Все Кредиты
Joriy yilning 10-iyul kuni Oʻzsanoatqurilishbank Bosh ofisida Italiyaning “SENINI” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda 2023-2026-yillarda qurilish bloklari, pardozbop, yoʻlak va keramik plitkalar ishlab chiqarish boʻyicha umumiy hajmi 17 mln. yevrolik loyihani amalga oshirish yuzasidan muzokaralar olib borildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 7-9-iyun kunlari Italiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish, sohada jahon talablariga javob beradigan sifatli, energiyatejamkor hamda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida qator kompaniyalar bilan oʻzaro bitim tuzildi.
Jumladan, Italiyaning “SENINI” kompaniyasi bilan hamkorlikda qurilish bloklari, pardozbop, yoʻlak va keramik plitkalar ishlab chiqarishga qaratilgan quvvati 15 million kv. metrni tashkil etuvchi loyihani tatbiq etishga kelishilgan edi.
“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv raisi – Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha kengash raisi Saxi Annaklichev hamda “SENINI” kompaniyasi prezidenti Massimo Senini boshchiligida oʻtkazilgan uchrashuvda dastlab Oʻzbekistondagi investitsiyaviy muhit, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, soliq va bojxona imtiyozlari xususida maʼlumot berildi.
Loyihaning ahamiyati, xom ashyo va tannarx masalalari, qoʻshimcha moliyaviy resurslarni jalb qilish imkoniyatlari haqida muzokaralar olib borildi.
Qayd etilganidek, loyihani amalga oshirish natijasida Toshkent viloyatida ishlab chiqarish korxonalari soni yana bittaga koʻpayadi, hudud aholisining 100dan ziyodi ish bilan taʼminlanadi. Buning uchun “SENINI” kompaniyasi soʻnggi avlod “yashil” texnologiyalarini yetkazib beradi.
Joriy yilning aprel oyida xom ashyo namunalari laboratoriya sinovlaridan oʻtkazilishi uchun Italiyaga yuborilgan edi. Ular xorijiy kompaniya tomonidan oʻrganilganda barcha sifat koʻrsatkichlariga toʻliq mos kelishi aniqlandi. Bu bilan, shuningdek, loyihaning mahalliylashtirish darajasi yuqori ekanligi tasdiqlandi.
Taʼkidlash joiz, qurilish materiallari sanoatida Italiya davlati bilan aloqalar yildan-yilga oʻsib bormoqda. 2021-yilda eksport borasidagi koʻrsatkichlar 438 mln. dollarni tashkil qilgan boʻlsa, oʻtgan yili bu raqam
173 mln. dollarga oshdi (611 mln. dollar). Mahsulotlar namenklaturasi bazalt tolasi, PVX profillari va metall buyumlarni oʻz ichiga oladi.
Maʼlumot uchun. “SENINI” kompaniyasi 1960-yilda tashkil etilgan. Uning tasarrufida 7 ta korxona mavjud boʻlib, yiliga jami 1 mln. kv. metrlik blok va yoʻlak plitkalar ishlab chiqariladi. Yillik aylanmasi 14,6 mln. yevroga teng. Texnologiyalari atrof-muhitga mutloqo zararsiz “nou-xau”lardan iborat.
Bank Axborot xizmati
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga xorijiy maslahatchi sifatida Germaniyaning Drezden texnika universi ...
9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Ochiq e ...
...