Venada O‘zsanoatqurilishbank faoliyati taqdimot qilindi
16.01.2020 16:00
Joriy yilning 14-15 yanvar kunlari Vena shahrida (Avstriya) 25-Markaziy va Sharqiy Yevropa iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning ellikdan ortiq mamlakatidan mingdan ziyod yuqori nufuzli siyosatchilar, investorlar, bank-moliya sohasi vakillari hamda ishbilarmonlar ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi boshchiligidagi delegatsiya tarkibida O‘zbekistondagi yirik moliya muassasalari, shu jumladan, O‘zsanoatqurilishbank vakillari ham qatnashdi.
Euromoney Conferences tomonidan tashkil etilgan forumda dunyo moliya bozoridagi so‘nggi trendlar, dolzarb masalalar tahlil qilinib, turli tahdidlarni yengish va yangi imkoniyatlardan foydalanish yo‘llari panel muhokamalar tarzida o‘rganildi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlab o‘tkazilgan panel muhokamalari davomida O‘zsanoatqurilishbank Boshqaruv Raisining birinchi o‘rinbosari Orif Bo‘tayev tomonidan bankning o‘tgan davrdagi faoliyati natijalari hamda istiqboldagi rejalari haqida taqdimot qilindi.
“B2B” formatida o‘tkazilgan uchrashuvlar chog‘ida Citibank, Raiffeisen Bank, Credit Suisse, Unicredit, Erste Group, LBBW, OFID, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlari vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Bank Axborot xizmati
555
Другие новости