Все Кредиты
Zamonaviy dunyoda moliyaviy aktivlarni boshqara olish qobiliyati kishi farovonligini kafolatlaydi. Bu borada dunyo hamjamiyatining aksariyat qismi bank omonatlaridan foydalanadi.
Mamlakatimizdachi?! Odamlar bank omonatlaridan va, aksincha, banklar aholi boʻsh pul mablagʻlaridan qay darajada unumli foydalanmoqda?
Savollarimizga javob olish uchun “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning chakana bank mahsulotlarini rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Umid Alimovga murojaat qildik.
– Bank omonatlari nazariy jihatdan aholining boʻsh pul mablagʻlari xavfsiz saqlanishi va koʻpayishini kafolatlaydi. Biroq, bugungi global davrda isteʼmol bozorida taklif muvozanati oʻsgani sayin odamlarning istagi daromadlari darajasida ortib, koʻpchilik uchun “boʻsh pul” mavhum tushunchaga aylanmoqda. Bu jarayon aholi oʻrtasida jamgʻarish imkoniyatining pasayishiga ham omil boʻlmoqda.
– Unda keling suhbatimizni boʻsh pullar qanday pullar va ularni bank omonatlariga jalb qilishdan koʻzlangan maqsad haqida boshlaymiz?
– Aholi boʻsh pullari deganda ular tomonidan toʻplangan, biroq foyda olishga qaratilmagan, muayyan aktivga aylantirilmagan va harakatsiz turgan mablagʻlar tushuniladi.
Bank tizimiga oid islohotlarda aholining boʻsh pullarini omonatlarga faol jalb qilishda ikki tomonlama manfaatdorlik koʻzda tutilgan.
Algoritm oddiy: mijoz oʻz boʻsh pul mablagʻini omonatga qoʻyib, oyiga qoʻshimcha ustama oladi. Bank esa, aholi boʻsh pul mablagʻi hisobiga oʻz resurs bazasini shakllantirib, kreditlash imkoniyatini kengaytiradi.
– Yuqorida siz kishilarning istagi daromadlari darajasida ortib borayotgani haqida gap ochdingiz. Oʻn soʻm topib, uning barini ishlatib, hayotidan zavq olib yashayotgan odamga bank omonati nima uchun kerak?
– Oʻsha oʻn soʻmini istaganicha ishlatib yashayotgan insonlarning hammasi ham orzu maqsadlari doirasida yashayapti deya olmaymiz. Masalan, ulardan biri brend kiyimlar kiyishga, har oyda bir yoki bir nechta kafe-restoranlarda tamaddi qilishga, oilasi, yoru doʻstlari bilan tez-tez tabiat qoʻynida dam olishga odatlangandir. Biroq, yuragining tub-tubida oʻsha soʻlim goʻshalarda oʻz uyiga ega boʻlish, qimmat avtomashina xarid qilish, dunyo sayyohlik shaharlarini kezish kabi katta chiqim talab qiluvchi xohishlari ham boʻladi.
Bank omonatlari kishilarga shu jihatdan juda samarali jamgʻarma vositasi sifatida xizmat qiladi.
Shuningdek, bank omonati yordamida hayotiy turli vaziyatlar, xususan, farzandini nufuzli oliy oʻquv yurtida oʻqitish, toʻyu tomosholar oʻtkazish, boshpanali qilish uchun zaxira yaratish, qolaversa, boʻsh pul mablagʻlari qadrsizlanishining oldini olish mumkin.
– Aytingchi, Oʻzsanoatqurilishbank bugun aholiga qanday turdagi omonatlarni taklif etmoqda va natijalar qanday?
– Bank tizimida aholi boʻsh pul mablagʻlarini omonatlarga jalb qilishni ragʻbatlantirish ishlari ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu bois mijozlarning bankka boʻlgan ishonchini mustahkamlash va bankda aholi omonatlari hajmini muntazam oshirib borish maqsadida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyilgan.
Bunda ham jahon moliya bozoridagi tendensiyalar, ham omonatchilarimizning qiziqish va takliflari oʻrganib boriladi.
Soʻnggi paytda onlayn omonatlarni joriy qilishga alohida eʼtibor qaratayapmiz. Xususan, hozirda xorijiy valyutadagi onlayn omonatlarni ishlab chiqish jarayonlari ketayapti.
Bugungi kunda bankimizda amalda boʻlgan omonatlar xususida toʻxtalib, milliy valyutada “Ishonch” va “Yuksalish”, xorijiy valyutada esa, “Kapital” nomli omonatlar mavjudligini, ularni JOYDA mobil ilovasi orqali ham ochish va boshqarish imkoni borligini qayd etishim mumkin.
“Ishonch” omonatining saqlanish muddati 13 oy, boshlangʻich badal miqdori 500 000 (besh yuz ming) soʻm. Omonatga hisoblanadigan yillik ustama 22 foiz hajmida belgilangan.
“Yuksalish” omonatida esa 13 oy mablagʻ saqlash koʻzda tutilgan, unga minimal 100 000 soʻm hajmida mablagʻ qabul qilinadi. Omonat daromadliligi 21 foiz etib belgilangan.
Xorijiy valyutadagi “Kapital” nomli omonatga mablagʻlar AQSH dollarida 6 oy muddatga, minimal miqdorda 500 (besh yuz) dollar hajmida qabul qilinmoqda. Yillik belgilangan ustama – 4 foiz.
Joriy yilning oʻtgan 9 oyi davomida bankimiz tomonidan 3 mlrd. soʻmdan ziyod aholi boʻsh pul mablagʻlari jalb qilindi.
Batafsil: https://sqb.uz/uz/individuals/deposits/
Bank Axborot xizmati
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga xorijiy maslahatchi sifatida Germaniyaning Drezden texnika universi ...
9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Ochiq e ...
...