Joriy yilning 27-noyabr kuni Oʻzbekistonda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini targʻib qilishga bagʻishlangan birinchi ishchi uchrashuv boʻlib oʻtdi. BMT Global shartnomasi, “Chapter Zero Uzbekistan” dasturi, “Alkes Research” investitsiya va konsalting kompaniyasi hamda “Fanda” korporativ aloqa konsorsiumi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Oʻzsanoatqurilishbank vakillari ham ishtirok etdi.

Bugun butun jahon hamjamiyati iqlim oʻzgarishi tufayli yuzaga kelayotgan muammo va tahdidlarga javob topishga intilmoqda. Xususan, investorlar ham asosiy eʼtiborni kompaniyalar barqarorligiga qaratib, ishlab chiqarishda ESG tamoyillarini izchil tatbiq etishga kirishgan.

Bu, oʻz navbatida, xususiy sektorni faol rivojlantirayotgan, xorijiy sarmoyalarni jalb etayotgan, keng koʻlamli xususiylashtirish jarayonini boshdan kechirayotgan hamda bosqichma-bosqich “yashil iqtisodiyot”ga oʻtayotgan Oʻzbekiston uchun dolzarblik kasb etadi. 

Uchrashuvda ESG tamoyillarining biznes rivojiga taʼsiri, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ekologik va ijtimoiy xavflar hamda ularni minimallashtirish yoʻllari, kompaniyalarning investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan vositalar, shuningdek, ekologik biznesni rivojlantirishda “yashil” bank mahsulotlarining oʻrni va ahamiyati hamda Oʻzbekistonda ESG modelini rivojlantirish istiqbollari kabi masalalar muhokama qilindi.

Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan mamlakatda atrof-muhit va ekologik barqarorlikni taʼminlash borasida ilgari surilayotgan tashabbuslar haqida maʼlumot berildi.

Taʼkidlash joiz, bank tizimida Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki hamda Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda ESG tamoyillarini joriy etish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.



Bank Axborot xizmati




Oxirgi yangilanish sanasi: 29.11.2023 15:21  
up