2019 yilda Toshkentda ikkita muhim loyiha ishga tushiriladi
22.12.2018 11:02
Toshkent shahrining Sergeli va Yashnobod tumanlarida kelgusi yilda metall list, sendvich panellari, metall konstruktsiyalar va granit toshlar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Sergeli tumanidagi V.L.Galperin nomidagi Toshkent truba zavodi tomonidan ishlab chiqarilayotgan truba mahsulotlari nafaqat O‘zbekistonda balki xorijda ham yaxshi tanish. Eksport geografiyasini kengaytirish, energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish maqsadida korxona metall listlarni ishlab chiqarishni yanada takomillashtirish ustida ish boshladi.
Ushbu loyiha doirasida Xitoydan zamonaviy texnologik liniya xarid qilinishi rejalashtirilgan. Natijada zavodda yiliga 500 ming tonna metall list ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
300 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. E’tiborlisi, kelgusi yilning so‘nggiga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan mazkur loyihaga “O‘zsanoatqurilishbank” ATB tomonidan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xitoy taraqqiyot banki kredit liniyalari orqali kredit mablaglari ajratiladi.
Yashnobod tumanidagi sobiq aviatsiya zavodiga qarashli foydalanilmay yotgan binolarda ish boshlagan “Steel property construction” korxonasi ham poytaxtda qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqaruvchi muhim loyihalardan biri hisoblanadi.
Loyiha qiymati 40 mln. dollarga teng. Ishlab chiqarish uch bosqichda -dastlab sendvich panellar, keyin metall konstruktsiyalari ishlab chiqarila boshlasa, so‘nggi bosqichda granit toshlarni kesish va qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun korxonaga Italiya, Gollandiya, Janubiy Koreya, Avstriya davlatlaridan zarur texnikalar keltiriladi, poytaxt aholisining 300 nafari ishga jalb qilinadi.
Qayd etish joizki, “Steel property construction” korxonasida amalga oshiriladigan mazkur yirik loyihani amalga oshirishda "O‘zsanoatqurilishbank" tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilinadi. Bunda “O‘zsanoatqurilishbank” qoshida tashkil etilgan “PSB Capital” investitsiya kompaniyasi loyihaga 10 million dollarlik sarmoya kiritadi.
605
Другие новости