Yangiliklar

Nukusda Oʻzsanoatqurilishbankning yangi binosi ochildi


16.07.2023 10:00

Nukusda Oʻzsanoatqurilishbankning yangi binosi ochildi

Joriy yilning 15-iyul kuni Nukus shahrida Oʻzsanoatqurilishbank xizmatlar ofisining yangi binosi ochilishi boʻlib oʻtdi. Unda bank rahbariyati, mijozlari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Prezidentimizning 2020-yil 12-maydagi “2020-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonida banklarning hududlarga kirib borishini kengaytirish va barcha aholi punktlarida bir xil turdagi xizmatlar koʻrsatilishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha vazifalar belgilangan.

Oʻzsanoatqurilishbank tizimida transformatsiya jarayonlarida ushbu topshiriqlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, zamonaviy xizmat va mahsulotlar joriy qilindi, ixcham tarmoqlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi, mijozbay ishlash tizimiga oʻtildi. Ilgʻor bank texnologiyalari asosida esa, bularning barchasi mijozlarga soddalashtirilgan tarzda taqdim etilmoqda.

Bugungi kunda Qoraqalpogʻistonda muassasaning xalq xizmatida boʻlgan 1 ta Bank xizmatlari ofisi, 5 ta Bank xizmatlari markazi, oʻnga yaqin oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish shoxobchalari (24/7) ana shunday xalqaro standartlarda faoliyat yuritmoqda.

Nukus shahrida qad rostlagan Bank xizmatlari ofisi ham zamonaviy arxitekturasi, bejirim interyer va dizayni hamda ilgʻor va koʻrkam jihozlari bilan mahalliy aholi, jumladan mijozlar ruhiyatiga oʻzgacha koʻtarinkilik baxsh etmoqda.

– Onlayn bank xizmatlari xohish va ehtiyojimiz darajasida, lekin shunga qaramay bankka kelib mutaxassislar bilan hammaslaklikda ishlashning oʻz oʻrni bor, – deydi “Kaypanovlar oilasi” korxonasi rahbari Azamat Kaypanov. – Sababi – xodimlar universal bilim va koʻnikmaga ega, ular bilan har bir suhbat qiymatli, moliyaviy bilimingizni oshiradi. Qolaversa, bank binolaridagi sharoitlar juda qulay, baxri dilingiz yayraydi.

Yangi tarmoq shaharning markaziy koʻchalaridan birida joylashgan. Maydoni 3 gektardan ziyod, 3 qavatdan iborat. Shundan 1 qavati bevosita mijozlarga xizmat koʻrsatuvchi front ofis sifatida ajratilgan. Yuqori qavatlar esa, bankning Qoraqalpogʻiston hududiy maʼmuriyati hisoblanadi.

Birinchi qavatda odatdagidek, mijozlarni kutib olib, mutaxassislarga yoʻnaltiruvchi resepshn xizmati tashkil etilgan.

Yuridik va jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatuvchi 16 nafar shaxsiy va universal menejerlar jamoasi shakllantirilgan. 4 ta universal, 4 servis menejer va 6 ta ixtisoslashgan kassalar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Binoning yonida 24/7 shoxobchasi ham ochilgan.

Bolalar burchagi, yuzga yaqin fondga ega kutubxona hamda mijozlarni ichimliklar bilan taʼminlovchi “Sofeemat” uskunasi tashrif buyuruvchilar xizmatiga shay.

Bundan tashqari, yangi binoda xodimlar uchun ham qulay sharoitlar yaratilgan. Ilgʻor kompyuter uskunalari avtomatlashtirilgan tizimga ulangan, kassa apparatlarining eng soʻnggi rusumi xarid qilingan. Shaxmat-shashka va tennis stollari tashkil etilgan.

Eʼtiborlisi, bino toʻliq “yashil” bank mezonlari asosida qurilib, ishlab chiqarish jarayonlari ham shunga muvofiqlashtirilgan. Xususan, bino tom qismiga quvvati 65 kVt boʻlgan quyosh paneli oʻrnatilgan. Ular yordamida yiliga 70 ming kVt soat muqobil elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 32 mln. soʻm iqtisod qilinishi koʻzda tutilgan.

Shuningdek, bino va xonalar toʻliq svetodiod lampalari bilan taʼminlandi, harakatlanish datchiklari va sensorli kranlar oʻrnatildi, bino atrofiga manzarali va mevali daraxtlar oʻtkazildi, chiqindilarni saralash tizimi tashkil qilindi.

Ochilish marosimida soʻz olganlar bank tomonidan hududiy tarmoqlarni zamonaviy qiyofaga keltirib, xalqqa yaqinlashtirish maqsadida olib borilayotgan bu kabi saʼy-harakatlar uning nafaqat hudud iqtisodiyotini rivojlantirishga, balki mamlakatda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga, aholiga tezkor va sifatli xizmat koʻrsatishga, yuzlab yangi loyihalarni tatbiq etib, bandlik darajasini oshirishga hissa qoʻshayotganini taʼkidladi.

Bank Axborot xizmati





Другие новости

04.12.2024 17:34:06
O‘zsanoatqurilishbank ko‘magida Forish tumanida yirik uzum plantatsiyasi barpo etilmoqda

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida 100 gektarlik yirik uzum plantatsiyasi barp ...

03.12.2024 21:35:51
AQSHda ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zbekiston” biznes-forumi o‘tkazildi

Joriy yilning 2-dekabr kuni Pensilvaniya shtati (AQSH)da ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zb ...


Дата последнего обновления: 18.07.2023 10:01  
up