Yangiliklar

DIQQAT! Firibgarlikdan ogoh boʻling!


18.04.2023 14:08

Ijtimoiy tarmoqlarda firibgarlar tomonidan turli mazmundagi xabarlar fonida fuqarolarning plastik karta maʼlumotlarini qoʻlga kiritishga urinishlar koʻpaymoqda.

Bunday holatda ishonuvchan hamda moliyaviy savodxonlik darajasi yetarli boʻlmagan fuqarolar juda tez firibgarlik tuzogʻiga tushmoqda.

Oʻzsanoatqurilishbank xalqimizni, shu jumladan, oʻz mijozlarini firibgarlikning quyidagi belgilaridan ogoh boʻlishga chaqiradi:

1. Ishontirish maqsadida oʻzini bank, huquqni muhofaza qiluvchi organ yoki biron savdo tashkilotining xodimi sifatida tanishtiruvchi begona shaxslardan qoʻngʻiroq boʻlishi, SMS-xabarnoma yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali turli xabarlarning kelib tushishi;

2. Turli sovgʻalar gʻolibiga aylanish, sizning foydangizga har qanday mablagʻlarni oʻtkazib berish yoki tovar va xizmatlarni jozibador shartlarda sotib olish kabi goʻyoki juda foydali va kutilmagan imkoniyatlarning taklif etilishi;

3. Yutuqlarni keyinchalik bank kartasiga oʻtkazib berish sharti bilan turli xil soʻrovlar va lotereyalarda ishtirok etish taklif qilinishi;

4. Yutuqlarni qabul qilish yoki tovar va xizmatlar uchun toʻlovlarni amalga oshirish maqsadida turli mobil ilovalarni oʻrnatish yoki havolalar orqali bank kartangiz yohud shaxsiy maʼlumotlaringizni kiritish toʻgʻrisida takliflar berilishi;

5. Hisobvaragʻingizdagi pul mablagʻlari yoʻqolishi mumkinligi haqida qoʻrqitish va tezkor qaror qabul qilishga majburlovchi ruhiy bosim oʻtkazish holatlari;

6. Hisobingizga xatolik bilan pul mablagʻi oʻtkazib yuborilganligi va ushbu mablagʻlarni qaytarishni soʻrab qoʻngʻiroq qilish holatlari.

Yodda tuting!

Firibgarlar Sizga oʻylash uchun vaqt qoldirmaydi. Turli chalgʻituvchi gaplari bilan ayyorlarcha Sizdan oʻziga kerakli maʼlumotlarni olishga urinadi.

Shuning uchun ular “tuzogʻi”ga tushib qolishning oldini olish va mablagʻlaringiz xavfsizligini taʼminlash maqsadida Sizdan quyidagi tavsiyalarimizga amal qilishingizni soʻraymiz:

– Oʻzini bank, huquqni muhofaza qilish idorasi yoki biron savdo tashkiloti xodimi deb tanishtirgan notanish fuqarolardan qoʻngʻiroq boʻlganda, ularning soʻzlariga yoki koʻrsatmalariga amal qilishga shoshilmang va shaxsiy maʼlumotlaringizni oshkor qilmang. Yaxshisi, suhbatni tugating va qoʻngʻiroq qiluvchilar aytgan tashkilot bilan qayta bogʻlanib, ular tomonidan sizga berilgan maʼlumotlarning toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekaniga aniqlik kiriting;

– har qanday sharoitda ham bank kartangiz toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (karta raqami, PIN-kod, bank kartasining old qismi rasmlari) hamda oʻz shaxsiy maʼlumotlaringizni begona fuqarolarga oshkor qilmang va yubormang;

– oʻzingizga tegishli boʻlgan bank kartasi maʼlumotlarini ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilmang;

– maxfiy maʼlumotlarni kiritishingiz, roʻyxatdan oʻtishingiz kerak boʻlgan saytlarda HTTPS:// prefiksi mavjudligini tekshiring;

– agar tashkilotlarning sayti yoki sahifasi haqiqiyligiga shubha qilsangiz, ushbu tashkilot bilan bogʻlaning va maʼlumotlarga aniqlik kiriting;

– imzolanadigan barcha hujjatlarni diqqat bilan oʻqing, koʻrsatilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligini qayta tekshiring;

– ushbu oddiy tavsiyalarni yoshi ulugʻ qarindoshlaringiz va oʻsmirlarga tushuntirib boring.

Bank Axborot xizmati

 





Другие новости

04.12.2024 17:34:06
O‘zsanoatqurilishbank ko‘magida Forish tumanida yirik uzum plantatsiyasi barpo etilmoqda

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida 100 gektarlik yirik uzum plantatsiyasi barp ...

03.12.2024 21:35:51
AQSHda ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zbekiston” biznes-forumi o‘tkazildi

Joriy yilning 2-dekabr kuni Pensilvaniya shtati (AQSH)da ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zb ...


Дата последнего обновления: 18.04.2023 14:09  
up