Oʻzsanoatqurilishbank aksiyadorlarining umumiy yigʻilishi boʻlib oʻtdi
30.06.2021 10:27
Joriy yilning 29-iyun kuni “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB aksiyadorlarining navbatdagi umumiy yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda yigʻilish kun tartibiga koʻra, bank faoliyatining asosiy yoʻnalishlari aks etgan 12 ta masala koʻrib chiqildi.
Yigʻilishda soʻzga chiqqan “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv Raisi S.Annaklichev 2020-yilda asosiy eʼtibor bankni transformatsiya qilishga, xususan 2020-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasiga asosan muassasani xususiylashtirish boʻyicha belgilangan vazifalarga muvofiq, bank faoliyatini mijozlarga yoʻnaltirish hamda uning investitsion jozibadorligini oshirishga birinchi darajali vazifa sifatida qaralganligini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, “Green banking” xizmatlarini tashkil qilishda maxsus texnolog, ekolog kabi mutaxassislar ishga olindi. Har bir biznes uchun yashil mahsulotlar joriy qilindi.
Kredit bloki faoliyatini yoʻlga qoʻyish ishlari yakuniga yetkazildi. Kreditlashning anderrayting tizimi ishga tushirildi.
Aholi uchun 58 turdagi xizmatlar mavjud boʻlgan yangi JOYDA mobil ilovasi va uning tarkibida marketpleys savdo maydonchasi ishga tushirildi.
Har bir yoʻnalish boʻyicha daromad va xarajatlarni aniqlash, ularni rejalashtirishni avtomatlashtirishga moʻljallangan Byudjetlashtirish dasturiy tizimining birinchi bosqichi ishga tushirildi. Tizim uchun maʼlumotlar bazasini yaratish ishlari yakunlandi.
“WAY4” platformasida VISA, Mastercard, UnionPay, JCB xalqaro toʻlov tizimlari kartalariga xizmat koʻrsatish va ularni muomalaga chiqarishga moʻljallangan yangi protsessing markazi ishga tushirildi.
Hisobotlar shakllantirishni avtomatlashtirish maqsadida DWH maʼlumotlar omborini tashkil qilish qariyb yakunlandi.
Yigʻilishda transformatsiya doirasida amalga oshirilgan ishlar karantin cheklovlariga qaramasdan salmoqli yutuqlarga erishish imkonini berganligi ham aytib oʻtildi.
2020-yilda bank tarixida ilk bor yuqori darajada, yaʼni 798 mlrd. soʻm sof foyda olinib, respublika banklari orasida 2-oʻringa sazovor boʻlindi.
Aktivlar rentabelligi xalqaro me’yorlarda belgilangan
1,5 foiz oʻrniga 1,9 foizni, kapital rentabelligi 12,1 foizni tashkil qildi.
Operatsion samaradorlik, yaʼni xarajatlarning daromadga nisbati koʻrsatkichi yanada yaxshilanib, 25,6 foizni tashkil qildi.
Mijozlarga 18,2 trln. soʻmlik kreditlar ajratildi.
Yigʻilishda aksiyadorlar Bankni 2021-2023-yillarda rivojlantirish strategiyasi doirasida belgilangan joriy yilgi rejalar bilan tanishtirildi.
Unga koʻra, 2021-yil soʻngiga qadar Bankning barcha filiallari ixcham sotuv kanallariga aylantiriladi. Mijozlarga moʻljallangan yangi CRM va kredit konveyer tizimlari, tadbirkorlar uchun “JOYDA Business” dasturi ishga tushiriladi. Yagona MFOga oʻtish amalga oshiriladi.
Xalqaro moliya korporatsiyasidan 75 mln. dollar, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot bankidan
50 mln. dollardan ustav kapitaliga konvertatsiya qilinadigan kredit liniyalari jalb qilinadi.
Bank sof foydasi 1,2 barobarga oshiriladi.
Yigʻilishda, shuningdek muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Bank Axborot xizmati
965
Другие новости