Qurilish materiallari ishlab chiqarishda raqobatbardoshlikni oshirish choralari koʻrilmoqda
20.06.2024 11:25
Qurilish materiallari ishlab chiqarishda raqobatbardoshlikni oshirish choralari koʻrilmoqda
Bugun har bir hudud ulkan qurilish maydoniga aylangan. Har qadamda yangi-yangi turar-joylar, ijtimoiy-madaniy va ishlab chiqarish obyektlari kabi bir-biridan mustahkam va koʻrkam imoratlar barpo etilmoqda. Ahamiyatli tomoni esa, ushbu jarayon qurilish materiallari sanoatining jadal rivojlanishiga turtki bermoqda.
Joriy yilning 20-iyun kuni Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan Samarqand viloyatidagi yirik qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxona – “Aziya metall prof” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga uyushtirilgan press turda tarmoqda amalga oshirilgan islohotlarning samaralarini oʻz koʻzlari bilan koʻrishdi.
– Zavodimizning ilk faoliyati 2018-yilda oʻramali metalldan turli oʻlchamdagi metall quvurlar va profillar tayyorlash bilan boshlangan, – deydi “Aziya metall prof” MCHJ rahbari Rustam Sharopov. – Shundan soʻng bugungi kungacha mahalliy va tashqi bozor talabidan kelib chiqib yana 3 ta yirik loyihani ishga tushirdik.
Korxona tomonidan 2018-2022-yillarda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda umumiy qiymati 110 mln. dollarlik loyihalar amalga oshirilgan. Mazkur mablagʻlarning 33 mln. dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar, 81 mln. dollari esa, Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan ajratilgan kreditlardir.
Korxonaga tegishli ikkinchi bosqichdagi ishlar 2021-yilda yoʻlga qoʻyilgan. Unga koʻra yiliga 120 ming tonna oʻramali metalldan turli qalinlikdagi rux va polimer qoplamali tunuka ishlab chiqarilmoqda.
2022-yildan boshlab korxona mahsulotlari assortimentiga issiq oʻramali metall listlar va qurilish uchun profillar ham qoʻshilgan. Yiliga 390 ming tonna armatura quyish quvvati esa yaqin kunlarda ishga tushiriladi.
Oʻtga, suvga bardoshli metall mahsulotlarining barchasi ilgʻor texnologiyalar asosida atrof-muhitga zarar yetkazmagan holda ishlab chiqarilmoqda.
Qayd etilishicha, oʻtgan yili korxona tomonidan 3 trln. 444 mlrd. soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan boʻlsa, shundan 52,1 mln. dollarlik qismi Polsha, Belorussiya, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston kabi davlatlarga eksport qilingan.
Press-turda jurnalistlar Prezidentimizning oʻtgan yil ushbu korxonaga tashrifida belgilab berilgan vazifalar ijrosi yuzasidan ham maʼlumotga ega boʻldi.
Xususan, u yerda mahalliylashtirish va tannarxni tushirish orqali eksportda raqobatbardoshlikni oshirish choralari koʻrilayotgani taʼkidlandi.
Korxonaning navbatdagi oyna ishlab chiqarish borasidagi loyihasini tadbiq etishda ham shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Buning uchun jami 120 mln. dollar yoʻnaltiriladi, 250 ta yangi ish oʻrni barpo etiladi.
Press-tur doirasida Samarqand viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishda Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan olib borilayotgan ishlar koʻlamiga bagʻishlangan brifing ham oʻtkazildi.
– Soʻnggi besh yilda qurilish materiallari sohasida koʻplab innovatsion loyihalar tadbiq etila boshladi, yangi texnologiyalar faol kirib kelmoqda, – deydi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Jasur Nurullayev. – Xususan, viloyatimizda ham ushbu tarmoqda soʻnggi 3 yilda 207 ta yangi korxona tashkil etildi, 50dan ziyod loyiha mahalliylashtirildi. Ularning oʻnga yaqini bankimiz tomonidan moliyalashtirildi. Natijada, import oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada ortdi, valyuta zaxiralarini tejashga, eksportni rivojlantirishga erishildi. Tarmoqda 5700 ta ish oʻrni yaratildi.
Darhaqiqat, “Aziya metall prof” viloyatda eng koʻp ish oʻrni barpo etgan korxonalar sirasiga kiradi. Bugungi kunda u yerda 700dan ziyod ishchi mehnat qilmoqda.
Bank Axborot xizmati
452
Другие новости