SQB xodimlarining yashil bank yoʻnalishidagi taklif va tashabbuslari tinglandi
24.11.2022 17:24
Poytaxtimizdagi Yapon bogʻida Oʻzsanoatqurilishbankning mintaqaviy tarmoqlari xodimlari tomonidan yashil bank yoʻnalishidagi gʻoya va takliflar taqdimotiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Birlashgan millatlar tashkiloti (BMT), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) hamda Global yashil oʻsish instituti (Global Green Growth Institute) kabi xalqaro tashkilotlardan vakillar qatnashdi.
Oʻzsanoatqurilishbankda xizmatlar samaradorligini oshirish maqsadida xodimlar salohiyatidan foydalanish, ular tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish tizimi joriy qilindi.
Bu borada muhokama oʻtkazish uchun dastlabki mavzusi sifatida yashil bank (grin banking) yoʻnalishi tanlandi.
– Loyiham “SQB green startup” deb nomlanib, u Qoraqalpogʻistonda yashil hududlar koʻlamini kengaytirishga qaratilgan, – deydi "Oʻzsanoatqurilishbank" ATB Qoraqalpogʻiston mintaqaviy boshqarmasi xodimi Venera Tursumoratova. – Hamkasblarimiz va xalqaro ekspertlar bilan muhokamalar jarayonda ushbu gʻoya yanada takomillashtirildi. Hayotga tatbiq etilsa, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimiz uchun yaxshi samara berishi qayd etildi.
– Tashkilotimiz oʻz nomiga koʻra yashil loyihalarni qoʻllab-quvvatlaydi, – deydi Global yashil oʻsish instituti tahlilchisi Juan Robalino. – Biz Qoraqalpogʻistondagi asosiy muammoga eʼtibor qaratib, bu borada mahalliy banklarga yordam beramiz. Ayni paytda reenaral.uz platformasini ishga tushirdik. Loyiha uchun 20 mln. dollar mablagʻ ajratilgan. Bunda SQB bilan yaqindan hamkorlik qilishga umid qilib qolamiz.
“Aqliy hujum” tarzida oʻtgan tadbir davomida bank xodimlari tomonidan 40ga yaqin gʻoya va takliflar bildirildi. Ularning aksariyati xalqaro ekspertlarda katta qiziqish uygʻotdi.
– Oʻzsanoatqurilishbankning ushbu tashabbusi mamlakatda nafaqat yashil bank, balki yashil iqtisodiyotni rivojlantirishga hissa qoʻshishda uning yetakchiligini, faollligini namoyon etadi, – dedi BMT Global shartnomasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Shohruh Poʻlatov. – Bankning yashil loyihalarni moliyalashtirishdan tashqari, orol dengizini saqlash, hududlarni koʻklamzorlashtirish, atrof-muhitni chiqindilardan tozalash, ishlab chiqarishda energiyasamaradorlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlari alohida eʼtiborga molikdir.
– Transformatsiya jarayonida ekologik va ijtimoiy xavflarni baholash, yashil loyihalar uchun resurslarni jalb qilish va moliyalashtirishga katta eʼtibor qaratilmoqda, – deydi "Oʻzsanoatqurilishbank" ATB “Green banking” departamenti boshqarma boshligʻi Bobur Sultonmurodov. – Bugungi kunda mazkur yoʻnalishni yanada rivojlantirish maqsadida tizimdagi xodimlar oʻrtasida “aqliy hujum” eʼlon qildik. Natijalar kutganimizdan yaxshi. Barcha tarmoqlarimizdan xodimlar faol qatnashib, oʻz hududlaridagi ekologik muammolarni oʻrtaga tashlash barobarida, ularni bartaraf etishda mavjud biznes imkoniyatlarni gʻoyalari bilan ilgari surdi.
Tadbirda oʻndan ortiq fikr va takliflar boʻyicha loyihalar ishlab chiqish va ularga mablagʻlarni jalb qilish masalalari koʻrib chiqildi.
Ushbu saʼy-harakatlar natijasida yaqin istiqbolda Oʻzsanoatqurilishbank yashil bank maqomiga ega boʻlishi taʼkidlandi.
Bank Axborot xizmati
679
Другие новости