Qurilish materiallari sanoatida xorijning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik kengaymoqda
26.09.2023 10:06
Joriy yilning 22-sentyabr kuni Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha Kengash raisi Saxi Annaklichev boshchiligidagi ishchi guruh Pekin shahrida “China National Building Material” (CNBM) korporatsiyasi mutasaddilari bilan qator amaliy uchrashuvlar oʻtkazdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan sanoatni rivojlantirishda yetakchi mamlakatlar tajribasini oʻzlashtirishga qaratilgan qator vazifalar belgilangan. Qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish boʻyicha Kengash tomonidan bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Nafaqat Xitoyda, balki dunyo qurilish materiallari sanoatida peshqadam kompaniyalardan biri hisoblangan “China National Building Material” korporatsiyasi bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar ham ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga boy boʻldi. Korporatsiya prezidenti, janob Rushan Vey Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholab, qurilish materiallari sanoatining jadal taraqqiy etayotgani koʻplab xorijiy investorlar kabi Xitoyda ham katta qiziqish bilan qaralayotganini urgʻuladi.
Ishchi guruh aʼzolari CNBM korporatsiyasi faoliyati, xususan, xom ashyo sifati, ishlab chiqarish va sinov-laboratoriya jarayonlari, kadrlar tayyorlash va ular salohiyatini oshirish borasidagi ishlar bilan tanishdi.
Qayd etish joiz, 40-yildan beri faoliyat koʻrsatayotgan CNBM korporatsiyasi qurilish materiallari ishlab chiqarishda dunyoda eng yirik kompaniyalar sirasiga kiradi. Yiliga 525 mln. tonna sement, 460 mln. tonna beton, 2,3 mln. tonna tolali shisha, 2,2 mlrd. metr kub gipsokarton ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Korporatsiya tarkibida, shuningdek, nafaqat qurilish materiallari ishlab chiqarish, balki sanoatning boshqa tarmoqlari uchun ham texnolog-muhandislar tayyorlashga ixtisoslashgan qurilish materiallari akademiyasi (China building materials academy) faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ilm dargohida sanoatda innovatsion loyihalarni ishlab chiqish hamda yangi texnologiyalarni yaratish ustida ham ilmiy-amaliy ish olib boriladi.
Xususan, ayni paytda tarkibida uglevodorodi kam boʻlgan sement (bino inshootlarning mustahkamligini oshiradi va uzoq yillar xizmat qilishini taʼminlaydi) ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ish olib borilayotgani taʼkidlandi.
Uchrashuvlar davomida CNBM korporatsiyasi va uning tarkibidagi “Jushi” Co., Ltd (shisha tolasidan keng foydalangan holda) kompaniyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirishga qaratilgan, hududlarda mavjud xom ashyo zaxiralaridan kelib chiqib, qator qoʻshma loyihalar, jumladan, yuqori markali sementning yangi turlari, beton, kompozit materiallari, kaolindan tayyor mahsulotlar, yuqori bosimga chidamli kompozit quvurlar hamda devorbop oʻtga chidamli kompozit panellar ishlab chiqarish singari loyihalarni amalga oshirishga kelishildi.
Shuningdek, Sidjou shahridagi “Sinoma Design And Research Institute Of Non-metallic Minerals Industry” Co., Ltd instituti bilan hamkorlik oʻrnatildi. 1959-yilda tashkil etilgan institut nometall foydali qazilmalarni tarkibini oʻrganish, ularni boyitish va yuqori sifatli, yangi turdagi, energiyatejamkor qurilish materiallari ishlab chiqarishda foydalanish boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradi hamda bino inshootlarni (maʼmuriy, turar joy va ishlab chiqarish binolari) loyihalashtirish xizmatini koʻrsatadi.
Jumladan, institutda sanoatda keng foydalaniladigan grafit, kaolin, bentonit, nefelin, kvars qumi, dala shpati, vollostonit va shu kabi 30 dan ortiq foydali qazilmalar tarkibini oʻrganish va boyitish boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi.
Bir soʻz bilan aytganda, CNBM korporatsiyasi bilan yoʻlga qoʻyilayotgan hamkorlik munosabatlari mamlakatimizda qurilish materiallari sanoatida xorijiy investitsiyalar koʻlamining oshishi, zamonaviy texnologiyalar, yangi bilim va koʻnikmalarning oʻzlashtirilishiga zamin yaratadi.
Bank Axborot xizmati
679
Другие новости