Oʻzsanoatqurilishbank ikkinchi marotaba YETTBning “Yashil moliyalashtirish yoʻnalishidagi eng yaxshi loyiha” sovriniga erishdi

Joriy yilning 10-12-may kunlari Marokash shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) Boshqaruvchilari Kengashining 2022-yilga moʻljallangan anʼnaviy yillik yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Uning doirasida YETTB aʼzo-mamlakatlarining ishbilarmon doiralari uchun xalqaro biznes-forum tashkil etildi.

Yigʻilish “Joriy notinch dunyoda tahdidlarga javob choralari” mavzusiga bagʻishlanib, YETTBga aʼzo-mamlakatlar vakillariga iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlash, iqlim oʻzgarishlariga qarshi kurashish, YETTB investitsiya kiritayotgan mintaqalarda biznes muhitni yaxshilash kabi global masalalarni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat tugʻdirdi.

Tadbir davomida YETTBning oʻtgan yildagi eng yaxshi hamkor banklarini taqdirlash marosimi ham boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzsanoatqurilishbank ikkinchi marotaba “Yashil moliyalashtirish yoʻnalishidagi eng yaxshi loyiha” (Deal of the Year – Green Trade) nominatsiyasi boʻyicha taqdirlandi.

Ushbu mukofot davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan 2019-2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining yashil iqtisodiyotga oʻtish strategiyasiga muvofiq yashil investitsiyalarni jalb qilishga bank tizimi vakillarini qiziqtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning xalqaro moliya hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilishi hisoblanadi.
Mazkur strategiyada belgilangan ustuvor vazifalarga toʻliq muvofiq ish yuritish maqsadida muassasa tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) bilan hamkorlikda olib borilgan transformatsiya jarayonida Markaziy Osiyo mintaqasida yashil moliyalashni rivojlantirish imkoniyatiga ega ilk Bank sifatida tashabbus olgʻa surildi.

Xususan, bank tizimida “Green banking” departamenti faoliyati yoʻlga qoʻyildi. XMK ekspertlari bilan hamkorlikda “Ekologik va ijtimoiy xavflarni boshqarish tizimini rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqilib, uni amalga oshirish mexanizmi tasdiqlandi.
Shu bilan bir qatorda, XMK mutaxassislari bilan “yashil bozor” tadqiq qilindi. Oʻrganishlar asnosida korporativ va ulgurji, kichik va oʻrta biznes toifasidagi mijozlar uchun yashil moliyaviy mahsulotlar ishlab chiqildi.

Ekspertlar tavsiyalariga koʻra, Bank yashil loyihalarni baholash uchun CAFI dasturidan foydalana boshladi. Umumiy hisobda dastur yordamida 121 ta loyiha moliyalashtirildi.

Bundan tashqari, Oʻzsanoatqurilishbank Jahon banki, YETTB hamda Yevropa investitsiya banki bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻyicha energiya samaradorligiga oid dastur hamda loyihalar doirasida ham yaqindan hamkorlik qilib keladi.

Ushbu yoʻnalishda YETTB Bankka Markaziy Osiyodagi ilk “Yashil bank”ni taʼsis etish borasida koʻmaklashib kelmoqda. 2021-yilda “GEFF – Green Economy Financing Facility” dasturi doirasida 25 mln. dollar hajmidagi kredit liniyasi ajratildi.

Umuman, Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan yashil iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash, yashil loyihalarni moliyalashtirish borasida amalga oshirilayotgan faol ishlar nafaqat hukumatimiz, balki jahon hamjamiyati tomonidan alohida eʼtirof etilmoqda.

Oʻtgan yilda “Astana” moliya markazining Yashil moliya markazi tomonidan har yili anʼnaviy tarzda oʻtkaziladigan “Green Finance Awards” mukofoti sovrindorlarini aniqlash marosimida Bank “2021-yilning eng yaxshi yashil investitsiyaviy banki” nominatsiyasi boʻyicha ragʻbatlantirilgani  bunga misol boʻla oladi.



Oxirgi yangilanish sanasi: 06.07.2022 11:45  
up