“BMB AGRO PLUS”: investitsiya, innovatsiya va ijtimoiy barqarorlikka zamin yaratdi
12.05.2025 17:19
Joriy yilning 10-may kuni Jizzax viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan zamonaviy korxona – “BMB AGRO PLUS” MChJning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zsanoatqurilishbank rahbar xodimlari ham ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, tadbirkorlikni rivojlantirish –strategik muhim vazifa. Ana shunday yondashuv doirasida respublikamizning barcha hududlarida yangi-yangi loyihalar hayotga tadbiq etilmoqda.
Sharof Rashidov tumanida ish boshlagan “BMB AGRO PLUS” korxonasi ham ana shunday istiqbolli tashabbuslardan biridir. U BMB HOLDING tomonidan O‘zsanoatqurilishbankning moliyaviy ko‘magida tadbiq etildi.
“BMB AGRO PLUS” korxonasida yillik quvvati 120 ming tonnaga teng bo‘lgan chuqur qayta ishlash jarayonlari yo‘lga qo‘yildi. Italiya, Belgiya, Avstriya, Turkiya va Xitoy kabi mamlakatlardan keltirilgan ilg‘or texnologiyalar asosida meva va sabzavotlarni quritish, sublimatsiya qilish, shok va akustik usulida muzlatish, pyure, jem va tomat mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi.
Korxonada 1000 tonna mahsulotni saqlashga mo‘ljallangan muzlatgichlar, shuningdek, quyosh energiyasidan foydalanishga mo‘ljallangan “yashil energiya” yechimlari joriy etilgan.
Aytish joizki, O‘zsanoatqurilishbank barcha tarmoqlar qatori agrosanoatga ham alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Xususan, bugungi kunda ishlab chiqarishda katta salohiyatiga ega bo‘lgan BMB HOLDING bilan sheriklikda agrar tarmoqda qayta ishlash imkoniyatlarini kengaytirishga hissa qo‘shmoqda.
Xususan, jami qiymati 40,7 mln. AQSh dollariga teng “BMB AGRO PLUS” korxonasini barpo etish, jihozlash va to‘liq quvvatda ishga tushirish uchun bank tomonidan 16,6 mln. dollari miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi.
Ochilish marosimida so‘z olganlar O‘zsanoatqurilishbankning BMB HOLDING bilan sifatli va eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda qayta ishlashga qaratilgan hamkorlikdagi loyihalarining ijtimoiy ahamiyatiga ham to‘xtaldi. “BMB AGRO PLUS” korxonasining hududda 650 ta doimiy va 2 mingdan ziyod mavsumiy ish o‘rinlari paydo qilishga zamin yaratganini alohida ta’kidladi.
Bank axborot xizmati

747
Другие новости