SQB Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan EBRD Climate Leadership Forum’da ishtirok etdi

2026-yil 29-oktabr kuni Toshkent shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) tomonidan hamkor moliya institutlari uchun EBRD Climate Leadership Forum with Partner Financial Institutions forumi tashkil etildi.
Forumda SQB nomidan Abdurashid Xakimov va Bobir Sultonmurodov spiker sifatida ishtirok etib, bankning barqaror moliyalashtirishni rivojlantirish hamda iqlim omillarini bank faoliyatiga integratsiya qilish borasidagi tajribasi va amaliy yondashuvlari bilan o‘rtoqlashdilar.
Forum doirasida uchta asosiy yo‘nalish muhokama qilindi:
1. O‘zbekistonning iqtisodiy va iqlim sharoitida iqlim o‘tish jarayonining ahamiyati
Iqlim o‘zgarishi, energiya resurslariga talabning ortishi, suv resurslari tanqisligi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining rivojlanishi bank sektoriga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani ko‘rib chiqildi. Shuningdek, iqlim omillarini bank strategiyalari, risklarni boshqarish tizimi va kredit qarorlariga integratsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
2. Iqlim o‘tish rejalari biznesni rivojlantirish vositasi sifatida
Iqlim o‘tish rejalarining banklarning uzoq muddatli biznes strategiyasini shakllantirish, raqobatbardoshligini oshirish va kredit portfeli barqarorligini mustahkamlashdagi o‘rni muhokama qilindi. Xususan, energiya samaradorligi, qayta tiklanuvchi energetika, ekologik toza ishlab chiqarish va suvni tejovchi texnologiyalar loyihalarini moliyalashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
3. Iqlim yetakchiligi va institutsional o‘zgarishlar
Iqlim strategiyalarini amaliyotga tatbiq etishda bank rahbariyatining qo‘llab-quvvatlashi, samarali korporativ boshqaruv, professional salohiyatni rivojlantirish hamda tarkibiy bo‘linmalar o‘rtasidagi hamkorlikning ahamiyati ta’kidlandi. 
SQBning barqaror moliyalashtirish sohasidagi tajribasi
SQB uchun barqaror moliyalashtirish bank rivojlanishining strategik yo‘nalishlaridan biridir. 2019-yilda Yashil bank departamenti tashkil etilganidan buyon bank yashil loyihalarni moliyalashtirish hajmini kengaytirib, ekologik va ijtimoiy risklarni boshqarish (ESG) tizimini takomillashtirib kelmoqda. Shuningdek, barqaror obligatsiyalar chiqarish orqali xalqaro kapitalni jalb qilmoqda.
2026-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, SQBning barqaror moliyalashtirish portfeli 3,6 mlrd AQSh dollariga yetdi. Shundan 730,5 mln AQSh dollari yashil kreditlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Forumda ishtirok etish xalqaro moliya institutlari bilan amaliy tajriba almashish hamda O‘zbekistonda iqlim va barqaror moliyalashtirishni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusi vazifalarni muhokama qilish uchun muhim imkoniyat bo‘ldi.
SQB barqaror rivojlanish tamoyillarini bank faoliyatiga integratsiya qilish, mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi, raqobatbardoshligi va ekologik mas’uliyatini oshirishga qaratilgan faoliyatini izchil davom ettiradi.
Orqaga qaytish
12 