
Mamlakatimiz bank sektorida raqamli o‘zgarishlar izchil davom etmoqda. Prezidentimiz tomonidan tasdiqlangan “2020–2025-yillarga mo‘ljallangan bank tizimini isloh qilish strategiyasi” hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida moliyaviy xizmatlarni raqamlashtirish, ochiqlikni ta’minlash va samaradorlikni oshirish soha rivojining asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilangan.
Ushbu muhim hujjatlar asosida banklar infratuzilmasi yangilanmoqda, xizmat ko‘rsatishning zamonaviy, xavfsiz va mijoz ehtiyojlariga yo‘naltirilgan modellari joriy etilmoqda.
Bunday o‘zgarishlar esa aholi daromadlarining o‘sishi va elektron tijoratning jadal rivojiga mos holda innovatsion servislarga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirmoqda. Ayniqsa, kichik va mikrobiznes segmentida ayrim amaliy jarayonlarni soddalashtirish va ularni raqamli formatga o‘tkazish bugungi kun talabi bo‘lib qolmoqda.
O‘zsanoatqurilishbank (SQB) davlatimiz rahbari boshchiligidagi islohotlar doirasida aynan shu yo‘nalishda zamonaviy raqamli bank platformasini yaratish ishlarini boshladi. Maqsad – tadbirkorlarga qulay, tezkor va ortiqcha byurokratiyadan xoli xizmatlarni taqdim etish.
Bank Boshqaruvi raisi Aziz Akbarjonov ana shu strategik o‘zgarishlar va amalga oshirilayotgan ishlarni tizimda olib borilayotgan izchil islohotlar bilan bog‘lagan holda quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Haqiqatan ham, keyingi yillarda respublikamizda banklar biznes modelini xalqaro moliya hamjamiyatiga integratsiya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan korporativ boshqaruvni takomillashtirish, moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash hamda zamonaviy risk–menejment standartlarini joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora–tadbirlar tijorat banklari uchun yangi o‘sish nuqtalarini yaratib berdi.
Ayniqsa, raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliyotga joriy etish va kiberxavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslar sektorda innovatsion yechimlarni keng ko‘lamda qo‘llashga xizmat qilmoqda. Bularning barchasi bank tizimining barqaror rivojlanishi va mijozlar uchun zamonaviy, xavfsiz xizmatlar ekotizimini shakllantirishda hal qiluvchi omilga aylandi.
O‘z navbatida, SQB faoliyatida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar ham bank sektoridagi izchil transformatsiya jarayonlarining yaqqol ifodasidir. Bank Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda “KPMG International” auditorlik va konsalting tashkiloti bilan hamkorlikda ko‘p bosqichli transformatsiya dasturini amalga oshirib kelmoqda. Bu dastur bizga korporativ boshqaruvni zamonaviy standartlar asosida qayta qurish, moliyaviy barqarorlikni kuchaytirish va ichki jarayonlarni izchil optimallashtirish imkonini berdi.
Bugungi kunda SQB nafaqat mamlakatdagi yetakchi tijorat banklaridan biri, balki biznes va investorlar uchun ishonchli moliyaviy sherik sifatidagi mavqeini yanada mustahkamladi. Korporativ va chakana segmentlardagi ko‘rsatkichlar izchil oshib bormoqda, aktivlari, kapitali, depozit va kredit portfellari hajmi kabi asosiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha mamlakatdagi uchta eng yirik banklar qatorida o‘z o‘rnini barqaror saqlab turibdi.
Xususan, 2025–yilning 1–oktyabr holatiga ko‘ra, bankning faol mijozlari 1 million 160 ming nafardan oshdi, mijozlar mamnunlik indeksi (NPS) 71,7 foizni tashkil etdi. “SQB Mobile” foydalanuvchilari soni 2 million 464 mingga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 1,5 baravar o‘sish demakdir. “SQB Business” auditoriyasi esa 42 mingdan oshib, o‘sish sur’ati 2,8 baravarni tashkil qildi.
“SQB Business” foydalanuvchilarining izchil ortishi, avvalo, yuridik shaxslar ehtiyojidan kelib chiqqan holda raqamli xizmatlar doirasining kengaytirilishi bilan bog‘liq. Jumladan, tadbirkorlik subyektlari uchun mo‘ljallangan ushbu mobil ilovada kreditlash, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun hisob raqam ochish, tarif paketlarini boshqarish hamda boshqa zamonaviy raqamli servislar bosqichma–bosqich joriy etildi.
Bankning “yashil” kredit portfeli 672,3 mln dollarga yetib, bir yilda 20 foizga o‘sdi. Shu davrda kichik va o‘rta biznesga qariyb 7,5 trln so‘m miqdorida kreditlar yo‘naltirilib, ushbu yo‘nalishdagi o‘sish 1,8 baravarni qayd etdi.
E’tiborlisi, bankda olib borilayotgan islohotlar fidoyi va tashabbuskor jamoaning uzluksiz izlanishi, salohiyati va yangilanishga intilishiga tayanadi. Shu asosda raqamli yechimlar keng joriy etilib, ichki biznes jarayonlari takomillashtirilmoqda hamda mijozlar ehtiyojiga yo‘naltirilgan xizmat modeli shakllantirilmoqda.
– Aziz Akbarjonovich, bank tomonidan AT1 obligatsiyalarini chiqarish qarori qaysi omillar natijasi sifatida qabul qilindi?
– So‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqtisodiy va moliyaviy sohada yangi bosqich boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning iqtisodiy yo‘nalishi bilan bir qatorda bank tizimini ham tubdan yangiladi. 2017–yilda milliy valyuta bozorini liberallashtirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar tashqi iqtisodiy aloqalar borasida keng imkoniyatlar ochib, xorijiy investitsiyalar uchun ochiq, shaffof va ishonchli muhitni shakllantirdi.
Aynan shu yangilangan makroiqtisodiy sharoitda SQB ilg‘or korporativ boshqaruvga asoslangan bank sifatida xalqaro kapital bozorlariga chiqish strategiyasini amalga oshira boshladi. 2019–yilda London fond birjasida 300 million AQSh dollarlik yevroobligatsiyalarni, 2024–yilda esa Reg S va 144A formatlarida dollar va so‘mdagi obligatsiyalarni muvaffaqiyatli joylashtirdi. Bu bankni xalqaro moliya bozorida munosib ishtirokchi sifatida tanitdi.
Mazkur tajribalar bizga bozor mexanizmlariga yanada chuqurroq integratsiyalashish imkonini berdi. AT1 instrumentlarini joriy etish qarori esa mana shu bosqichma–bosqich o‘zgarishlarning mantiqiy davomi, deyish mumkin. Bu – xalqaro amaliyotda qabul qilingan ilg‘or kapital mexanizmlarini milliy bank amaliyotiga tatbiq etishga qaratilgan izchil qadamdir.
AT1 obligatsiyalari jahon bank sektorida kapital yetarliligini mustahkamlash, xatarlarga nisbatan chidamlilikni oshirish va barqaror moliyaviy siyosat yuritish uchun qo‘llaniladigan zamonaviy instrument hisoblanadi.
SQB uchun bu instrumentni joriy etish bankning innovatsion moliyaviy yechimlarga ochiqligini, kapital siyosatida uzoq muddatli barqarorlikka katta e’tibor qaratayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. AT1 obligatsiyalari orqali biz nafaqat kapitalni mustahkamlamoqdamiz, balki yangi strategik yo‘nalishlar, xususan, kichik va mikrobiznesni qo‘llab–quvvatlash uchun zarur bo‘lgan raqamli infratuzilmani barqaror moliyalashtirishni ta’minlayapmiz.
Ta’kidlash kerakki, bunday strategik qarorlar va murakkab moliyaviy instrumentlarni joriy etish bankda chuqur tahlilga asoslangan maktab, shuningdek professional jamoaning o‘zaro hamkorligi va mas’uliyatli yondashuvi natijasidir. Aynan shu jamoaviy salohiyat bankka bozordagi o‘zgarishlarni oldindan ko‘ra olish va ularga tizimli tayyorgarlik ko‘rish imkonini bermoqda.
Ma’lumki, 2026–yildan joriy etiladigan 1 foizlik soddalashtirilgan soliq rejimi yurtimizda o‘n minglab yangi tadbirkorlarning paydo bo‘lishiga turtki bo‘ladi. Ularga esa ishonchli raqamli bank zarur. Biz kapitalni mustahkamlash va raqamli infratuzilmani rivojlantirishni birlashtirgan strategiya asosida tadbirkorlar uchun zamonaviy biznes platformasini yaratishga intilayapmiz.
– Nima uchun aynan hozir kichik va mikrobiznes tomon strategik burilish qildingiz?
– Chakana bank sohasida raqamlashtirish juda yuqori darajada. Mijozlar har kuni bir necha klik orqali onlayn to‘lovlar, o‘tkazmalar hamda boshqa bank xizmat va mahsulotlaridan samarali foydalanishmoqda.
Biroq kichik va mikrobiznes subyektlari bunday qulayliklarga to‘liq ega emas. Ular hali ham ortiqcha hujjatlar, navbat va tashriflar kabi qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Shu sababli chakana bank yo‘nalishidagi eng yaxshi amaliyotlarni kichik va mikrobiznes sohasiga tatbiq etishni boshladik. Tadbirkor bir necha klik orqali hisob raqam ochish, ekvayring (yoki terminal) ulash, onlayn kredit olish va barcha operatsiyalarni mobil tarzda boshqarish imkoniyatlariga ega bo‘ladi.
Bu segment uchun raqamli ekotizim yaratish bozorda samaradorlikni oshiradi va biznesga tezkor ishlash imkonini beradi.
– SQB servis modelini qanday yangilamoqda?
– Biz an’anaviy “so‘rov bo‘yicha xizmat” modelidan voz kechib, sheriklikka asoslangan yondashuvni joriy qilyapmiz.
Asosiy yo‘nalishlar:
Yagona servis ekotizimi: raqamli kanallar, aloqa markazi va menejerlar yagona platformaga birlashtirilmoqda. Bu yil yuridik shaxslar uchun alohida Call–center ishga tushadi.
Sifat nazoratining yagona tizimi: har bir kanalda bir xil yuqori darajadagi standart joriy etiladi.
Individual yondashuv: yirik mijozlarga shaxsiy menejerlar biriktiriladi.
CRM tizimi: mijoz haqidagi barcha ma’lumotlar bir joyga jamlanadi. Bu mijoz ehtiyojini oldindan aniqlab, murojaatdan avval yechim taklif etish imkonini beradi.
– Loyiha boshlanganiga bir oydan oshdi. Ilk natijalar qanday?
– Yangi sotuv modeli ishga tushirildi va natijalar kutilganidan yaxshiroq bo‘ldi. Qisqa davrda:
telemarketing, agentlar va to‘g‘ridan–to‘g‘ri sotuv kanallari tuzildi;
hisob raqami ochish jarayonida hujjatlar soni 10 tadan 1 tagacha qisqartirildi;
tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) (yoki eksport–import) bilan shug‘ullanuvchi mijozlar uchun alohida xizmat mexanizmi joriy etildi;
biznes talablar va mahsulotlar beklogi tuzildi;
yagona ma’lumotlar bazasi va dashboardlar tizimi ishga tushirildi.
Bu raqamli boshqaruv modeli uchun asos bo‘ladi. Endi qarorlar aniq ma’lumotlarga tayanib qabul qilinadi.
Shu bilan birga, marketing strategiyasi ishlab chiqilib, islohotlar va yangiliklar jamoatchilikka ochiq tarzda yetkazib borilmoqda.
“SQB Business” mobil ilovasi va dasturini mamlakatda kichik va mikrobiznes uchun yetakchi bank sifatida ilgari surish belgilandi.
Hozirning o‘zida ilk biznes–hamkorlarimiz paydo bo‘lgani bozorda yuqori talab, ishonch va qiziqish mavjudligidan dalolat beradi.
– Korporativ va o‘rta biznes segmentlarida amalga oshirilayotgan transformatsiya nimalarni o‘z ichiga oladi?
– SQB ushbu segmentda xizmat modelini yangi bosqichga ko‘tarib, barcha jarayonlarni mijoz yo‘liga mos ravishda qayta qurdi. Har bir korxonaga individual mijoz menejeri biriktirilib, standart xizmatlar bilan birga biznesning o‘ziga xos ehtiyojlariga mos yechimlar taklif etilmoqda.
Korporativ mijozlarning axborot tizimlari bilan to‘g‘ridan–to‘g‘ri bog‘lovchi API–integratsiya joriy etildi. Bu hisob–kitoblar va kundalik operatsiyalarni avtomatlashtirib, vaqt va resurslarni tejaydi. Yangilangan korporativ internet–banking esa onlayn depozitlar, korporativ kartalarni boshqarish, ommaviy ish haqi kartalarini ochish kabi qator funksiyalar orqali mijoz jarayonini yanada soddalashtirdi.
O‘rta biznes uchun muhim yangilik – Saudiya Arabistoni riyalida birinchi to‘lov amalga oshirilib, Fors ko‘rfazi davlatlari bilan hisob–kitoblar tez va xavfsiz tarzda yo‘lga qo‘yildi.
Umuman olganda, SQB korporativ va o‘rta biznesda mijozga yo‘naltirilgan, raqamli va tezkor xizmat ekotizimini barpo etdi. Bunday yondashuv, o‘z navbatida, biznes o‘sishi bilan birga bank barqarorligini ham mustahkamlaydi.
– Mijozlar bilan ishlashda qaysi omilni ustuvor deb bilasiz: qamrovlilikmi yoki sodiqlik?
– Ikkalasi ham muhim, biroq sodiqlik ustuvor. Qamrovga tez o‘sish yoki investitsiya orqali erishish mumkin. Ammo mijoz ishonchi yillar davomida shakllanadigan asosiy ustun hisoblanadi.
Raqamli davrda bu yanada muhim. Mijoz bankka kelmasdan servislar orqali muloqot qiladi. Agar har bir qadamda ishonch va qulaylik bo‘lsa, u uzoq yillar hamkorlikda qoladi.
– Yaqin orada yana qanday yangiliklar kutilmoqda?
– Yil oxiriga qadar internet–banking, keyingi yil boshida esa mobil ilova ishga tushadi. Bu tadbirkorlar uchun kundalik operatsiyalarni yanada yengillashtiradi.
– O‘zbekiston bank sektorining keyingi 3–5 yillik istiqbolini qanday tasavvur qilasiz?
– Raqamli model ustuvor bo‘ladi. Oflayn ofislar ahamiyati kamayadi, xizmat tezligi va qulaylik esa asosiy raqobat mezoniga aylanadi.
SQB o‘z oldiga tadbirkorlar uchun mamlakatdagi yetakchi raqamli biznes–bankka aylanish maqsadini qo‘ygan. Zero, kelajak banki – bu smartfondagi bank.
Bunda esa bankimiz jamoasining kuchi, o‘zaro birdamligi, qolaversa, mijozlar ishonchi va sodiqligi madad bo‘ladi.
– Mazmunli suhbat uchun tashakkur!Haftaning har jumasi O‘zsanoatqurilishbankning xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida alohida ruh, milliy kayfiyat va an’ ...
Joriy yilning 8-yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlardan birida O‘zsanoatqurilishbank (SQB) aksiyadorlar tarkibida o‘zga ...
Milliy libos – qadriyat va iftixor ramzi. Shu bois O‘zsanoatqurilishbank (SQB) tizimida milliy libo ...

