Yangiliklar

Bonds & Loans: “O‘zsanoatqurilishbank Moliya vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonning korporativ obligatsiyalar bozorini ochmoqda”


12.02.2020 17:32

Bonds & Loans: “O‘zsanoatqurilishbank Moliya vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekistonning korporativ obligatsiyalar bozorini ochmoqda”

Suveren obligatsiyalar xalqaro bozorga chiqqanidan bir necha oy o‘tgach O‘zsanoatqurilishbank tomonidan emissiya qilingan ilk korporativ yevroobligatsiyalar jahon moliyachilarini qiziqtirib kelayotgan mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Yaqinda Bonds&Loans internet nashri O‘zbekiston moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov va Bank Boshqaruvi raisi Aziz Voitov bilan shu mavzuda suhbat uyushtirdi. Quyida ushbu suhbatning qisqartirilgan o‘zbekcha talqini bilan tanishishingiz mumkin.

Bonds & Loans: Mazkur ilk bitim bir necha jihatdan novatorlikka ega. Zero, bu O‘zbekiston tashqarisidagi ilk korporativ emissiya hisoblanadi. Bitimning O‘zsanoatqurilishbank va mamlakat uchun ahamiyati haqidagi fikringiz bilan bo‘lishsangiz. Asosiy maqsad nima edi va uni amalga oshirishga qanday erishdingiz?

Odilbek Isoqov: O‘zsanoatqurilishbank O‘zbekistondagi ikkinchi eng yirik va eng qadimiy bank. U neft va gaz, telekommunikatsiya va boshqa sohalarda mijozlarga ega bo‘lgan korporativ bankdir.

Bank chakana savdoni kengaytirishga harakat qilmoqda, mahalliy kichik va o‘rta biznes rivojlanishiga yordam bermoqda. Yevroobligatsiya ushbu o‘zgarishlarning bir qismi bo‘lib, qarz beruvchiga kelgusi yillarda eng katta o‘sish yo‘nalishlari qanday bo‘lishini aniqlashga ko‘maklashadi. Aholining aksariyatida bank hisobraqamlari mavjud emas. Ipoteka kreditlari paydo bo‘lmoqda va iste’mol krediti uzoq yo‘lni bosib o‘tishi kerak. Shu bois to‘ldirilishi lozim bo‘lgan katta bo‘shliq mavjud.

Aziz Voitov: 2017-yilda biz Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan birgalikda mamlakatning moliya va bank sektorini o‘zgartirish bo‘yicha keng ko‘lamli tashabbusning bir qismi bo‘lmish yevroobligatsiyalar chiqarishga oid ichki kelishuvga erishdik. Ushbu rejaning bir qismi sifatida bankni davlat tomonidan taqdim etiladigan kredit beruvchidan xalqaro muvofiqlik va oshkoralik standartlariga javob bera oladigan tijorat tuzilmasiga aylantirishga oid sa’y-harakatlarni amalga oshirdik. 2018-yilda bankni rivojlantirish strategiyasi ustida ishlashni boshladik va shunga asoslanib, turli aktsiyadorlar bilan maslahatlashuvlarni boshladik. Bular yevroobligatsiyalar debyutiga kirishga oid rejalar muhokamasini o‘z ichiga oladi.

Joriy yilda davlat suveren obligatsiyalari chiqarilganidan so‘ng, obligatsiyalarimizga oid muammolarni bartaraf etdik va bozorga chiqdik. Bu faoliyatimizda yangi bosqich bo‘ldi. Albatta, bu yo‘lda qator qiyinchiliklarga duch kelindi, ammo maqsadimiz shunchaki xalqaro bozorlarga chiqish va mablag‘ to‘plash emas, balki bank brendini xalqaro miqyosda ommalashtirish va moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish edi.

Bonds & Loans: Siz va hamkorlik qilmoqchi bo‘lgan sarmoyadorlar uchun asosiy qiyinchiliklar nimalardan iborat edi?

Odilbek Isoqov: Haqiqatan ham narxlarni aniqlashdan tortib barcha jarayonlar qiyin edi. Joylardagi taqdimotlar davomida biz atroflicha fikr almashdik, muhokama mavzusi juda keng edi. Shuning uchun bunday keng muhokamani tugatishning iloji yo‘qligini tushundik. Maqsadimiz imkon qadar talabni kuchaytirish edi. Shu bois investorlarga nafaqat O‘zsanoatqurilishbank kredit tarixi haqida, balki yurtimizdagi makroiqtisodiy sharoitlar, bank sektori va bu borada hukumat siyosati haqida ma’lumot berishga vaqt ajratdik. Ko‘plab sarmoyadorlar suveren obligatsiyalar qo‘lga kiritilganidan keyingi vaziyat haqida ma’lumotga ega edi. Bu kamchiliklarni bartaraf etishda qo‘l keladi.

Bonds & Loans: Avval ham mahalliy bozorlarga qiziqish bor edimi? Ayniqsa, hukumatning dollarsizlantirish dasturini hisobga olgan holda.

Aziz Voitov: Ichki bozor haqiqatan ham rivojlanish bosqichida. Bizda kapital bozorlarini rivojlantirish, moliyaviy infratuzilmani qurish va xalqaro investorlar bilan ishlashga ixtisoslashgan yangi hukumat agentligi mavjud. Shu paytgacha bozorga taxminan 15 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 150 milliard so‘mni yo‘naltirdik.

Garchi mahalliy bozorda milliy valyutada obligatsiyalar chiqarayotgan bo‘lsak-da, yer va soliq qonunchiligida islohotlar olib borilayotgan bir paytda, shuningdek, korporatsiyalar tomonidan savdoni moliyalashtirish va texnikani sotib olish uchun xorijiy valyutasidagi kreditlarga talab oshib borayotgan jarayonda sarmoyadorlarning O‘zbekistonga qiziqishi kuchaygani sari jahon kapital bozorlarini o‘rganish uchun katta imkoniyatlar mavjud ekaniga ishonardik.

Yevroobligatsiyalarni chiqarishga kirishishimiz bilan bir vaqtning o‘zida, yevroobligatsiyalar mablag‘larini jalb qilishga oid loyihalarni aniqlash ustida ish olib bordik.

Bonds & Loans: Endi siz bozorga chiqqaningizdan so‘ng, bank va suveren obligatsiyalar uchun keyingi qadamlar qanday? Kelgusi yillarda qanday qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin?

Odilbek Isoqov: Keyingi qadamlarimiz bozordagi vaziyatga bog‘liq bo‘ladi. Besh yillik tenor debyut uchun sinab ko‘rilgan usul. Suveren obligatsiyalar chiqarilgach, biz har biri 500 million AQSh dollari miqdorida ikki marotaba transh qildik va qiymati 8,5 milliard AQSh dollaridan ortiq buyurtma oldik. Ammo hajmni oshira olmadik. Boisi, mamlakat uchun qo‘shimcha mablag‘ kerak emas edi. Bank uchun, shuningdek, loyihalarga asoslanib, 300 million AQSh dollari CEMBI huquqini hisobga olgan holda bozorga chiqishga arziydigan eng kam miqdor.

Aziz Voitov: Qiyinchiliklar va xatarlar jihatidan bozor o‘sishi uchun juda katta salohiyatga ega. Ammo raqobat tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda va boshqa qarz beruvchilar o‘z faoliyatini kuchaytirmoqda. Bozorga yangi xalqaro kreditorlar ham kirib kelmoqda. Kelgusi yil bankimizni ushbu mustahkam bozorda yetakchiga aylantirish yili bo‘ladi. Shuning uchun imkoniyatlarimizni rivojlantirmoqdamiz. G‘arbning eng yaxshi banklarida ishlaydigan mutaxassis vatandoshlarimizni jalb qilmoqdamiz. Masalan, “JP Morgan”da ishlagan vatandoshimizni bankni jahon miqyosidagi moliyaviy institutga aylantirish va brendimizni rivojlantirishga yordam berish uchun yolladik. Kelajakka intilish juda muhim, ammo bosqichma-bosqich qadam qo‘ygan ma’qul.

Bonds & Loans: Bank (va mamlakat)ning birinchi yevroobligatsiyasini joylashtirish tajribasidan olgan asosiy saboqlaringiz qaysilar? Siz, ayniqsa, ushbu mintaqada debyut qiladigan boshqa emitentlarga qanday maslahat berasiz?

Odilbek Isoqov: Bozor ochiq va u yerda katta likvidlik mavjud. Shuning uchun u har qanday ishonchli biznes-rejaga ega emitentni yutishga qodir. Rivojlanayotgan bozor sarmoyadorlari yangi kreditlar topishga, o‘z maqsadlariga erishishga intiladi. Shuning uchun bunga jiddiy yondashish kerak.

Sharoitni sinchkovlik bilan baholashga, narxlarni mos ravishda belgilashga va muzokaralar jarayonida shaffof bo‘lishga harakat qilish, zarur bo‘lganda buyurtmalarni qisqartirishga tayyor turish lozim. Va, nihoyat, banklarni to‘g‘ri tanlash va yuridik firmalarni yollashda ishonch hosil qilish maqsadga muvofiqdir. Bu katta ahamiyatga ega.

Aziz Voitov: Men bo‘lajak emitentlar ichki hisobotlariga va oshkoralikka e’tibor qaratishlarini maslahat beraman. Chunki ko‘plab kompaniyalar hanuz xalqaro hamkasblaridan orqada qolmoqda. Bu biznesni soddalashtirishga yordam beradi. Sababi, xalqaro standartlarni qo‘llaganingizda, amaldagi bo‘shliqlar va samarasizliklarni sezishni boshlaysiz. Natijada maqsadlaringizga erishasiz. Nimaga erishmoqchiligingizni bilishingiz, tushumlarni ishlatishga oid strategiyangiz bo‘lishi zarur. Bu shunchaki ishlab chiqarish uchun amalga oshirilmasligi kerak.

Xalqaro obligatsiyalar bozoriga kirish – bu birinchi qadam. Endi biz ko‘rsatkichlar va xalqaro standartlarga muvofiqlikni oshirish ustida ish olib boramiz.

Suhbat qisqartirilgan shaklda chop etildi. To‘liq ingliz tilida quyidagi havolada:

https://bondsloans.com/news/sqb-opens-up-uzbekistans-corporate-bond-market-with-finance-ministrys-guidance

Bank Axborot xizmati





Другие новости

13.12.2024 09:56:24
Germaniyalik olim qurilish materiallari sohasini rivojlantirishda xorijiy maslahatchi sifatida jalb etildi

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga xorijiy maslahatchi sifatida Germaniyaning Drezden texnika universi ...

12.12.2024 17:09:40
O‘zsanoatqurilishbankda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi

9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Ochiq e ...


Дата последнего обновления: 28.05.2020 10:19  
up