Yangiliklar

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan aholi daromadini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar sarhisobi


30.04.2024 17:11

Joriy yilning 30-aprel kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan tadbirkorlar bilan o‘tkazilayotgan uchrashuvlarda bildirilayotgan takliflarni o‘rganish, biznesini rivojlantirishda yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish hamda mahallalardagi lider tadbirkorlarning yangi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor iqtisodiyotni rivojlantirish, mahalliylashtirishni kengaytirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, eng asosiysi, mahallalarni ishsizlikdan holi hududga aylantirishda muhim rol o‘ynamoqda.

Bu borada Prezidentimizning shu yil 25-26-mart kunlari Namangan viloyatiga amalga oshirgan tashrifi doirasida hududlar ijtimoiy-iqtisodiy holatini yanada yaxshilash, xususan, Sayhunobod tajribasi asosida mahallabay ishlash, tomorqa va xonadonlardagi imkoniyatlardan foydalanib, aholi daromadlarini oshirish maqsadida bergan topshiriqlari dasturilamal bo‘lmoqda.

“Sayhunobod” tajribasi – amald

“Sayhunobod” tajribasini barcha hududlarga tatbiq etish maqsadida O‘zsanoatqurilishbank Boshqaruvidan iborat ishchi guruhi tomonidan viloyatlar, tumanlar va mahallalar 
kesimida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar tashkil qilinmoqda.

O‘tgan davr mobaynida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda barcha viloyatlarda o‘tkazilgan uchrashuvlarda 30 mingdan ziyod mijozlar hamda tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan aholi vakillari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi.

Ularda 2 400 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi.

 Xususan, biznes rejaga ko‘ra, texnologik uskuna yoki xom ashyo xarid qilish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish maqsadlariga kredit ajratish, mavjud kreditlari bo‘yicha to‘lov muddatini uzaytirish, kredit ta’minotlarini garovdan chiqarish va yangi loyihalarni amalga oshirish kabi masalalar o‘rganildi. 1350 ta masala hal etildi. Natijada mavjud ish o‘rinlari saqlab qolingan holda qo‘shimcha 14 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. 360 ta murojaat esa, bank rahbariyati nazoratiga olindi.

 Jumladan, Namangan viloyati Yangi Namangan tumani “Go‘zal” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “KADEER PARTS INDUSTRY” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari uchrashuvda korxonaning ishlab chiqarish quvvatini oshirish maqsadida moliyaviy ko‘mak so‘radi. Tadbirkor murojaatiga ko‘ra, Bank tomonidan qisqa muddatda 870 ming yevro miqdorida kredit mablag‘i ajratildi. Natijada korxona ishlab chiqarish quvvati 80 foizga yetkazilib, 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

 Qashqadaryolik tadbirkorlar bilan uchrashuvlar ham samarali kechdi. Xususan, Qarshi shahrida 200 ish o‘rniga ega ipak tolasi ishlab chiqaruvchi “Radiant Silk” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutasaddilarining Bankdan olgan krediti muddatini uzaytirish borasidagi so‘rovi ijobiy hal qilindi.

Muassasaga biriktirilgan Shahrisabz va Kasbi tumanlaridagi 29 ta mahallaning drayver yo‘nalishlaridan kelib chiqib “mahalla yettiligi” bilan birgalikda uyma-uy o‘rganishlar o‘tkazildi.

Natijada, 203 ta kam daromadli oilaning o‘z tomorqasidan tashqari, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik bilan shug‘ullanib, yillik daromadini 50-60 million so‘mga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.

Buning uchun mazkur oilalarga bank tomonidan jami 3 mlrd. 108 mln. so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.

Bank ko‘magida biznesga birinchi qadam

 Brifingda O‘zsanoatqurilishbank tomonidan mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, daromadini oshirish va yangi ish o‘rinlari tashkil qilish maqsadida taklif etilayotgan imtiyozli shartlardagi kredit mahsulotlari haqida ma’lumot taqdim etildi.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda ushbu yo‘nalishda 4 ta kredit paketi ishlab chiqilgan. Shundan “Biznesga birinchi qadam” kredit mahsuloti tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun tezkor kredit hisoblanib, milliy valyutada 5 mln. so‘mgacha, 12 oy muddatga, 3 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan taqdim etilmoqda.

 “Biznesga birinchi qadam 2” kredit mahsuloti esa, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga milliy valyutada 15 mln. so‘mgacha, 6 oygacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 36 oy muddatga ajratilmoqda.

Navbatdagi kredit mahsuloti mijozlarga “maqsadsiz” ravishda, 500 ming dollar ekvivalentigacha bo‘lgan miqdorda taklif etilmoqda. “Tezkor kredit” deb nomlangan ushbu kredit mahsuloti 36 oygacha bo‘lgan muddatga mijoz hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.

Shuningdek, imtiyozli “Mahalla tadbirkori” kredit mahsuloti O‘zsanoatqurilishbankka biriktirilgan mahallalardagi tadbirkorlarning ish o‘rni yaratishga qaratilgan loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilmoqda. Kreditning miqdori 300 mln. so‘mgacha bo‘lib, shundan 50 mln. so‘mgacha bo‘lgan qismi naqd ko‘rinishda taqdim etiladi. Muddati – 36 oygacha.

Joriy yilning 29-aprel holatiga ko‘ra, ushbu Bank mahsulotlaridan 7 mingga yaqin fuqaroga jami 73 milliard 224 million so‘m miqdorida kredit ajratildi.

Ko‘p ish o‘rni evaziga arzon kredit

Brifingda Prezidentimiz tomonidan joriy yil 3-aprelda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida aholi daromadlarini oshirishda ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha berilgan ko‘rsatmalar ijrosiga ham to‘xtalindi. Shu maqsadda joriy qilingan yangi “Tadbirkorga ko‘mak 2” kredit mahsuloti haqida ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, ushbu kredit foiz stavkasi mijoz yaratgan ish o‘rniga muvofiq pasaytirib boriladi. Xususan, 5 tadan 10 tagacha yangi ish o‘rni tashkil etilganda xorijiy valyutada yillik 13 foiz, milliy valyutada esa, yillik 26 foiz, 10 tadan 20 tagacha ish o‘rni barpo etgan taqdirda esa, xorijiy valyutada yillik 12,5 foiz, milliy valyutada yillik 25 foiz va shu tarzda ish o‘rinlari sonini oshirib borgan tadbirkorga qo‘shimcha yengilliklar berib boriladi.

Kredit bo‘yicha belgilangan eng past foiz stavkasi xorijiy valyutada 8 foiz, milliy valyutada 18 foiz bo‘lib, bunday imkoniyat 500 tadan 1000 tagacha va undan ortiq miqdorda bandlikni ta’minlagan tadbirkorlarga beriladi.

     https://youtu.be/lPSlu6etuN4

Bank Axborot xizmati





Другие новости

12.12.2024 17:09:40
O‘zsanoatqurilishbankda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi

9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Ochiq e ...

04.12.2024 17:34:06
O‘zsanoatqurilishbank ko‘magida Forish tumanida yirik uzum plantatsiyasi barpo etilmoqda

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida 100 gektarlik yirik uzum plantatsiyasi barp ...


Дата последнего обновления: 30.04.2024 18:25  
up