Все Кредиты
Joriy yilning 14-aprel kuni Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari uchun Sirdaryo viloyatiga press-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlar Bankning moliyaviy koʻmagida ishga tushirilgan korxonalar faoliyati hamda mazkur hududda muassasa mijozlariga yaratilgan qulayliklar bilan tanishtirildi.
2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va doimiy daromad manbalarini shakllantirish uchun sharoitlar yaratish, xususiy sektorning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga va eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazish vazifasi belgilangan.
Bunda hududlarda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha mavjud tuzilmalar faoliyatini takomillashtirish, ilgʻor xorijiy tajriba asosida faktoring amaliyotini rivojlantirish, sharoiti “ogʻir” boʻlgan tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish masalalariga ustuvor ahamiyat berilgan.
Aytish joizki, Oʻzsanoatqurilishbank tizimida qariyb 4 yildan buyon olib borilayotgan xalqaro moliya bozoriga integratsiyalashuv saʼy-harakatlari tadbirkorlik subyektlariga xizmat koʻrsatishni tubdan takomillashtirdi.
Bankning barcha filiallari qatori Sirdaryo viloyati mintaqaviy filialida ham ushbu toifadagi mijozlarni 3 segmentga boʻlib, har biriga individual ravishda xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Bank xizmatlari va mahsulotlari ular uchun ham yakka tartibda, ham majmuaviy tarzda taklif etiladigan boʻldi.
Soha subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasida bank filiali tomonidan 2021-yilda 506,3 mlrd. soʻmlik kredit mablagʻlari ajratilib, natijada 1500 ga yaqin yangi ish oʻrinlari barpo etildi.
Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan OAV xodimlarini Sirdaryo viloyatidagi yangi ishlab chiqarish obyektlari bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan press-turda jurnalistlar ushbu korxonalarning bir nechtasiga tashrif buyurdi.
Ular dastlab Guliston shahridagi “MISS MILEDI” korxonasida boʻlib, trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik sex faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
– Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati respublikamiz iqtisodiyotining eng muhim yoʻnalishlaridan biri, – deydi “MISS MILEDI” MJ rahbari Nargizaxon Mallaboyeva. – Hukumatimiz tomonidan soha ishlab chiqaruvchilarining doimiy qoʻllab-quvvatlovi ostida korxonalar oʻrtasida kuchli raqobat vujudga kelgan. 12-yillik tajribaga ega “MISS MILEDI” mahsulotlarining nafaqat mahalliy, balki jahon bozorida oʻz xaridorlariga egaligi bizning ustunligimiz. Oʻtgan yili “Tashabbus-2021” koʻrik tanlovining viloyat bosqichida “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori” nominatsiyasi boʻyicha 1-oʻrinni qoʻlga kiritganimiz bizni yangi loyihaga qoʻl urishga undadi. Umumiy hajmi 4 mlrd. soʻmlik loyihamizning 50 foizi Oʻzsanoatqurilishbank kredit mablagʻlari hisobiga qoplanib, uni qisqa fursatda ishga tushirishga erishdik. Hozirda korxonamiz toʻla quvvatda ishlamoqda. Hududning 400 nafar xotin-qizini ishga jalb qilganmiz.
Press-turda jurnalistlar uchun keyingi manzil qizilmiya ildizini qazish va qayta ishlashga ixtisoslashgan “ORAL EKSPORT IMPEX” masʼuliyati cheklangan jamiyati boʻldi.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 21-apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida Bank tomonidan ajratilgan imtiyozli kredit hisobiga ish boshlagan mazkur korxonada 30 ta ish oʻrni barpo etilgan. Mahsulotlar 100 foiz eksportga yoʻnaltirilgan.
Press-tur davomida OAV xodimlari Guliston shahrida aholiga zamonaviy tibbiy xizmatlar koʻrsatib kelayotgan “ABROR UROLOGIYA KLINIKASI”ga ham tashrif buyurdi.
U yerda mehmonlarni jamiyat rahbari Quvondiq Bultekov qarshi olib, klinika faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi, Oʻzsanoatqurilishbank kredit mablagʻlari hisobiga chetdan keltirilgan ilgʻor tibbiy uskuna va jihozlar imkoniyatlarini bemorlar misolida koʻrsatib berdi.
Press-tur kun tartibiga koʻra, jurnalistlar uchun “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning Sirdaryo mintaqaviy filialida matbuot anjumani ham tashkil qilinib, unda muassasa faoliyatining 2021-yil yakunlariga bagʻishlangan taqdimot namoyish etildi.
Tadbirda qayd etilganidek, Bank tizimida olib borilgan transformatsiya jarayonlari uning mazkur filiali faoliyatida ham katta ijobiy oʻzgarishlar kuzatilishiga omil boʻldi.
Xususan, muassasa tomonidan kredit ajratish tezkorligi yuridik shaxslar uchun 3,1 barobarga va jismoniy shaxslar uchun 1,7 barobarga oshgan, bank mahsulotlari soni 1,5 barobarga koʻpayib, chakana mijozlar soni 4,2 barobarga oʻsgan.
2021-yil davomida kichik va oʻrta biznes subyektlariga kredit ajratish belgilangan rejadan 108 foizga, aholi boʻsh pullarini omonatlarga jalb qilish esa 183 foizga bajarilgan.
Matbuot anjumanida filial tomonidan mijozga yoʻnaltirilganlik tamoyili asosidagi ishlar faol davom etayotgani taʼkidlandi.
Tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida joriy yilning oʻtgan birinchi choragida 300,1 mlrd. soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilib, pirovardida, 20ga yaqin loyihalar ishga tushirilgan, mingdan ziyod yangi ish oʻrinlari tashkil etilgan.
Bank Axborot xizmati
...
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida 100 gektarlik yirik uzum plantatsiyasi barp ...
Joriy yilning 2-dekabr kuni Pensilvaniya shtati (AQSH)da ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zb ...