Все Кредиты
Keyingi paytlarda aholi oʻrtasida bank kartalari yoki kredit xizmatlari bilan bogʻliq firibgarlik holatlari koʻp uchramoqda. Bunday firibgarliklar nafaqat shaxs moddiy qimmatliklariga, balki bank obroʻsining qadrsizlanishiga, aholining bank xizmatlariga boʻlgan ishonchi susayishiga, alal-oqibat esa, jiddiy moddiy va maʼnaviy zararlarga omil boʻlmoqda.
Moliyaviy savodxonlik taʼlim dasturi doirasida “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB Komplayens-nazorat departamenti direktori oʻrinbosari Abdunazar Roʻziqulov bank faoliyatiga oid firibgarlik turlari, ulardan himoyalanish usullari hamda tizimda firibgarlikka qarshi kurashish saʼy-harakatlari haqida kengroq maʼlumot berdi.
– Firibgarlik tushunchasi oʻzganing mulki yoki mulkka boʻlgan huquqini aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan qoʻlga kiritish demakdir.
Bank faoliyatida firibgarlik asosan fuqarolarning plastik kartalar va omonatlarida saqlanadigan hamda kredit shaklida olingan mablagʻlarini aldov yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan noqonuniy qoʻlga kiritish tushuniladi.
Sohada firibgarlik moliyaviy, texnologik, kredit va ichki firibgarlik turlariga boʻlinadi.
Bunda moliyaviy firibgarlik mijozlar yoki bank mablagʻlarini noqonuniy qoʻlga kiritish, shuningdek, bank ichki maʼlumotlarini sotish bilan bogʻliq turli sxemalarni oʻz ichiga oladi. Mijozlar hisobraqamlaridan mablagʻlarni noqonuniy chiqim qilish, valyuta kursini oʻzgartirish yoki noqonuniy daromad olish uchun bank siriga oid maʼlumotlarini sotish bunday firibgarlikka misol boʻla oladi.
Raqamli texnologiyalar rivoji texnologik firibgarlikning ortishiga sabab boʻlmoqda. Firibgarlikning bu turida bank va mijoz haqidagi maʼlumotlarni hamda mablagʻlari va qimmatliklarini noqonuniy qoʻlga kiritish maqsadida turli tahdidlar (kiberhujum va fishing hujumlari) amalga oshiriladi.
Kredit firibgarligi eng keng tarqalgan tur hisoblanadi. Bu yolgʻon yoki notoʻgʻri taqdim etilgan maʼlumotlar asosida kredit olish, shuningdek, kredit majburiyatlarini toʻlashdan qochish saʼy-harakatlarini oʻz ichiga oladi.
Kredit firibgarligi turli shakllarda namoyon boʻlishi mumkin. Soxta qarz oluvchilardan foydalanish, qalbaki hujjatlarni taqdim etish yoki garovni ortiqcha baholash shular jumlasiga kiradi.
Bank xodimlarining bank yoki uning mijozlari hisobidan noqonuniy ravishda moddiy naf olishiga qaratilgan harakatlari esa ichki firibgarlik deyiladi.
Bank faoliyatida uchraydigan asosiy firibgarliklar mobil ilovalar hamda tovar yoki mol-mulklarni sotish va sotib olish bilan shugʻullanuvchi xususiy saytlar, toʻlovlari internet orqali bajariladigan boshqa xizmatlar orqali kelib chiqmoqda.
Shuningdek, aksariyat firibgarliklar odamlarning ijtimoiy holatiga psixologik taʼsir qilish, yaʼni ijtimoiy injeneriya orqali yuzaga kelmoqda. Ijtimoiy injeneriya jarayonida nishonga olingan shaxsga yaqin qarindoshi halokatga uchrab, shifoxonada yotqizilgani, uning hayotini saqlab qolish uchun esa katta miqdorda pul zarur ekanligi aytiladi. Bunday holatda inson kuchli stressga tushib oʻz kartasidan yirik miqdordagi pulni umuman notanish boʻlgan shaxs kartasiga oʻtkazib beradi. Firibgar esa boshqa shaxs nomiga ochilgan, noqonuniy qoʻlga kiritilgan kartalardan foydalanadi. Shu bois bunday karta egasi yoki firibgarni topish mutasaddilarga anchayin qiyinchilik tugʻdiradi.
Banklar tomonidan turli kibertahdidlar, jumladan, axborot vositalariga dasturiy zarar yetkazish, mijozlar hisobraqamlariga va ulardagi mablagʻlarga kirish ruxsatini noqonuniy qoʻlga kiritish kabi hujumlarga qarshi zarur choralar koʻrilmoqda. Axborot-kommunikatsiya vositalari zamonaviy himoya dasturi hamda texnikalari bilan taʼminlanmoqda, firibgarlik sodir boʻlganda xodimlar tomonidan mijoz hisobraqamini vaqtincha toʻxtatish boʻyicha tezkor ishlar amalga oshirilmoqda.
Umuman, firibgarliklarning oldini olishda ommaviy targʻibot ishlarining roli katta. Shuning uchun bank tomonidan aholini firibgarlik holatlaridan ogoh etish maqsadida ommaviy axborot vositalari hamda bank ijtimoiy tarmoqlari orqali muntazam ravishda targʻibot ishlari olib borilmoqda.
Bank Axborot xizmati
...
O‘zsanoatqurilishbank tomonidan Jizzax viloyatining Forish tumanida 100 gektarlik yirik uzum plantatsiyasi barp ...
Joriy yilning 2-dekabr kuni Pensilvaniya shtati (AQSH)da ilk bor qurilish materiallari sohasida “Amerika – O‘zb ...