Yangiliklar

O‘zsanoatqurilishbank O‘zbekiston bazalt mahsulotlarini dunyoga tanitishda faol ishtirok etmoqda


18.04.2024 17:58

          Forish tumanidagi “Basalt Uzbekistan” klasteri mamlakatimiz og‘ir sanoati qudratini yuksaltirish, murakkab ish va iqlim sharoitlarida tabiiy boyliklarni samarali o‘zlashtirish hamda tarmoqni zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirishda muhim rol o‘ynamoqda.
          Joriy yilning 18-aprel kuni O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatiga uyushtirilgan press-turda ommaviy axborot vositalari vakillari klasterning bugungi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirildi.
          Prezidentimizning shu yil 8-9-aprel kunlari Jizzax viloyatiga amalga oshirgan tashriflarida birinchi manzil Forish tumanidagi “Basalt Uzbekistan” klasteri bo‘ldi. Korxona faoliyatini besh yil avvalgi holati bilan taqqoslab, yutuqlarini e’tirof etdi.
          Bazalt mahsulotlarining afzalliklarini tadbirkorlarga tushuntirish, ularning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish, shuningdek tashqi bozorga chiqishni yanada faollashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
         Ushbu yirik klasterga tamal toshini qo‘ygan ilk zavodda dastlab tog‘ bag‘ridagi toshlardan inson soch tolasidan 5 barobar ingichka bo‘lgan noyob bazalt kimyoviy tolasi ishlab chiqarila boshlangan.
          – Bazalt tolasi yuqori korroziyaviylik va kimyoviy chidamlilikka ega, temir mahsulotidan 50 foizga arzon, 4 baravar yengil va 3 baravar mustahkam, issiq va sovuqqa bardoshligi -250 gradusdan +850 gradusgacha bo‘lgan haroratni o‘z ichiga oladi, – deydi “Basalt Uzbekistan” kompaniyasi bosh direktori Azim Abdusattorov. – Shu bois mazkur xom ashyodan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar kommunal xo‘jaligi, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, neft-gaz va boshqa tarmoqlarda keng qo‘llaniladi.
          Bugungi kunda klaster tizimida 6 ta korxona faoliyat yuritadi. Ular Germaniya, Fransiya, Italiya, Chexiya kabi davlatlardan keltirilgan eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. 1 ming 700 dan ortiq kishini ish bilan ta’minlagan.
          Mutaxassislar fikriga ko‘ra, hamma toshdan ham bazalt tolasi chiqmaydi, sifatli mahsulot olish uchun xom ashyo juda yupqa kimyoviy birikmaga ega bo‘lishi zarur. Forish tumani Osmonsoy konidagi bazalt kareri ming yil oldin vulqon otilishi natijasida hosil bo‘lgan, yetilgan toshlardan tarkib topgani bilan ahamiyatlidir. Shuning uchun ham bunday tola ishlab chiqaruvchi zavodlar sanoqli. “Basalt Uzbekistan” – hozircha dunyo bo‘yicha beshinchi, Markaziy Osiyoda esa, yagona korxonadir.
          E’tiborlisi, loyihani ishga tushirishdan avval olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida ushbu konda umumiy bazalt toshlari mavjud maydon hajmi 5 mln. kubni tashkil etishi aniqlangan. Bu esa, korxonaning 10 asrga yetgulik xom ashyo zaxirasiga egaligini tasdiqlaydi.
          Bugungi kunda klaster tomonidan yiliga 177 ming tonna bazalt toshidan maxsus tola hamda direkt roving, fibra, armatura, kompozit geosetka, quvurlar, mato va issiqlik-izolyatsiya plitalari kabi 42 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. O‘tgan yili 45 ming tonna 554 mlrd. so‘mlik mahsulot tayyorlangan bo‘lib, ularning 80 foizi AQSH, Angliya, Polsha, Italiya, Chexiya, Gruziya, Rossiya, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi davlatlarga eksport qilingan.
          – Yevropa bozorlarini muvaffaqiyatli zabt etishimizda ikki muhim sabab bor, – deydi “Basalt Uzbekistan” kompaniyasi tijorat direktori Temur Mamadaminov. – Birinchisi – bu davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlovi ostidagi islohotlar samarasi. Ya’ni, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensiyalar dasturiga qabul qilinganidan so‘ng ko‘pgina eksportyor korxonalar qatori biz uchun ham dunyoning rivojlanlangan davlatlariga keng yo‘l ochildi. Mahsulotlarimiz boj to‘lovisiz eksport qilinmoqda. Keyingi sabab, har yili Fransiyada o‘tkaziladigan an’anaviy “Jec World” – qurilish materiallari va kimyoviy mahsulotlar namoyishiga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazmada qatnashib, kompaniya faoliyatini targ‘ib etish sa’y-harakatlaridir.
          Tadbirkorning ta’kidlashicha, Yevropa bozorlarida bazalt mahsulotlariga qo‘shimcha ta’rif berishga hojat yo‘q. Ular ushbu mahsulotning naqadar mustahkam va ekologik sofligini yaxshi tushunishar ekan. “Bizdan faqat sifat talab qilishadi, xolos”, deydi u. Bundan tashqari, xorijiy buyurtmachilar O‘zbekiston bazalti tarkibida yuqori qiymatli elementlar mavjudligini ilg‘ashgan. Shu bois oradagi masofa qanchalik olis bo‘lmasin AQSH, Angliya, Italiya kabi davlatlarga har oy mahsulot jo‘natilayotgani qayd etildi.
          Press-tur davomida jurnalist va blogerlar klasterga qarashli “Ecobasalt group” va “Geobasalt products” korxonalariga tashrif buyurib, O‘zsanoatqurilishbankning moliyaviy madadi bilan xarid qilingan ilg‘or texnologiyalar ishini kuzatdi. Mutaxassislardan mahalliy miqyosda bazaltni keng qo‘llash istiqbollari xususida fikr oldi.
          – Albatta, mahsulotlarimizdan o‘zimizda ham ko‘proq foydalanilishini istaymiz, – deydi “Basalt Uzbekistan” kompaniyasi bosh direktori Azim Abdusattorov. – Bu bilan xavfsizlik, tejamkorlik va atrof-muhit barqarorligini saqlashda yana bir muhim qadam qo‘yiladi. Shuning uchun loyihachi, quruvchi, umuman, bazalt mahsulotlarini ishlatuvchi soha vakillarini o‘qitishga qaratilgan ilmiy markaz tashkil etish niyatidamiz. Zero, bazalt mahsulotlarining afzalligi bilan ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘lmaydi, uni to‘g‘ri qo‘llash borasida ham yetarli bilim va ko‘nikma zarur.
          Shuningdek, kompaniyaning joriy yilgi rejalari qatoridan bozor talabidan kelib chiqib bazalt direkt roving va matosini ishlab chiqarishni kengaytirish ham o‘rin olgan. O‘zsanoatqurilishbank ko‘magida amalga oshiriluvchi loyiha kelgusi yil ishga tushadi. Natijada yiliga 25 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, uning 90 foizi eksportga yo‘naltiriladi. 400 ta ish o‘rni yaratiladi.
          Press-tur doirasida OAV xodimlari uchun Jizzax bank xizmatlari ofisida brifing o‘tkazildi. Unda bankning viloyatdagi tarmoqlari tomonidan tumanlardagi tadbirkorlar muammolarini hal qilish va faoliyatini kengaytirish, bankka biriktirilgan mahallalardagi lider tadbirkorlar bilan izchil ishlab, ular orqali aholi daromadini oshirish va bandligini ta’minlashda olib borilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
          Moliyalashtirilayotgan loyihalar taqdimot qilindi. Joriy yilda yirik korxonalar hamda kichik va o‘rta biznes subyektlari loyihalariga jami 300 mlrd. so‘mlik kredit ajratilib, buning hisobiga 15 mingdan ziyod ish o‘rinlari yaratilishi ma’lum qilindi.
          Brifingdan so‘ng jurnalistlar bank ofisida mijozlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishtirildi.

https://youtu.be/txcWohhtwS0

img
img
img
img

Bank Axborot xizmati





Другие новости

13.12.2024 09:56:24
Germaniyalik olim qurilish materiallari sohasini rivojlantirishda xorijiy maslahatchi sifatida jalb etildi

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga xorijiy maslahatchi sifatida Germaniyaning Drezden texnika universi ...

12.12.2024 17:09:40
O‘zsanoatqurilishbankda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi

9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Ochiq e ...


Дата последнего обновления: 14.05.2024 14:33  
up