Все Кредиты
9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan “Ochiq eshiklar kuni” oʻtkazildi. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, tijorat banklari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tashkilot va muassasalarda korrupsiyaga qarshi kurashishda amalga oshirilayotgan tadbirlarga xolisona baho berish va ularning natijadorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
– Korrupsiyaga qarshi kurashda ochiqlik va shaffoflik muhim mezonlardan biri hisobladandi, – deydi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Boshqaruv raisi oʻrinbosari Shuhrat Yakubov. – Shu bois har yili Aksilkorrupsiya oyligi doirasida “Ochiq eshiklar kuni”ni tashkil etib, jamoatchilik oldida bank faoliyati ochiqligi, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashishda amalga oshirilayotgan ishlarning hisobdorligini taʼminlashga harakat qilamiz.
Tadbirda joriy yilda Oʻzsanoatqurilishbank tizimida korrupsiyaga qarshi menejment tizimi talablari doirasida olib borilgan ishlar boʻyicha axborot berildi.
Taʼkidlanganidek, Bank tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi xalqaro ISO 37001:2016 standarti talablariga muvofiqlashtirilgandan soʻng yangi natijalar va tashabbuslarga keng yoʻl ochildi.
Joriy yilning fevral oyida bankning ushbu gʻayriijtimoiy illatning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha faoliyati reyting natijalariga koʻra, “yaxshi” toifadagi tashkilot sifatida baholandi.
Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini baholash tizimi boʻyicha ham bank samaradorlik koʻrsatkichlari xuddi shu toifada eʼtirof etildi.
Bundan tashqari, bankning ushbu yoʻnalishdagi faoliyati tashqi kuzatuv audit tekshiruvidan oʻtkazilganda uning xalqaro andozalarga mosligi qayta tasdiqlandi.
– Joriy yilda xalqaro talablardan kelib chiqib 11 ta ichki me’yoriy hujjatga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi, 2 ta yangi hujjat qabul qilindi, – deydi “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Komplayens-nazorat departamenti boshqarma boshligʻi Shavkat Nizametdinov. – Tizimdagi barcha xodimlar malakasi oshirildi, ulardan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga muvofiqlik deklaratsiyalari qabul qilindi, manfaatlar toʻqnashuvi boʻyicha yigʻilgan deklaratsiyalar tahlil qilindi. Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida bankning ichki va tashqi muhiti oʻrganilib, korrupsiya xavf-xatarlari baholandi, bu borada ehtimoliy lavozimlar roʻyxati shakllantirildi. Aholining huquqiy ongi va maʼdaniyatini shakllantirish maqsadida ushbu illatga murosasiz munosabatni aks ettiruvchi targʻibot materiallari, jumladan, video va animatsion roliklar tayyorlanib, bank ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirildi.
Tadbirda tizim boʻyicha ichki tekshiruvlar natijalari ham ochiqlandi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan fikr almashildi.
Bank Axborot xizmati
Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida "O‘zsanoatqurilishbank"ning filiall ...
Joriy yilning 5-7-noyabr kunlari O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Prezidentimizning shu yil 5 iyundagi “O‘zbekis ...
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Adliya vazirligi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorli ...