O'zsanoatqurilishbank nufuzli AsiaMoney nashri tomonidan “Eng yaxshi mahalliy bank" deb topildi


AsiaMoney jurnali tomonidan o'tkazilgan "2021 yilning eng yaxshi banki" (Best bank awards 2021) tanlovida O'zsanoatqurilishbank "Eng yaxshi mahalliy bank" nominatsiyasida ketma-ket ikkinchi marta g'olib deb topildi.

Nashr ekspertlari O'zsanoatqurilishbankni mamlakatning eng yirik kredit muassasalaridan biri sifatida e’tirof etib, moliya muassasining so'nggi 12 oydagi faoliyatini tahlil qildilar. Xususan, hisobot davrida bankning moliyaviy ko'rsatkichlari yaxshilanganligi qayd etildi. Bank aktivlari 2020-yil oxiriga kelib 29% ga, ya’ni 4,5 mlrd. dollargacha o'sdi va o'z kapitalining rentabelligi 2019-yildagi 9% dan 15% gacha o'sdi. Chakana mijozlar soni 2019 yildagi 1,07 milliondan 1,16 millionga, korporativ mijozlari soni esa 56 500 tadan 64 500 taga oshdi.

Tahlilchilar Xalqaro moliya korporatsiyasi va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birgalikda moliya institutini transformatsiyasi bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdilar. Qayd etilganidek, transformatsiya jarayonlari bankka biznesni kengaytirish va uni bozor tamoyillari asosida ishlaydigan universal bankka aylantirish, kichik va chakana biznes segmentlariga alohida e'tibor qaratgan holda investitsiya portfelini diversifikatsiya qilish, aholi o'rtasida marketing va brendni tanib olishni oshirish imkonini berdi.

O'zsanoatqurilishbank tomonidan "JOYDA" dasturiy ta'minoti va "SQB Premium" servisini joriy etish orqali bank xizmatlarini raqamlashtirish borasida amalga oshirilgan ulkan ishlar, shuningdek, bankning O’zbekistonda birinchi bo’lib "yashil banking"ni rivojlantirish uchun mas'ul bo'lgan va barqaror rivojlanish loyihalarini moliyalashtirish masalalariga ixtisoslashgan tegishli bo'linmalarini joriy etish borasidagi yutuqlari alohida ta'kidlandi.

AsiaMoney ekspertlari koronavirus pandemiyasi sababli qiyin ahvolga tushib qolgan mijozlarni qo'llab-quvvatlash, shuningdek, bank korporativ boshqaruv va risk menejmentini yanada takomillashtirishni bankning yaqin istiqboldagi maqsadlari sifatida qayd etdilar.

Ma'lumot uchun. "Best bank" tanlovi har yili an'anaviy ravishda Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlari banklari o'rtasida nufuzli xalqaro moliyaviy nashr – AsiaMoney jurnali tomonidan o'tkaziladi. Bunda asosiy maqsad o'tgan yil davomida har bir mamlakatning bank-moliya muassasalarining faol faoliyati darajasini baholashni ishlab chiqishdan iborat. G'oliblar "Eng yaxshi mahalliy bank", "Eng yaxshi korporativ va investitsiya banki", "Eng yaxshi xalqaro bank", "Kichik va o'rta biznes sub'ektlariga eng yaxshi xizmat ko'rsatgan bank", "Eng yaxshi raqamli bank", "Korporativ ijtimoiy mas'uliyat nuqtai nazaridan eng yaxshi bank", "Mikromoliyaviy xizmatlar ko'rsatish bo'yicha eng yaxshi bank" kabi nominatsiyalar bo'yicha rag'batlantiriladi.

Maqolaga havola:

https://www.asiamoney.com/article/27i6gralrq1bhg3whzzls/awards/best-bank-awards/uzbekistans-best-dom...