
O‘zsanoatqurilishbank (SQB) moliya sektorida birinchilardan bo‘lib barcha binolarini xalqaro ekologik standartlar talablariga moslashtirishga erishdi. Bankning 39 ta xizmat ko‘rsatish ofisi va markaziga EDGE (Excellence in Design for Greater Efficiencies) sertifikati taqdim etildi.
Mamlakatimizda energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlar doirasida barcha sohalarga “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini faol joriy etish orqali 2026-yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 25 foizga, bino va inshootlar energiya samaradorligini 30 foizga oshirish choralari ko‘rilmoqda.
O‘zsanoatqurilishbank ham “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini amalda qo‘llayotgan yetakchi moliyaviy institutlardan biri sifatida o‘z tizimini butunlay “yashil” talablar asosida qayta tashkil etishga erishmoqda.
Xususan, bankning 39 ta xizmat ko‘rsatish ofisi va markazi binolariga xalqaro EDGE sertifikati taqdim etildi. Bu nafaqat bankning barcha obyektlarida energiya va resurs tejamkor texnologiyalar to‘liq joriy etilganini tasdiqlaydi, balki xalqaro standartlarga muvofiq ekologik samaradorlikka erishilganini ham ko‘rsatadi.
EDGE – dunyo miqyosida bino va inshootlarning ekologik va iqtisodiy samaradorligini baholashga mo‘ljallangan nufuzli standart bo‘lib, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, energiya va suv sarfini kamaytirish, shuningdek, qurilish jarayonida uglerod chiqindilarini minimallashtirishni talab qiladi.
SQB’da EDGE sertifikatlarini olish bo‘yicha ishlar 2023-yilda boshlangan bo‘lib, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) va Niderlandiyaning “HPBS B.V” atrof-muhit muhandisligi markazi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Bank 2024-yilning sentyabr oyida EDGE sertifikatini qo‘lga kiritgan O‘zbekistondagi ilk tijorat banki sifatida e’tirof etildi.
Sertifikatsiyalash jarayonida qurilish materiallaridan oqilona foydalanish, elektr energiyasi va suv sarfini kamaytirish kabi ko‘plab ko‘rsatkichlar chuqur tahlil qilindi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, bank binolarida uglerod izi hamda tabiiy resurslar sarfi sezilarli darajada kamaygani aniqlandi.
Jumladan, 2024-yilda O‘zsanoatqurilishbankning qator binolarida o‘rnatilgan quyosh panellari orqali 1,6 million kVt-soat “yashil” energiya ishlab chiqarildi. “O‘zgidroenergo” AJ orqali 5,65 million kVt-soat quvvatga ega bo‘lgan I-REC sertifikatiga ega qayta tiklanuvchi energiya ham bank tarmog‘iga jalb etildi.
Bank ushbu natijalar bilan cheklanib qolmasdan, joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha 90 kVt quyosh panellari o‘rnatishni, ISO 50001:2018 energiya menejmenti xalqaro sertifikatini olishni hamda mamlakat bo‘ylab aholi o‘rtasida energiya samaradorligi bo‘yicha targ‘ibot ishlarini amalga oshirishni rejalashtirgan.
Bundan tashqari, XMK mutaxassislari bilan hamkorlikda bank bino va inshootlarini EDGE Advanced – energiya samaradorligi 40 foiz va undan yuqori bo‘lgan darajaga olib chiqish bo‘yicha aniq rejalar belgilangan. 2025-yil yakuniga qadar 21 ta binoni qayta sertifikatlash rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, bank 2025-yil oxiriga qadar elektr energiyasi iste’molini 330 ming kVt, tabiiy gaz iste’molini esa 23 500 kub metrgacha kamaytirishni maqsad qilgan.
Ta’kidlash joizki, 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lgan ekologik barqarorlikni ta’minlashda SQB misolidagi tashabbuslar katta ahamiyatga ega. Bankning “yashil binolar” sari qo‘ygan qadamlari ham iqtisodiy, ham milliy darajadagi uzoqni ko‘zlagan, teran siyosiy va ijtimoiy ahamiyatga ega harakatdir.
Bank bu orqali nafaqat xizmat sifatini xalqaro mezonlarga olib chiqmoqda, balki mamlakatda “yashil moliyalashtirish” bozorini rivojlantirishda ham yetakchi o‘rinni egallamoqda.
#YangiRuhiyat
#TabiatniAsra
Bank axborot xizmati
SQBda milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan o‘ziga xos muhit hukm surmoqda. “Milliy liboslar kuni” munosabati b ...
2026-yil 1-apreldan boshlab ayrim to‘lovlar faqat naqd pulsiz shaklda – bank kartalari, mobil ilovalar va elektron tizim ...
Joriy yilning 26-fevral kuni O‘zsanoatqurilishbank (SQB) boshqaruvi hamda bank tizimida faoliyat ...

