodov. – Ular yordamida 2023 yilda 1,4 mln. kVt soat muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarilib, natijada 1 mlrd. 256 mln. so‘m iqtisod qilindi. Bundan tashqari, bank tizimida qog‘oz iste’molini yiliga 50 foizga qisqartirish, bank tarmoqlari atrofiga xodimlar uchun veloturargohlar barpo etish hamda manzarali va mevali daraxtlar o‘tkazish choralari ko‘rildi.


photo_2024-07-09_17-24-26.jpg

Matbuot anjumanida bank faoliyatida barqaror “yashil” iqtisodiyotni barpo etishga ko‘maklashish sa’y-harakatlari davomli ekanligi ta’kidlandi. Moliyaviy resurslarni ko‘paytirish asnosida elektr energiyasi, ichimlik suvi va tabiiy gazni tejash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, chiqindilarni oqilona boshqarish va cho‘llanishni qisqartirish kabi ustuvor vazifalar ijrosida kamarbasta bo‘lishi aytib o‘tildi.

 

Ma’lumot uchun.

“Yashil” texnologiyalar – bu ishlab chiqarish va/yoki xizmat ko‘rsatish jarayonida atrof-muhitga zararli chiqindilarni kam miqdorda chiqarish, tabiiy resurslarni tejash hamda muqobil energiya manbalarni ishlab chiqarish kabi “yashil” mezonlarga ega texnologiyalar, uskunalar, qurilmalar, tizimlar va materiallar majmui.

“Yashil” loyihalar – iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish hamda qayta tiklanuvchi, samarali energiya manbalaridan keng foydalanish maqsadida ishlab chiqilayotgan loyihalar.

“Yashil” kredit – yangi yoki mavjud “yashil” loyihalarni to‘liq yoki qisman moliyalashtirish, shuningdek, qayta moliyalashtirish uchun taqdim etiladigan kredit vositasi.






Другие новости

13.12.2024 09:56:24
Germaniyalik olim qurilish materiallari sohasini rivojlantirishda xorijiy maslahatchi sifatida jalb etildi

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga xorijiy maslahatchi sifatida Germaniyaning Drezden texnika universi ...

12.12.2024 17:09:40
O‘zsanoatqurilishbankda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi

9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Ochiq e ...


Дата последнего обновления: 09.07.2024 17:24  
up