Все Кредиты
Joriy yilning 1-fevralidan boshlab Oʻzsanoatqurilishbank hamda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida “OʻzqurilishmaterialLITI” MCHJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi huzurida tashkil etilgan “Tadbirkorlar maktabi” oʻquv markazida qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida oʻz biznesini boshlash niyatidagi tadbirkorlar, tarmoq korxona va tashkilotlar xodimlari, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari uchun oʻquvlar boshlandi. Prezidentimiz tomonidan 2021-yil 9-iyunda qabul qilingan “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonda mamlakatimiz qurilish industriyasini rivojlantirishda barcha imkoniyatlardan toʻliq foydalanish borasida qator vazifalar belgilab berilgan.
Unga koʻra, shu kunga qadar Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, Bank va “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida “Tadbirkorlar maktabi” oʻquv markazi tashkil etilib, u ilgʻor taʼlim vositalari hamda tegishli adabiyotlar fondi bilan taʼminlandi.
Tadbirkorlik subyektlari va manfaatdor aholi vakillarini qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida biznesni zamonaviy asosda tashkil qilishga oʻqitish hamda ularga yanada keng imkoniyatlar yaratish maqsadida ish boshlagan mazkur markazda ilk mavsum ishtirokchilari maxsus savolnoma asosida saralab olindi.
Hozirda ushbu 20 nafar tinglovchi uchun mashgʻulotlar zamonaviy oʻquv dasturlari va yangi taʼlim metodlari asosida 4 ta modulga ajratilgan holda olib borilmoqda.
Bu borada oʻndan ziyod oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tadqiqot institutlari bilan oʻzaro hamkorlik oʻrnatilgan boʻlib, jami 72 soatga moʻljallangan kurslar chuqur malaka va koʻnikmaga ega fan nomzodlari, fan doktorlari hamda professorlar tomonidan olib borilmoqda.
Shuningdek, Turkiya (Maltepe university) va Germaniya (Passive House Institute) davlatlarida yaratilgan innovatsion texnologiyalarning Oʻzbekistonga transferini doimiy ravishda tashkil etish orqali tinglovchilar bilim va koʻnikmasi xalqaro mezonlar asosida ham boyitilmoqda.
– Oʻquv markazi faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi natijasida qurilish materiallari ishlab chiqarishda tashabbuskor tadbirkorlarning sohadagi malaka darajasi muntazam oshirib boriladi, – deydi “OʻzqurilishmaterialLITI” MCHJ ilmiy-tadqiqot va injiniring markazi direktori oʻrinbosari Adham Quvondiqov. – Ilgʻor arxitektura va dizaynerlik tamoyillariga asoslangan “kelajak materiallari” nomenklaturasi kengaytirilib, ishlab chiqarishda xalqaro standartlar keng joriy etiladi.
Shuningdek, markaz boʻlajak tadbirkorlarning moliya, soliq, marketing va huquqiy savodxonligini oshirishga, ilgʻor va zamonaviy texnologiyalar, ishlanmalar, bilimlar va ilm-fan yutuqlaridan foydalangan holda qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi yangi tadbirkorlarni kashf etishga xizmat qiladi. Qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalarida yashil iqtisodiyotni joriy etishga koʻmaklashadi.
Markazda oʻqishni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikat taqdim etiladi.
Qayd etib oʻtamiz, ayni paytda 2-mavsum uchun talabgor tinglovchilar roʻyxati shakllantirilmoqda. Oʻquv kurslari mutlaqo bepul.
Manzil: Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Tafakkur 68-a. “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi binosi.
Murojaat uchun telefon:
Telefon: +998 94 5766900, +998 33 5769595, +998 97 7278784
Elektron pochta: info@uzqmliti.uz, q.m.liti2017@mail.ru
Bank Axborot xizmati
...
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida 100 gektarlik yirik uzum plantatsiyasi barp ...
Joriy yilning 2-dekabr kuni Pensilvaniya shtati (AQSH)da ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zb ...