Yangiliklar

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan Toshkent viloyatiga press-tur tashkil etildi


21.07.2022 10:52

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan Toshkent viloyatiga press-tur tashkil etildi

Joriy yilning 20-iyul kuni Oʻzsanoatqurilishbankning Toshkent viloyati mintaqaviy bank xizmatlari ofisi (BXO)ga press-tur tashkil etildi. Unda ommaviy axborot vositalari (OAV) xodimlari mazkur muassasada transformatsiya ishlari bilan yaqindan tanishib, Bankning moliyaviy koʻmagida ishga tushirilgan korxonalarga tashrif buyurdi.

Prezidentimiz har doim “oʻzgarishlarni odamlar oʻz hayotida sezsin”, deya talab qoʻyadi. Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 11-iyulda boʻlib oʻtgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning hududlardagi natijadorligi tahliliga bagʻishlangan yigʻilishda ham hududlar, soha va tarmoqlar rivojining aholi hayotiga taʼsiri oʻrganilib, barcha islohotlarni pastdagi boʻgʻinlarga bogʻlagan holda, ularni avvalambor aholi farovonligini oshirishga qaratish lozimligi taʼkidlandi.

Aytish joizki, Oʻzsanoatqurilishbank tizimida xalqaro ekspertlar koʻmagida olib borilayotgan transformatsiya ishlarida zamonaviy, tezkor va sifatli xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyib, aholini rozi qilish, tadbirkorlar va mijozlarga har tomonlama qulay sharoit yaratish maqsadi koʻzda tutilgan.

– “Inson qadri uchun” tamoyili asosida mamlakatimiz bank tizimida ham katta islohotlar olib borilmoqda, – deydi Oʻzsanoatqurilishbankning Toshkent viloyati mintaqaviy bank xizmatlari ofisi rahbari Botir Davirov. – IT texnologiyalardan unumli foydalanish, samarali dasturiy mahsulotlarni yaratish va mijozlar bilan muloqotda raqobatbardoshlikni taʼminlashga alohida yondashilmoqda. Transformatsiya mahsulini qisqa va loʻnda qilib, hozirda barcha tarmoqlar boshqaruvi mintaqaviy BXO zimmasiga oʻtkazilgan holda, quyidagi bank xizmatlari markazlari (BXM) faqat mijozlar bilan ishlashga biriktirilganini, bank mahsulotlarini sotish bilan bogʻliq vazifalar markazlashtirilganini, mijozlarga individual xizmat koʻrsatuvchi menejerlar doirasi shakllantirilib, “mijozbay” ishlash tizimi yoʻlga qoʻyilganligini qayd etish mumkin.

Buning natijasida Bank mahsulotlari soni 1,5 barobarga koʻpaydi, kredit ajratish tezkorligi yuridik shaxslar uchun 2,6 barobarga, jismoniy shaxslar uchun 1,6 barobarga oshdi, chakana mijozlar soni 1,7 barobarga, xizmat koʻrsatish tezligi 1,5 barobarga oʻsdi.

Jurnalistlarni Bankning moliyaviy koʻmagida ishga tushirilgan loyihalar bilan tanishtirish maqsadida tashrif buyurilgan dastlabki manzil trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Yustex” korxonasi boʻldi.

Qibray tumani kichik sanoat zonasida joylashgan ushbu korxona hududdagi yirik ishlab chiqarish obyektlaridan biri sanaladi. U yerda 300 ish oʻrni yaratilgan, yiliga 6 million dona mahsulot ishlab chiqariladi.

Mazkur korxonaga ham Bank tomonidan texnologik uskunalar xarid qilish maqsadida moliyaviy koʻmak koʻrsatilgan. Shunda 10 mlrd. soʻmlik loyihaning 7 mlrd. soʻmi bank hisobidan qoplanib, kredit mablagʻlari Xitoy va Yevropa davlatlaridan ilgʻor toʻqimachilik majmuasini sotib olishga yoʻnaltirilgan.

Hozirda “Yustex” mahsulotlari Fransiya va Italiya davlatlariga eksport qilinadi. Bu borada yillik koʻrsatkich 12 mln. dollarga tengdir.

Qibray tumanidagi “Trans Servis Invest” korxonasi faoliyati ham jurnalistlarda katta qiziqish uygʻotdi.

Uch yildan buyon mahalliy va xorijiy bozorga ayollar va erkaklar hamda bolalar trikotaj mahsulotlarini yetkazib beryotgan ushbu korxona tomonidan “talab va taklif” tamoyillariga amalga qilingan holda Bank bilan navbatdagi yangi loyiha ustida ish olib borilayotgani maʼlum qilindi.

– Tadbirkorlik kishidan katta jurʼat talab qiladi, – deydi “Trans Servis Invest” korxonasi savdo va marketing boʻlimi boshligʻi Tohir Omonov. – Albatta, hisob-kitobingiz, xarajatingizga mos moliyaviy resursingiz boʻlishi ham shart. Bu borada yurtimizda juda koʻp imkoniyatlar berilmoqda. Masalan, bank kreditlari bilan biz kabi biznes vakillarining tugʻilgan rejalari qogʻozga tushar-tushmas, hayotga tatbiq qilinmoqda. Ayni paytda Oʻzsanoatqurilishbank bilan hamkorlikda “Trikotaj mahsulotlariga rang va bezak berish” mazmunidagi yangi loyiha ustida ish olib borayapmiz. U toʻliq ishga tushirilganda korxonaning yillik ishlab chiqarish hajmi 2200 tonnaga yetadi, eksport hajmi 600 ming dollarga ortadi.

Navbatdagi manzil Toshkent viloyati Qibray tumanidagi “ARENA RENT” korxonasi boʻldi.

Oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari hamda dori vositalarini saqlash uchun plastmassa idishlar ishlab chiqaruvchi ushbu korxonaning loyiha menejeri Ikromboy Jumanov mehmonlarni jarayon bilan tanishtirdi.

– Faoliyatimiz toʻliq avtomatlashtirilgan, – deydi Ikromboy Jumanov. – Bank tomonidan ajratilgan xorijiy kredit liniya hisobiga Xitoydan yirik texnologik majmua xarid qilib, katta ishlab chiqarishga qoʻl urdik. Hozirda buyurtmachilarga yiliga 2 mln. dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulot yetkazib berayapmiz.

Loyiha qiymati 3,5 mln. dollar hajmida. Yiliga 960 tonna har xil turdagi plastmassa idishlar ishlab chiqariladi. Korxona faoliyati avtomatlashtirilganiga qaramay, 30dan ortiq yigit-qiz ishga jalb qilingan.

Press-tur kun tartibiga koʻra, jurnalistlar uchun Toshkent viloyati mintaqaviy bank xizmatlari ofisida matbuot anjumani ham tashkil qilinib, unda BXO faoliyatining 2022-yil birinchi yarmidagi yakunlariga bagʻishlangan taqdimot namoyish etildi.

Qayd etilganidek, hisobot davrida muassasa jami daromadi belgilangan rejaga koʻra 123 foiz, aholi boʻsh pullarini omonatlarga jalb qilish 120 foizga bajarilgan. Sof foydasi qariyb 45 mlrd. soʻmga yetgan.

Kredit qoʻyilmalari 1 801,6 mlrd. soʻmni tashkil etib, bunda eng katta ulush sanoat tarmogʻi (qariyb 60 foiz)ga toʻgʻri kelgan.

Tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 231,3 mlrd. soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilib, pirovardida, 40ga yaqin loyihalar ishga tushirilgan, 375 dan ziyod yangi ish oʻrinlari tashkil etilgan.

Bank Axborot xizmati





Другие новости

13.12.2024 09:56:24
Germaniyalik olim qurilish materiallari sohasini rivojlantirishda xorijiy maslahatchi sifatida jalb etildi

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga xorijiy maslahatchi sifatida Germaniyaning Drezden texnika universi ...

12.12.2024 17:09:40
O‘zsanoatqurilishbankda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi

9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Ochiq e ...


Дата последнего обновления: 21.07.2022 10:53  
up