Joriy yilning 20-sentyabr kuni respublikamiz bo‘ylab “Hayot uchun joy ajrating” shiori ostida ommaviy plogging ekoaksiyasi tashkil etildi. Unda O‘zsanoatqurilishbank jamoasi kuchli uchlikdan joy oldi.

Aksiya “Butunjahon tozalik kuni” (“World cleanup day”) munosabati bilan O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, “Coca cola” kompaniyasi va O‘zsanoatqurilishbank hamkorligida tashkil etildi.

Unda mingdan ortiq ishtirokchilar tomonidan 36,5 tonna chiqindi yig‘ildi.

Bank jamoasi Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanini 97 kg chiqindidan tozalab, o‘zaro bellashuvda uchinchi o‘rinni egalladi.

– Aksiyadan ko‘zlangan maqsad nafaqat atrof-muhitni chiqindilardan tozalash, balki jamoatchilik e’tiborini dolzarb ekologik muammolarga qaratish hamda ekologik madaniyat va mas’uliyatni oshirishdan iborat, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB “Green banking” departamenti direktori Bobur Sultonmurodov.

Shuningdek, tadbir davomida yosh ekofaol rassomlar tomonidan atrof-muhitni ozoda saqlashga doir suratlar chizildi.

Ma’lumot uchun, “World cleanup day” aksiyasi dastlab 2008-yilda Estoniyada bo‘lib o‘tgan. 2023-yilda harakat 211 mamlakatdan 19,1 million kishini safarbar qilgani uchun BMTning Barqaror rivojlanish mukofotiga sazovor bo‘lgan. O‘zbekistonda ushbu kun 2019-yildan buyon nishonlanadi.

https://youtu.be/h_G0ZvLBtV4?si=esDhWyY0wZJnOAye

Bank Axborot xizmati




Oxirgi yangilanish sanasi: 23.09.2024 15:33  
up