Yangiliklar

O‘ZBЕKISTONDAGI ILK YIG‘MA UYLAR


15.07.2024 11:00

O‘ZBЕKISTONDAGI ILK YIG‘MA UYLAR

O‘zsanoatqurilishbank O‘rta Osiyoda yagona loyiha – yig‘ma uylar qurilishiga hissa qo‘shdi 

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan jurnalistlar uchun Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi yig‘ma uy-joylar tayyorlovchi “Modern Sunny Home” korxonasiga press-tur tashkil etildi.

“O‘zbekiston – 2030 strategiyasi”da mahalliy xom ashyo bazasidan samarali foydalanish va ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoat hamda ishlab chiqarishni rivojlantirish, yangi-yangi loyihalarni ishga tushirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qator vazifalar belgilangan.photo_2024-07-15_10-59-29.jpg

Ana shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida O‘zsanoatqurilishbank mamlakatimizning turli hududlarida o‘zi xizmat ko‘rsatayotgan ko‘plab korxonalarga moliyaviy yordam bermoqda, ularning qator loyihalarini moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Qo‘rg‘ontepa tumanidagi yig‘ma uy-joylar tayyorlovchi “Modern Sunny Home” korxonasining moliyaviy qo‘llab-quvvatlanishi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlarga bir misoldir.

Turkiya kompaniyasi bilan hamkorlikda faoliyat olib borayotgan mazkur korxona yiliga ming dona yig‘ma uy-joy ishlab chiqarish quvvatiga ega. Umumiy qiymati 5 mln. 130 ming dollarga teng bo‘lgan innovatsion loyihani amalga oshirish uchun O‘zsanoatqurilishbank tomonidan 3 mln. 174 ming dollar miqdorida kredit ajratilgan.

Kredit hisobiga korxonaga Turkiya davlatidan zarur texnologiya va uskunalar olib kelinib, o‘rnatildi. Bugungi kunda jamoada 50 nafarga yaqin muhandis, ishchi va xizmatchilar faoliyat yuritmoqda.

– Korxonamiz arzon, sifatli yig‘ma uy-joy va boshqa turli binolar qurish bilan shug‘ullanayotgan Markaziy Osiyodagi yagona korxona hisoblanadi, – deydi “Modern Sunny Home” korxonasi rahbari Hayotbek Umrzaqov. – Yig‘ma yoki prefabrik uylar arzonligi, o‘ziga xos arxitekturasi, qurilishi an’anaviy uylarga nisbatan uch baravar tez tayyorlanadi va boshqa qator afzalliklarga ega.

Bundan tashqari, bunday uylar turli iqlim sharoitlariga moslashtirilishi, mobillik xususiyatlari bilan ham ajralib turadi. Ya’ni, yig‘ma uylarni tayyorlashda issiq, sovuq va ovozdan himoyalovchi qurilish materiallari tanlanadi. Uy egasi zarurat bo‘lganda uni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirishi mumkin.

Yengil va moslashuvchan qurilish materiallari hamda temir mahkamlagichlardan quriladigan binolar yog‘ingarchilik va tabiiy ofatlar, ayniqsa, zilzilaga bardoshlidir. Ular egiluvchan bo‘lib, qulash xavfi juda kam.

Faoliyat boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagan korxona mahsuloti yig‘ma uy-joy va boshqa yig‘ma inshootlar (vaqtinchalik ofis, yotoqxona, oshxona, savdo do‘konlari, hojatxona va boshqa) uchun nafaqat respublikamizdan, balki qo‘shni Qirg‘iziston, Qozog‘iston davlatlaridan ham buyurtmalar tushmoqda.

Shuningdek, yig‘ma uy-joylarning “yashil” mezonlarga mosligini ham alohida ta’kidlash kerak. Ya’ni ularni tayyorlashda ekologik toza, toksik bo‘lmagan qurilish materiallaridan foydalaniladi, quyosh panellari, yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlari bilan jihozlanadi. Bu, o‘z navbatida, yuzaga kelayotgan qurilish chiqindilarini sezilarli darajada kamaytiradi, elektr energiyasi va suvni tejash imkonini beradi.photo_2024-07-15_10-59-37.jpg

Press-tur davomida jurnalistlar korxona faoliyati, ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi, prefabrik uylarning o‘ziga xos jihatlari, afzalliklari, korxonaning kelgusidagi rejalari haqida ma’lumotlar oldi.

Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilarga O‘zsanoatqurilishbankning Andijon mintaqaviy Bank xizmatlari ofisi tomonidan xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ishlab chiqarish loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida ham keng ma’lumotlar berildi.

– Bankimiz tomonidan joriy yilning o‘tgan davri davomida viloyatdagi tadbirkorlik subyektlariga 214 mlrd. so‘m, jismoniy shaxslarga esa qariyb 65 mlrd. so‘m miqdorida kreditlar ajratildi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning Andijon mintaqaviy Bank xizmatlari ofisi boshqaruvchisi o‘rinbosari Otabek Azimov. – Ajratilgan kreditlar yangi-yangi loyihalarni ishga tushirish, korxonalarda ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, minglab yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilmoqda.

Xususan, Buloqboshi tumanidagi matolarni bo‘yash uchun foydalaniladigan jihoz va uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Molekular kimyo” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ajratilgan 4 mlrd. 850 mln. so‘m kredit hisobiga korxonaga Turkiya davlatidan zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari olib kelindi. Natijada korxona faoliyati yangi bosqichga ko‘tarildi, yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Shuningdek, bank mutaxassislari bank tomonidan yoshlar va ayollar biznesini qo‘llab-quvvatlash maqsadida fuqarolarga taklif etilayotgan “Yosh va ayol tadbirkor uchun” kredit liniyasi doirasida 5 yilga olti oylik imtiyozli davr bilan 100 ming dollargacha miqdorda kredit ajratilishi haqida ma’lumotlar berdi.

Bank Axborot xizmati





Другие новости

12.12.2024 17:09:40
O‘zsanoatqurilishbankda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi

9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Ochiq e ...

04.12.2024 17:34:06
O‘zsanoatqurilishbank ko‘magida Forish tumanida yirik uzum plantatsiyasi barpo etilmoqda

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida 100 gektarlik yirik uzum plantatsiyasi barp ...


Дата последнего обновления: 15.07.2024 11:48  
up