Asiamoney Oʻzsanoatqurilishbankni "Oʻzbekistonning eng yaxshi banki" va "Eng yaxshi ESG bank” deb topdi

“Best Bank Awards 2022” toifasidagi yillik tanlov natijalariga koʻra, “Asiamoney” xalqaro moliyaviy nashri ekspertlari Oʻzsanoatqurilishbankni “Oʻzbekistonning eng yaxshi banki” va “Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv boʻyicha eng yaxshi bank” nominatsiyalari boʻyicha gʻolib deb topdi. “Asiamoney” mukofotlarini berish toʻgʻrisidagi qaror nashriyot muharriri boshchiligidagi nufuzli moliyaviy tahlilchilar tomonidan moliya tashkilotlari faoliyatini oʻrganish va mijozlar va hamkorlarning fikr-mulohazalari asosida qabul qilindi. Qayd etilishicha, bank Oʻzbekistonda mamlakatning eng yirik kredit tashkilotlaridan biri sanaladi. Soʻnggi yilda muassasa tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi mamlakat umumiy kredit bozorining 13,2 foizini tashkil etgan. Shuningdek, bank tizimida boshqa moliyaviy koʻrsatkichlar boʻyicha ijobiy oʻzgarishlar kuzatilgan. Aktivlar (bank sektoridagi umumiy aktivlar hajmining 12,7 foizi) va depozitlari oʻsishi (tizimdagi depozitlar umumiy hajmining 8,1 foizi) hamda foydaning oshishi (oʻtgan yilga nisbatan 125 foizga oʻsgan) shular jumlasidandir. Nashriyot tomonidan bankning Xalqaro moliya korporatsiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan mamlakat energetika tarmogʻini modernizatsiyalash, uning innovatsion va produktiv iqtisodiyotga oʻtish surʼatlarini jadallashtirish borasida “yashil” bankni rivojlantirish va ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv boʻyicha) prinsiplarini joriy etish boʻyicha olib borayotgan faoliyati yuqori baholangan. Bank istiqbolda “yashil” tarmoq rivojlanishini sarmoyaviy qoʻllab-quvvatlashni kengaytirishni rejalashtirgan, deyiladi xabarda. Xususan, turar-joy majmualari energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi maishiy texnikalarni xarid qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va chiqindini qayta ishlashga yoʻnaltirilgan dasturlarni moliyalashtirish kuchaytiriladi. Eslatib oʻtamiz, 2022-yilning 13-iyul kun London shahrida (Buyuk Britaniya) “Euromoney” nashriyoti tomonidan butun dunyoning eng yaxshi banklarini taqdirlash marosimi – “Euromoney Awards For Excellence” tadbiri oʻtkazilib, unda Oʻzsanoatkurilishbank “Oʻzbekistonning 2022-yildagi eng yaxshi banki” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib deb topildi. Maʼlumot uchun. “AsiaMoney” xalqaro moliya va biznesga ixtisoslashgan nufuzli nashr hisoblanadi. U 1989-yildan buyon “Euromoney Trading Limited” global media guruhi tomonidan chop etib kelinadi. Jurnal har yili Osiyo-Tinch okeani mintaqasining eng yaxshi moliyaviy institutlarini mukofotlab keladi.



Дата последнего обновления: 27.07.2022 10:07  
up