Все Кредиты
Joriy yilning 30-may kuni Oʻzsanoatqurilishbank va Oʻzbekiston Respublikasi Tabiat resurslari vazirligi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Bank rahbariyati, tegishli tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari hamda Tabiat resurslari vazirligi mutasaddilari ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2019-yil 4-oktyabrdagi “2019-2030-yillar davrida Oʻzbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarorida ishlab chiqarishni texnologik modernizatsiyalash va moliyaviy mexanizmlarni rivojlantirish orqali iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish vazifalari belgilangan.
Soʻnggi yillarda Oʻzsanoatqurilishbank tizimida ushbu strategiya ijrosi doirasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2012-yildan buyon Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki mablagʻlari hisobidan energiyasamarador loyihalar moliyalashtirib kelinmoqda. Bugungi kunga kelib, jami 235 ta loyihaga 291,6 mln. dollar miqdorida “yashil” kreditlar ajratildi. Natijada 763 ming MVt/soat elektr energiyasi, 17 ming kub. metr suv, 107 ming kub. metr tabiiy gaz iqtisod qilindi, tabiatga 326,4 ming tonna zararli chiqindilar chiqishining oldi olindi.
Oʻzsanoatqurilishbank va Tabiat resurslari vazirligi oʻrtasida imzolangan anglashuv memorandumida ham asosan ekologiya va atrof-muhit muhofazasi masalalarida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadi koʻzda tutildi.
Memorandum doirasida tomonlar qator ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha ish olib boradi. Jumladan, aholining ekologiya va atrof-muhit muhofazasi masalalari haqidagi xabardorligini oshirish maqsadida onlayn qoʻshma seminarlar, davra suhbatlari, ilmiy-amaliy anjumanlar hamda turli aksiyalar oʻtkazish, bu borada ekspertlar, tadqiqotchilar, mutaxassislar hamda maʼlumotlar almashinuvini tashkil etish belgilab olingan. Shuningdek, memorandumda boshqa yoʻnalishlarda ham qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish qayd etilgan.
Marosimda soʻz olgan “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv raisi oʻrinbosari Farrux Abdurahmanov aholi sonining muttasil ortib, sanoat industriyasi jadal rivojlanayotgan ayni davrda elektr energiyasi va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish zamon talabi ekanligini taʼkidladi.
– Bugungi kunda Bankimiz tomonidan resurslardan oqilona foydalanishni tashkil qilish yoʻlidagi islohotlarga qatʼiy bel bogʻlangan, – deydi F.Abduraxmanov. – Shu maqsadda Bank tizimida “yashil” bank ishi yoʻlga qoʻyildi.
Bunda Bank tomonidan loyihalarning ekologik va ijtimoiy jihatiga alohida eʼtibor qaratilib, energiya samarador va resurs tejovchi uskunalarga kredit ajratish faol qoʻllab-quvvatlanmoqda.
– “Yashil” bank tamoyilini joriy qilishda biz Xalqaro moliya korporatsiyasi ekspertlari hamda ekolog va texnik mutaxassislarni jalb qildik, – deydi “Green banking” departamenti direktori N. Xusanov. – Hozirda ular koʻmagida loyihalarning ekologik va ijtimoiy xavflarini baholash samarali kechmoqda. Buning uchun ichki meyoriy hujjatlar ishlab chiqildi, korporativ, kichik va oʻrta biznes hamda jismoniy shaxs maqomidagi mijozlari uchun “yashil” kredit mahsulotlari joriy qilindi. Xalqaro moliya institutlar va xorijiy banklardan jami 323,3 mln. dollar miqdorida kredit liniyalar jalb qilindi. Ushbu mablagʻlarning 143,2 mln. dollarlik qismi oʻzlashtirildi.
Bundan tashqari, Energetika vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Tarmoqlararo energiyani tejash jamgʻarmasi hisobidan aholiga kredit ajratish uchun 76 mlrd. soʻm hajmida liniya jalb qilindi. Shundan, quvvati 960 kVt.lik quyosh panellari uchun 385 ta aholi xonadoniga 10,8 mlrd. soʻm kredit mablagʻlari ajratildi.
Shuningdek, tadbirda Bank tizimida “yashil” bank tamoyillarini toʻliq joriy etish maqsadida chet el tajribasi yanada chuqur oʻrganilayotgani aytib oʻtildi.
Bank Axborot xizmati
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga xorijiy maslahatchi sifatida Germaniyaning Drezden texnika universi ...
9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Ochiq e ...
...