SQBda gender tenglik

O‘zsanoatqurilishbank lider ayollari uchun xalqaro ta’lim dasturi ish boshladi


16.07.2024 09:30

Joriy yilning 15-iyul kuni O‘zsanoatqurilishbank va Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti o‘rtasida tuzilgan ta’lim va tajriba almashish sohasidagi hamkorlikka ko‘ra dastlabki o‘quv kurslariga start berildi. Bunda bankning “Lider ayollar” loyihasi ishtirokchilari ta’lim dasturining ilk tinglovchilari bo‘ldi.

2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda 2020-2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashga qaratilgan vazifalar belgilangan.

Shuningdek, Prezidentimizning 2022-yil 10-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, ayollarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayoti, xususan davlat organlari va muassasalar boshqaruvida ishtirokini faollashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan bu boradagi ishlar ilg‘or xorijiy tajribalarga tayanilgan holda zamonaviy ta’lim dasturlari asosida izchil amalga oshirilmoqda. Bunda bank rahbar xodimlari orasida xotin-qizlar doirasini kengaytirish hamda xorijiy yetakchi banklar faoliyatiga nisbatan raqobatbardosh bo‘lish maqsadi ko‘zda tutilgan.

Bankning Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti bilan imzolagan memorandumi asosida uch moduldan iborat “Inson kapitalini rivojlantirish loyihasi” ishlab chiqildi. Unda xodimlarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish hamda xorijiy davlatlarda amaliyot o‘tashi qamrab olingan.

Loyihaga muvofiq ta’lim dasturining ilk ishtirokchilari sifatida “Lider ayollar” tanlab olindi.

– Bugungi kunda O‘zsanoatqurilishbank tizimida 1,5 mingdan ziyod xotin-qizlar faoliyat yuritadi, bu umumiy xodimlarning taxminan 40 foizini, boshqaruv jamoasida esa, erkak rahbarlarga nisbatan 9 foizni tashkil qiladi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruv raisi o‘rinbosari Shuhrat Yakubov. – Bu ko‘rsatkich xalqaro menejment tizimi standartlariga javob bermaganligi bois tizimdagi xotin-qizlarda boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida “Lider ayollar” klubi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti bilan hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturiga ham birinchi navbatda jamoadagi xotin-qizlarni jalb qilganimiz bejiz emas. Bu ular o‘rtasida yangi iqtidor egalarini kashf qilish, salohiyatidan samarali foydalanish va boshqaruvda gender tenglikni ta’minlash kabi muhim vazifalar ijrosiga xizmat qiladi.

O‘quv dasturi loyihalarni boshqarish, biznes tahlili, bank mahsulotlarini muvaffaqiyatli sotish jarayonida muhim bo‘lgan marketing sirlari, liderlik (yumshoq ko‘nikmalar)ni shakllantirish va rivojlantirish kabi modullarni o‘z ichiga oladi.

Qo‘shma ta’lim dasturining dastlabki bosqichida bank rivojiga o‘z hissasini qo‘shib, hamkasblariga har tomonlama o‘rnak bo‘lib kelayotgan 50 nafar xotin-qiz tanlab olindi. Ular uchun yil davomida 3 ta sessiya o‘tilishi ko‘zda tutilgan.

O‘quv dasturlarini muvaffaqiyatli tugatgan ishtirokchilar xorijiy davlatlarda tajriba orttiradi hamda rahbarlik lavozimlariga tayinlanadi.

Bank Axborot xizmati





Другие новости

22.10.2024 10:20:04
O‘zsanoatqurilishbankda rahbar ayollar soni 30 foizga oshiriladi

Bu haqda “Lider ayol” loyihasining tantanali ochilish marosimida ma’lum qilindi. Lohiha SQB hamda Toshkent ...

13.02.2024 15:44:07
“Yil ayoli” hamda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovlari g‘oliblari aniqlandi

Joriy yilning 23-dekabr kuni O‘zbekiston Anjumanlar saroyida “Yil ayoli” hamda “Gender tenglik faoli” milliy tanlo ...

28.09.2023 11:09:30
Baxtli oila va muvaffaqiyatli biznes yuritish o'rtasidagi oqilona muvozanat

"SQB ayol xodimlarini rivojlantirish dasturi" doirasida dastur a'zolari uchun taniqli tadbirkor, "Business academy" mark ...


Дата последнего обновления: 16.07.2024 09:31  
up