Все Кредиты
Joriy yilning 23-dekabr kuni Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti qoshida tashkil etilgan innovatsion markazning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda bank va universitet rahbariyati, ilmiy xodimlar, talabalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 2020-yil 13-fevralda Oʻzsanoatqurilishbank hamda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston milliy universiteti oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolangan.
Unga koʻra, BPR metodologiyalari hamda BI tizimini joriy qilgan holda bank sohasiga oid innovatsion loyihalarni ishlab chiqib, amaliyotga tatbiq etish, internet va mobil bankingni rivojlantirish, biznes protsesslar va boshqaruv sifatini oshirish hamda optimallashtirish maqsadi koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, memorandum asosida tomonlar oʻrtasida axborot xavfsizligini taʼminlash va yangi dasturiy tizimlarni ishlab chiqish sohasida talabalarning amaliy koʻnikmalarini mustahkamlash masalalari ham belgilab olingan.
Shu maqsadda universitet qoshida Oʻzsanoatqurilishbank innovatsion markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Buning uchun oliygohning Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar fakulteti binosidan ajratilgan maxsus auditoriya toʻliq zamonaviy standartlar darajasida jihozlandi. Ilgʻor kompyuter-texnik vositalar hamda dasturiy taʼminotlar bilan taʼminlandi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzsanoatqurilishbank tizimida xodimlar zaxirasini shakllantirishda jahon tajribasida keng qoʻllaniladigan uslublardan samarali foydalanib kelinadi.
Bu borada Bank qator oliy taʼlim muassasalari bilan uzoq yillik hamkorlik munosabatlarini olib borib, oʻz jamoasini iqtidorli, tashabbuskor, yuqori salohiyatli hamda xorijiy tillarni mukammal oʻzlashtirgan yosh kadrlar bilan butlab bormoqda.
Oʻzbekiston milliy universiteti qoshida Oʻzsanoatqurilishbank innovatsion markazini tashkil etishda ham tomonlarning teng manfaatdorligi inobatga olingan. Xususan, markaz faoliyati respublikamiz bank-moliya sohasiga axborot xavfsizligi va iqtisodiy matematika yoʻnalishida kadrlar tayyorlash va ishga jalb qilishga qaratilgan.
Maʼlumot uchun. Business Process Reengineering (BPR) – bu biznesni boshqarish strategiyasi boʻlib, tashkilot faoliyatidagi ish oqimlari va biznes jarayonlarini tahlil qilish hamda loyihalashga moʻljallangan. BPR tashkilotlarga oʻz faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish, mijozlarga xizmat koʻrsatishni yaxshilash, operatsion xarajatlarni kamaytirish va jahon miqyosidagi raqobatchilarga aylanishda koʻmaklashishni oʻz ichiga oladi.
Business intelligence (BI) – menejerga oʻz kompaniyasi va uning muhiti haqidagi maʼlumotlarni tahlil qilishda yordam berish uchun moʻljallangan dasturiy taʼminot. BI vositalarining aksariyati oxirgi foydalanuvchilar tomonidan koʻpincha omborda, maʼlumotlar bozorida yoki onlayn maʼlumotlar omborida joylashgan maʼlumotlarga kirish, tahlil qilish va hisobotlarni yaratish uchun ishlatiladi. Ilovalarni ishlab chiquvchilar BI vositalari hisoblanmaydigan BI ilovalarini yaratish va joylashtirish uchun BI platformalaridan foydalanadilar.
Bank Axborot xizmati
...
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida 100 gektarlik yirik uzum plantatsiyasi barp ...
Joriy yilning 2-dekabr kuni Pensilvaniya shtati (AQSH)da ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zb ...