Davlat dasturlari ijrosi

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruv raisi o‘rinbosari Davron Umarovning Namangan viloyatida bankka biriktirilgan mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan murojaati


15.09.2024 18:31

Hurmatli hamyurtlar!

          Mamlakatimizda aholini tadbirkorlikka jalb qilib, ishsizlikni kamaytirish maqsadida ko‘plab iqtisodiy dasturlar amalga oshirilmoqda. “Sayhunobod”, “Uychi”, “Zarbdor” va “G‘ijduvon” tajribalari qo‘llanilmoqda.

          Ushbu islohotlarning mas’ul ijrochilari qatorida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

          Xususan, Prezidentimizning joriy yil 9-yanvardagi “2024-yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ishbilarmonlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hisobidan yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan o‘nga yaqin jozibador bank mahsulotlari ishlab chiqildi.

          “Biznesga birinchi qadam”, “Biznesga birinchi qadam – 2”, “Tadbirkorga ko‘mak”, “Yashil ish o‘rinlari”, “Mikro”, “Imkoniyat”, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis”, “Mahalla tadbirkori” kabilar shular sirasiga kiradi.

          Joriy yilning birinchi yarmida Namangan viloyatida bankka biriktirilgan 33 ta mahalladagi 277 ta xonadonga bog‘dorchilik, parrandachilik, asalarichilik, chorvachilik va issiqxona xo‘jaligi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha loyiha paketlari yetkazib berildi.

          Ularni tadbiq etish uchun 5,3 mlrd. so‘m hajmida kredit mablag‘lari ajratildi, 564 nafar aholi bandligi ta’minlandi.

          Davlatimiz rahbarining 2023-yil 14-sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra olib borilgan ishlar samarasida esa, 110 ta loyiha moliyaviy qo‘llab-quvvatlanib, 385 ta ish o‘rni barpo etildi.

          11,4 mlrd. so‘mlik kredit ajratish hisobiga 336 ta mikroloyiha amalga oshirildi. Natijada ushbu hududda 700dan ziyod aholi ish bilan ta’minlandi.

          “Biznesga birinchi qadam” va “Biznesga birinchi qadam – 2” kredit mahsulotlari bo‘yicha 422 nafar o‘zini o‘zi band qilgan fuqaroga 6,1 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lar ajratildi.

          Joylarda tashkil qilingan uchrashuvlarda 526 nafar tadbirkor ishtirok etdi. Ulardan kelib tushgan 26 ta murojaat ijobiy hal etilgan.

          Bankimiz tomonidan yil yakuniga qadar ushbu yo‘nalishdagi ishlar keng ko‘lamda davom ettiriladi.

          “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida bankka biriktirilgan har bir mahallada kamida 5 tadan loyihaga kredit mablag‘lari ajratiladi.

          Bundan tashqari, mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha 660 ta mikroloyiha amalga oshiriladi.

          Yirik korxonalarning yangi loyihalariga kredit ajratish asnosida esa qo‘shimcha 330dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

          Azizlar!

          So‘zim so‘ngida bankimiz tomonidan viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish, xususan, aholini tadbirkorlikka jalb qilib, ular daromadini oshirish, shuningdek, hudud ishbilarmonlarini qo‘llab-quvvatlash sa’y-harakatlari davomli ekanligini qayd etmoqchiman.

          E’tiboringiz uchun rahmat!





Другие новости


Дата последнего обновления: 19.09.2024 18:32  
up