All Credits
O‘zsanoatqurilishbank tizimida 2023-yil va joriy yilning birinchi yarmida ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar sarhisob qilindi.
ESG – atrof-muhit, ijtimoiy va korporativ boshqaruv tamoyillarini birlashtirgan strategik yondashuv. Bunda kompaniyalar o‘z manfaatlarini mijozlari, hamkorlari, xodimlari, umuman jamiyat manfaatlari bilan teng qo‘yib harakatlanadi.
Mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida ishlab chiqilgan 2019-2030-yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi kompaniyalarda ESG tamoyillarini joriy qilish ishlarini jadallashtirdi.
O‘zsanoatqurilishbankning global ekologik va ijtimoiy dasturlardagi ishtiroki 2018 yilda transformatsiya jarayonlarida boshlangan. Shundan buyon muassasani barqaror rivojlantirish maqsad va vazifalari ushbu umume’tirof etilayotgan standartlarga muvofiq takomillashtirib kelinmoqda.
Bugungi kunda bank tomonidan Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda xalqaro standartlarda ESG strategiyasi, ESG va barqaror rivojlanish hamda energiya siyosati, suvni tejash va chiqindilarni boshqarish tartiblari ishlab chiqilgan.
Mazkur tizim asosida ishlab chiqarishning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishga, energiya samaradorlikni ta’minlashga, tabiiy resurslarni tejash va uglerod chiqindilarini minimallashtirishga erishilmoqda.
Ijtimoiy yo‘nalishda xodimlarni har tomonlama rivojlantirish, ular uchun keng va teng sharoitlar yaratish, shuningdek jamoat loyihalarida faol qatnashib, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash borasida turli tashabbuslar ilgari surilmoqda.
Korporativ boshqaruv sohasida esa, bankda shaffoflik va javobgarlik tamoyillari mustahkamlandi. ESG standartlariga javob beradigan ichki siyosat va jarayonlar yangilandi.
Umuman, ESG tamoyillarining tadbiq etilishi bankni xalqaro moliya bozoriga integratsiya qilishda muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Ushbu tashabbus bankka xalqaro moliya maydonida o‘z mavqeini oshirish, xalqaro kapital bozorlarida qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish, xorijiy investorlar hamda kredit liniyalarini jalb qilishda o‘ziga xos ustuvorliklar berishi bilan ahamiyatlidir.
Moliyaviy resurslarni ko‘paytirish asnosida esa, bank mamlakatimizda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish va “yashil” o‘sishni ta’minlash borasidagi islohotlarda o‘z ishtirokini kuchaytiradi.
Bank Axborot xizmati