Yangiliklar

Toshkent viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi ortmoqda


22.09.2022

Toshkent viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi ortmoqda

Mamlakatimizda energiya tejamkor va innovatsion turdagi qurilish materiallaridan foydalanishga alohida eʼtibor berilmoqda. Boisi, bunday mahsulotlar bino-inshootlar tannarxining arzon boʻlishiga va qurilish ishlarining tez va sifatli bitishiga xizmat qiladi. 

Toshkent viloyatida shu turdagi mahsulotlar ishlab chiqarayotgan korxonalar talaygina. Xususan, joriy yilda Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan hududlardagi tijorat banklari bilan hamkorlikda umumiy qiymati 102,2 mln. dollarlik 19 ta loyiha ishga tushirilib, natijada 1350dan ziyod yangi ish oʻrni yaratildi.

Ulardan biri “Angren” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan avtoklav usulida yengil beton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi “Ecoton sharq” masʼuliyati cheklangan jamiyatidir.

– Rivojlangan davlatlarda gʻisht oʻrniga energiya tejamkor yengil betondan foydalanish keng ommalashgan, ayniqsa, Yevropada xususiy uylarning 70 foizi ana shunday qurilish materialidan barpo etiladi, – deydi “Ecoton sharq” MCHJ direktori Igor Bojenov. – Mamlakatimizda xorijiy investorlarga yaratilgan qulayliklar hamda qurilish materiallarini mahalliylashtirish dasturi asosida berilayotgan imtiyozlardan foydalangan holda innovatsion turdagi beton mahsulotlarini ishlab chiqarishga qoʻl urdik. Loyiha toʻgʻridan-toʻgʻri jalb qilingan xorijiy investitsiya (8,1 mln. dollar) hisobiga ishga tushirildi. Hozirda Xitoy texnologik uskunalari hamda 180ga yaqin ishchi kuchi bilan yiliga 300 ming metr kub avtoklav beton mahsulotlari ishlab chiqarmoqdamiz.

Mutaxassislarning fikriga koʻra, yengil beton blokidan foydalanish qurilish-montaj ishlari muddatini toʻrt baravargacha kamaytirib, umumiy xarajat sarfini ham bir necha baravar qisqartiradi. Uning oddiy betondan farqi tarkibidagi 1-3 millimetrli pufaklar hisobiga yengil, yetarli darajada mustahkam, issiq va sovuqdan yaxshi himoyalash xususiyatlariga egaligidir.

“Ecoton sharq” hududdagi eng istiqbolli korxona sanaladi. Faoliyatining dastlabki davridan qoʻshni davlatlar bilan eksport shartnomalarini tuzishga erishdi. Bu borada yillik koʻrsatkich 13 mlrd. 200 mln. soʻmni tashkil etmoqda.

Shuningdek, yurtimizda importi yuqori boʻlgan qurilish materiallari yoki uning muqobil variantlarini ishlab chiqarish boʻyicha ham qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Yildan-yilga talab darajasi ortib borayotgan laminatsiyalangan yogʻoch-qirindili plitalar ishlab chiqarish boʻyicha yangi korxonalar ishga tushirilmoqda.

Zangiota tumanida “Paper production” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan yoʻlga qoʻyilgan yangi ishlab chiqarish xuddi shu faoliyat turiga qaratilgan.

 Loyihaning umumiy qiymati 21 mlrd. soʻm boʻlib, u toʻliq tashabbuskorning oʻz mablagʻi hisobidan amalga oshirilgan. 

– Uy va ofislarni jihozlashda kishilarning xohish-istaklari jozibadorlikdan qulaylik va yengillik sari oʻzgarib bormoqda, – deydi “Paper production” MCHJ rahbari oʻrinbosari Sanjar Shayxov. – Bunday mebel mahsulotlarini ishlab chiqishda esa, tadbirkorlar koʻproq yogʻoch-qirindili plitalarni afzal koʻrishmoqda. Mahsulotlarni laminatsiyalangan holda taklif etish esa, uning xaridorgirligini taʼminlayapti.

Yogʻoch-qirindili plitalar yogʻoch qirindilari xom ashyosidan issiq press ostida yuqori bosim natijasida hosil boʻladi, qurilish va pardozlash materiallari sifatida qurilish, mebel ishlab chiqarish hamda taʼmirlash ishlarida keng qoʻllaniladi. 

Qurilish materialini ishlatish oddiy va qulay, baʼzi muqobil mahsulotlar orasida arzon hisoblanadi.

“Paper production” korxonasi energiya tejamkor va xavfsizlik boʻyicha xalqaro standartlarga javob beruvchi Xitoyning ilgʻor texnologiyalari bilan jihozlangan.

Yuzta ish oʻrniga ega korxona tomonidan yiliga 35 267 metr kub import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Mazkur korxonaning ham faoliyati eksportga yoʻnaltirilgan. Bu borada MDH mamlakatlari bilan erishilgan kelishuv yillik 9 mlrd. 198 mln. soʻmga teng.

Taʼkidlash joiz, Prezidentimizning 2021-yil 9-iyundagi “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv raisi bir paytning oʻzida Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengash raisi vazifasini ham bajarishi belgilangan.

Shunga koʻra, Bank tomonidan mazkur yoʻnalishdagi ishlarni muvofiqlashtiruvchi sifatida barcha hududlarda teng va keng miqyosli amaliy ishlar olib borilmoqda. 

Xususan, resurslarni yetarli darajada shakllantirish va sohaga oid loyihalarning oʻz vaqtida tatbiq etilishini taʼminlash maqsadida boshqa banklar bilan muzokara va amaliy ishlar faol davom ettirilmoqda.                                 






Boshqa yangiliklar


Oxirgi yangilanish sanasi: 23.09.2022 12:19

JOYDA mobil ilovasi

Smartfondagi qulay ilova yordamida kunlik to'lovlarni amalga oshiring

playmarketappstore

up