Davlat dasturlari ijrosi

“O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruv raisi o‘rinbosari Sanjar Abduvalievning poytaxtimizda bankka biriktirilgan mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan murojaati


19.09.2024 18:24

Hurmatli hamyurtlar!

Mamlakatimizda aholini tadbirkorlikka jalb qilib, ishsizlikni kamaytirish maqsadida ko‘plab iqtisodiy dasturlar amalga oshirilmoqda. “Sayxunobod”, “Uychi”, “Zarbdor” va “G‘ijduvon” tajribalari qo‘llanilmoqda.

Ushbu islohotlarning mas’ul ijrochilari qatorida O‘zsanoatqurilishbank tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Prezidentimizning joriy yil 9-yanvardagi “2024-yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bank tomonidan ishbilarmonlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hisobidan yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan o‘nga yaqin jozibador bank mahsulotlari ishlab chiqildi.

“Biznesga birinchi qadam”, “Biznesga birinchi qadam – 2”, “Tadbirkorga ko‘mak”, “Yashil ish o‘rinlari”, “Mikro”, “Imkoniyat”, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis”, “Mahalla tadbirkori” kabilar shular sirasiga kiradi.

Joriy yilning birinchi yarmida Toshkent shahrida bankka biriktirilgan 155 ta mahallada joriy yilning birinchi yarim yilligida 621 ta xonadonga bog‘dorchilik, parrandachilik, asalarichilik, chorvachilik va issiqxona xo‘jaligi kabi yo‘nalishlar bo‘yicha loyiha paketlari yetkazib berildi.

Ularni tadbiq etish uchun 5 mlrd. so‘m hajmida kredit mablag‘lari ajratildi, 877 nafar aholi bandligi ta’minlandi.

Davlatimiz rahbarining 2023-yil 14-sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra olib borilgan ishlar samarasida esa, 404 ta loyiha moliyaviy qo‘llab-quvvatlanib, 1 414 ta ish o‘rni barpo etildi.

132,3 mlrd. so‘mlik kredit ajratish hisobiga 4 702 ta mikroloyiha amalga oshirildi. Natijada poytaxtimizda 10 273 nafar aholi ish bilan ta’minlandi.

“Biznesga birinchi qadam” va “Biznesga birinchi qadam – 2” kredit mahsulotlari bo‘yicha 2 624 nafar o‘zini o‘zi band qilgan fuqaroga qariyb 32 mlrd. so‘mga yaqin mablag‘lar ajratildi.

Joylarda tashkil qilingan uchrashuvlarda 7100dan ziyod tadbirkorlar ishtirok etdi. Ulardan kelib tushgan 801 ta murojaatning 794 tasi ijobiy hal etilib, qolgan qismi bank rahbariyati nazoratiga olindi.

Bankimiz tomonidan yil yakuniga qadar ushbu yo‘nalishdagi ishlar keng ko‘lamda davom ettiriladi.

“Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturi doirasida bankka biriktirilgan har bir mahallada kamida 5 tadan loyihaga kredit mablag‘lari ajratiladi.

Bundan tashqari, mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha 3100 ta mikroloyiha amalga oshiriladi.

Yirik korxonalarning yangi loyihalariga kredit ajratish asnosida esa qo‘shimcha 490 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Azizlar!

So‘zim so‘ngida bankimiz tomonidan poytaxtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish, xususan, aholini tadbirkorlikka jalb qilib, ular daromadini oshirish, shuningdek, hudud ishbilarmonlarini qo‘llab-quvvatlash sa’y-harakatlari davomli ekanligini qayd etmoqchiman.

 

E’tiboringiz uchun rahmat!





Другие новости


Дата последнего обновления: 19.09.2024 18:25  
up