Все Кредиты
Bugungi kunda Oʻzsanoatqurilishbank xizmatlari kirib bormagan hudud topilmaydi. Moliya muassasasi oʻz missiyasiga muvofiq, aholi uchun manfaatli xizmatlar, yangiliklar, yengilliklar yaratmoqda. Bankning Surxondaryo viloyatidagi hududiy tarmoqlari faoliyati bilan tanishtirish maqsadida tashkil qilingan press-turda jurnalistlar buning guvohi boʻlishdi.
Viloyatda Oʻzsanoatqurilishbankning hududiy boshqarmasidan tashqari beshta xizmatlar ofisi va markazi faoliyat yuritadi. Yigirmaga yaqin chakana amaliyotlar kassasi, 28 ta kunu tun ishlovchi shoxobchalari xalqimiz xizmatida. 150 nafar malakali xodim tomonidan bir kunda oʻrtacha toʻrt mingga yaqin mijoz qarshi olinib, ularning talab va istaklari doirasida xizmat koʻrsatiladi.
Press-turning dastlabki kunida ommaviy axborot vositalari vakillari 2023-yilning sentyabr oyida faoliyat boshlagan “Sunsit medical clinic” koʻp tarmoqli diagnostika va davolash klinikasiga tashrif buyurdi.
Termiz shahrida joylashgan tibbiyot muassasasi urologiya, nevrologiya ginekologiya, kardiologiya, stomatologiya kabi sohaning muhim yoʻnalishlariga ixtisoslashgan. U yerda, shuningdek, bemorlar uchun lazerli, manual, ozona va fizioterpiya boʻyicha kunduzgi statsionar tarzida davolash va muolaja amaliyotlari amalga oshiriladi.
– Albatta, viloyatimizga mana shunday zamonaviy klinikalar zarur edi, – deydi “Sunsit medical clinic” masʼuliyati cheklangan jamiyati ish boshqaruvchisi, nevrolog shifokor Musurmon Koʻcharov. – Ekologik oʻzgarishlar sabab kasalliklar turi koʻpaydi. Baʼzi hollarda yaqinlarimiz dardiga davo izlab, poytaxtga, hatto xorijiy davlatlarga chiqib kelishga toʻgʻri keldi. Shuning uchun ukam ikkimiz tibbiyot oliygohlarini tamomlagach, otam (ular ham shifokor) boshchiligida oilaviy tibbiy muassasasini ochishga kirishdik.
Darhaqiqat, yurtimizda sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirish, xususiy tibbiyot muassasalarining aholiga yuqori sifatli tibbiy xizmatlar koʻrsatishi, xorijdan investitsiyalar va yuqori malakali mutaxassislar jalb etishida keng shart-sharoitlar yaratilgan. Chetdan tibbiy texnologik uskunalar keltirishi uchun soliq, bojxona va kredit imtiyozlari berilgan.
Taʼkidlanishicha, “Sunsit medical clinic” klinikasida zamonaviy laboratoriyani barpo etish va boshqa zarur jihozlarni xarid qilish uchun 2,5 mlrd. soʻm mablagʻ sarf qilingan. Ushbu mablagʻlar Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan imtiyozli ravishda ajratilgan.
Ayni paytda tibbiy muassasada magnit stimulyasiyasi, multispiral kompyuter tomografiyasi, EKG, UZI, dopler, skrining singari ultratovush apparatlari kabi tezkor diagnostika uskunalaridan bir kunda 100-150ga yaqin bemorlar tekshiruvdan oʻtmoqda.
Viloyatdagi boshqa klinikalardan ustunligi esa, bemorlarni tashxislash va davolashda rossiyalik mutaxassislarning jalb qilinganidir.
– “Sunsit medical clinic” taklif qilayotgan tibbiy xizmatlar, sharoitlar, shifokorlar malakasi shaxsan menga juda maʼqul keldi, – deydi bemorlardan biri Muhammad Abdumalikov. – Bejiz toʻgʻri tashxis – yarim davo, deyilmas ekan. Meni koʻp yillardan buyon bosh ogʻrigʻi qiynab kelayotgandi. Bu yerda aniqlangn tashxis boʻyicha 2 oy toʻliq muolaja oldim. Natijada darddan butunlay xаlos boʻldim.
Aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror taʼminlash, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha strategik jihatdan maqsadli hamda izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Denov tumanidagi “Denov oltin don” masʼuliyati cheklangan jamiyati mana shunday imkoniyatlardan foydalangan holda voha aholisiga sifatli un mahsulotlarini yetkazib bermoqda.
Press-tur ishtirokchilari mazkur korxonada ham boʻlib, u yerda bankning moliyaviy madadi bilan Turkiyadan keltirilgan un ishlab chiqaruvchi ikki turdagi tegirmonlarning oʻziga xos xususiyatlari hamda qadoqlash va saqlash sexlaridagi sharoitlar bilan tanishdi.
– Bir kecha-kunduzda 120 tonna bugʻdoyni qayta ishlayapmiz, – deydi “Denov oltin don” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Panji Mirzayev. – Buning uchun 60ga yaqin ishchi mehnat qilmoqda. Joriy yilgi rejamiz non va non mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyib, shu tarzda faoliyatimizni kengaytirib borishdan iboratdir.
Press-tur dasturiga koʻra, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi faoliyatiga bagʻishlangan matbuot anjumani ham oʻtkazildi.
Unda muassasaning hudud ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tutgan oʻrni moliyalashtirilgan loyihalar, qurilish materiallari sohasidagi turli tashkiliy va amaliy ishlar hamda eng talabgir bank mahsulotlari misolida namoyish etildi.
Bank Axborot xizmati
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga xorijiy maslahatchi sifatida Germaniyaning Drezden texnika universi ...
9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Ochiq e ...
...