Yangiliklar

Oʻzsanoatqurilishbank “Toshkent metallurgiya zavodi”ga press-tur uyushtirdi


15.03.2023 16:12

 Oʻzsanoatqurilishbank “Toshkent metallurgiya zavodi”ga press-tur uyushtirdi

Joriy yilning 14-mart kuni ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun Oʻzsanoatqurilishbank tomonidan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy natijalari bilan tanishtirish maqsadida poytaxtimizdagi “Toshkent metallurgiya zavodi” qoʻshma korxonasiga press-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlar bank koʻmagida ishga tushirilgan yangi liniya ishi bilan yaqindan tanishtirildi.

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarda yiliga 4 million tonna metall qoʻllanilmoqda. 2026-yilga borib esa, bu koʻrsatkich 6 million tonnaga yetishi kutilmoqda. Binobarin, metallga ketadigan xarajatlar ulushi uy-joy qurilishi tannarxida 15 foizni, mashinasozlikda 40 foizni tashkil qilmoqda.

Oʻzsanoatqurilishbank tizimida metallurgiya sanoatini jadal rivojlantirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalarga muvofiq ushbu yoʻnalishdagi loyihalar muvaffaqiyatli moliyalashtirib kelinmoqda.

“Toshkent metallurgiya zavodi”da amalga oshirilgan “rux va polimer qoplamali poʻlat mahsulotlar ishlab chiqarish” loyihasi shular jumlasidandir.

Qayd etish joiz, “Toshkent metallurgiya zavodi” mamlakatimizdagi eng yirik, zamonaviy sanoat korxonalaridan hisoblanadi. 49,7 gektar maydonga ega zavod qurilishi loyihasi Rossiyaning “Metprom” guruhi tomonidan amalga oshirildi. Bank krediti hisobiga Italiyaning ilgʻor texnologik uskunalari bilan jihozlandi. Hozirda bu yerda yiliga 500 ming tonna tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

– Ishlab chiqarish jarayoni toʻrt bosqichdan iborat, – deydi korxona bosh direktori Z. Toʻychiyev. – Birinchi bosqichda yoyilgan metall yuzasi turli zang va chiqindilardan tozalanadi, ikkinchi bosqichda esa prokatning qalinligi meyoriy holatga keltiriladi. Shundan soʻng, korroziyadan himoyalash maqsadida mahsulot yuzasi rux bilan qoplanadi. Ruxlangan metallprokat kimyoviy tozalanadi va koʻp qatlamli polimer qoplama surtish ishlari amalga oshiriladi. Qoplama nafaqat korroziya, namlik va quyoshdan himoyalovchi qatlam, balki dekorativ qatlam ham boʻlib, turli xil rang va teksturalar bilan bezatilgan.

Press-tur davomida loyiha mualliflari zavoddagi ishlab chiqarish jarayonlari ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan xalqaro meyorlarga toʻliq mos kelishini taʼkidladi.

Maʼlum qilinishicha, korxonada deyarli hech qanday chiqindi hosil boʻlmaydi. Ishlab chiqarishda ishlatiladigan suv maxsus filtrlar yordamida tozalanib, texnologik jarayonga qaytariladi. Zamonaviy liniya havoga chiquvchi chiqindilarni ham minimallashtirmoqda.

Zavod hududida, shuningdek, sifat boshqaruvi tizimi hamda markaziy laboratoriya ham faoliyat yuritadi. 900 dan ziyod ish oʻrni yaratilgan.

“Toshkent metallurgiya zavodi” mahsulotlarini qurilish sanoatida, xususan, metall koshinlar, havo quvurlari, sendvich panellar, yengil poʻlatdan yasalgan yupqa devorli konstruksiyalar ishlab chiqarishda keng foydalanilmoqda.

Zavodning ishga tushirilishi natijasida yiliga 350-400 mln. AQSH dollari miqdorida import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish koʻzda tutilgan.

 

Bank Axborot xizmati

 

Qoʻshimcha maʼlumotlar uchun:

78 120 45 00 (13-29)

90 934 07 16

 





Другие новости

04.12.2024 17:34:06
O‘zsanoatqurilishbank ko‘magida Forish tumanida yirik uzum plantatsiyasi barpo etilmoqda

O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida 100 gektarlik yirik uzum plantatsiyasi barp ...

03.12.2024 21:35:51
AQSHda ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zbekiston” biznes-forumi o‘tkazildi

Joriy yilning 2-dekabr kuni Pensilvaniya shtati (AQSH)da ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zb ...


Дата последнего обновления: 15.03.2023 16:13  
up