Bank xodimlari “yashil” moliyalashtirish instrumentlari bilan tanishtirildi

Joriy yilning 3-avgust kuni “Oʻzsanoatqurilishbank” ATBning Fargʻona viloyatidagi “Qirguli” Bank xizmatlari markazida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (ETTB) bilan hamkorlikda “yashil” moliyalashtirish instrumentlariga bagʻishlangan seminar tashkil etildi. Unda Bankning Andijon, Fargʻona, Namangan viloyatlaridagi mintaqaviy Bank xizmatlari ofislari xodimlari mutaxassislari hamda mijozlari ishtirok etdi.
Seminarda dastlab Oʻzsanoatqurilishbank tizimida amalda boʻlgan “yashil” bank mahsulotlari afzalliklari xususida taqdimot namoyish etildi.
Shundan soʻng ishtirokchilarga YETTB tomonidan ajratilayotgan kichik va oʻrta biznes sohasini grantlar asosida qoʻllab-quvvatlash dasturi haqida batafsil maʼlumot berildi.
Bundan tashqari, YETTB ekspertlari tomonidan “yashil” kredit liniyasi doirasida loyihalarni moliyalashtirishda qoʻllaniluvchi “Yashil texnologiyalar selektori” (Green Technology Selector) bazasining ishlash tartibi tushuntirildi.
Maʼlumot uchun. YETTB Oʻzsanoatqurilishbankka Markaziy Osiyoda ilk “yashil bank”ni taʼsis etishda koʻmaklashayotgan xalqaro moliya instituti sanaladi. 2021-yilda “Green Economy Financing Facility” (GEFF) dasturi doirasida 25 mln. AQSH dollari miqdorida kredit liniyasi taqdim etildi. Ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik doirasida Oʻzsanoatqurilishbank ketma-ket ikki marta YETTBning “Yashil moliyalashtirish mezonlari boʻyicha yilning eng yaxshi bitimi” (Deal of the Year “Green Trade 2020-2021”) nominatsiyasida gʻolib boʻldi.
Joriy yil 27-iyul kuni YETTB tomonidan Oʻzsanoatqurilishbank aksiyalariga konvertatsiya qilish imkoniyati bilan 50 mln. AQSH dollari miqdorida kredit mablagʻlarini ajratish toʻgʻrisida bitimlar paketi imzolandi.

Bank Axborot xizmati




Дата последнего обновления: 04.08.2022 11:14  
up