Все Кредиты
Joriy yilning 12-mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zsanoatqurilishbank tizimida raqamli transformatsiya jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda bank mutasaddilari tomonidan ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar xususida batafsil ma’lumot berildi.
– Bank tizimida raqamli transformatsiya – bu moliya muassasasida zamonaviy moliyaviy texnologiyalar, dasturlar hamda ularni qo‘llashda bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlar kuchi bilan amalga oshiriluvchi harakatlar mujmuidir, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari A.Ergashev. – Prezidentimizning 2020-yil 12-maydagi “2020-2025-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni asosida muassasa faoliyatini isloh qilish jarayonidagi ishlarning salmoqli qismini raqamli transformatsiya egalladi. Xususan, 2022-2023-yillar davomida bank tomonidan axborot texnologiyalari (IT) infratuzilmasi mustahkamlandi, internet va mobil banking xizmatlari takomillashtirildi, yangi turdagi onlayn xizmat va mahsulotlar joriy qilindi.
Pirovardida, joriy yilning 1-mart holatiga ko‘ra, masofaviy bank xizmatlaridan foydalanuvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soni 34 mingdan ortdi. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan mahsulot va xizmatlar sotuvi 57 foizga oshdi. Tranzaksiyalar hajmi 2022-yilda 6,5 trln. so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, hisobot davriga kelib uning miqdori 25 trln. so‘mga yetdi.
– O‘tgan yilda “SQB Business” internet bank xizmati orqali bajarilgan amaliyotlar hajmi sezilarli darajada oshdi, bunga sabab uning mobil versiyasi ham ishga tushirilganidadir, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Raqamli biznes departamenti direktori Temur Norov. – Dastur foydalanish uchun qulay va sodda interfeysga ega, xavfsizlik jihatdan ham barcha talablarga javob beradi. Bugungi kunda platforma orqali mijozlar 24/7 rejimida barcha turdagi bank xizmatlaridan foydalanib, kundalik to‘lovlarni amalga oshirib kelmoqda. Unda depozit mablag‘larini to‘liq joylashtirish va boshqarish imkoni mavjud. “Buxgalteriya 1С” dasturi bilan integratsiya qilingani esa, mijozlarga qo‘shimcha qulayliklar tug‘dirmoqda.
Matbuot anjumanida “Joyda” mobil ilovasining yangilangan talqini, xususan, uni yanada sodda va jozibador ko‘rinishga keltirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar, onlayn bank xizmatlari va mahsulotlar bo‘yicha taqdimot namoyish etildi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yilda ilovadagi xizmatlar qatoriga uzoq muddatli kreditlar, onlayn indentifikatsiya, “Visa alias” (barcha davlatlarda telefon raqami orqali Visa kartalararo pul o‘tkazish), kredit karta, valyuta kurslari, avtoto‘lov xizmatlari, elektr energiya uchun kredit kabi xizmatlar kiritilgan.
Tadbirda kreditlash sohasida joriy qilingan CRM (Customer Relationship Management - Mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarni boshqarish) tizimi haqida alohida to‘xtalindi.
– Tizimda mijozlar bazasi va “kredit konveyer” dasturiy ta’minoti joy olgan, – deydi T. Norov. – Ular asosida kredit buyurtmalariga ishlov berish, kredit ajratish va uni qaytarish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan. “Kredit konveyer” dasturi garovlar reyestri, kredit byurosi, yuridik shaxslar reyestri kabi tashqi ma’lumot bazalari bilan integratsiya qilingan bo‘lib, bu mijoz so‘rovini o‘rganish jarayonini karrasiga tezlashtirmoqda.
Ayni paytda bank tomonidan “kredit konveyer” dasturiy ta’minoti jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatishda qo‘llanilmoqda. Buning hisobiga arizalarni ko‘rib chiqish vaqti 3 baravarga kamaygan, kredit mahsulotlarini sotish hajmi esa, 2,6 baravarga o‘sgan. Joriy yilda ushbu tizimni yuridik shaxs maqomidagi mijozlar uchun ham ishga tushirish rejalashtirilgan.
– Raqamli evolyutsiya davom etar ekan, faoliyatimizni ushbu jarayonga muvofiq rivojlantirib borish ustuvor vazifa bo‘lib qolaveradi, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Loyiha boshqaruvi ofisi rahbari Abdulaziz Majidov. – Bankning 2023-2027-yillarga mo‘ljallangan IT strategiyasiga ko‘ra aholi va tadbirkorlarga ko‘plab yangiliklar hozirlaganmiz. Xususan, joriy yilda “SQB Business” dasturida mijozlar uchun masofadan hisob raqamlar ochish, ish haqi va korporativ kartalarni onlayn rasmiylashtirish, yuridik shaxslarga onlayn kreditlar ajratish imkoniyatlari yaratiladi. Barcha xizmatlar peketi joylashtiriladi, xat-hujjatlar almashinuvi, kredit va nokredit mahsulotlar sotuvi yo‘lga qo‘yiladi. “Joyda” mobil ilovasidagi xizmatlar majmui esa, xalqaro bank kartalari orqali kontaksiz to‘lovlarni amalga oshirish, xalqaro pul o‘tkazmalari, QR to‘lovlar bilan boyitiladi. Xizmatlar uchun keshbeklar taklif etiladi. Bundan tashqari, har ikki dasturda barcha turdagi kreditlar sotuvi joriy qilinadi.
Anjumanda, shuningdek kibertahdidlar sharoitida mijozlarga xavfsiz va kafolatlangan xizmat ko‘rsatish maqsadida muhim qadamlar tashlangani ma’lum qilindi. Serverlar sig‘imi va ma’lumotlarni himoya qilish darajasini oshirishga qaratilgan bank IT tizimini yangilash va optimallashtirish kompleks ishlari olib borilayotgani qayd etildi.
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasiga xorijiy maslahatchi sifatida Germaniyaning Drezden texnika universi ...
9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zsanoatqurilishbank tomonidan “Ochiq e ...
...