Qurilish materiallari sohasida zamonaviy laboratoriya barpo etiladi
06.03.2024 10:08
Joriy yilning 4-mart kuni “Oʼzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Oʼzsanoatqurilishbank hamda sohaga aloqador boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari Janubiy Koreya davlatiga tashrif buyurdi.
Mamlakatimizda qurilish materiallari sohasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy texnologiyalar, jumladan, ilgʼor laboratoriya majmualarini olib kelib, kaolin xom ashyosi hamda boshqa asosiy turdagi mahsulotlarni laboratoriya sinovlaridan oʼtkazish imkoniyatini yaratishga qaratilgan keng koʼlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Delegatsiya aʼzolari Koreya muvofiqlangan laboratoriyalari (KCL) tashkilotida boʼlib, qurilish materiallari sifati hamda sinov laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
“Oʼzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamda KCL oʼrtasida sinov laboratoriyasini tashkil etish boʼyicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Zamonaviy laboratoriya barpo etilgach, 30 dan oshiq qurilish materiallarining 300 ga yaqin sifat koʼrsatkichlari xalqaro standartlarda sinovdan oʼtkazilishi yoʼlga qoʼyiladi.
Maʼlumot uchun. KCL Janubiy Koreyaning qurilish materiallari va boshqa sohalarda sinov va sertifikatlash xizmatlarini taklif etuvchi nufuzli tashkilot sanaladi. Uning ushbu davlatda 20 ga yaqin sinov laboratoriyasi, dunyoning 6 ta davlatida vakolatxonasi, shuningdek, 30 mingga yaqin mijozlari va mingga yaqin yuqori malakali mutaxassislari mavjud.
Bank Axborot xizmati
415
Другие новости